— Oilamizda ketma-ket o'lim bo'ldi. O'tgan yili ikki opam, yaqinda esa yana bir opam birin-ketin olamdan o'tishdi. Bizga ba'zi kishilar buni “o'lik chaqiribdi, xonadoningizda tez to'y qilib yuboringlar, irimi shunaqa”, deyishyapti. Lekin o'lgan odamning yili o'tmasidan to'y qilsak, qanday bo'larkan? Umuman, shunday irim bor-mi?
— Oilada ketma-ket o'lim bo'lishi Alloh taoloning irodasi bilan bo'ladi. “O'lik chaqirdi”, degan gap yo'q. Bu bid'at-xurofotdir. Shariatimizda o'lik chiqqan xonadonda bir yilgacha to'y qilib bo'lmaydi, degan gap ham yo'q. Vafot etgan odamning yaqinlari u uchun uch kun motam tutadilar. Faqat eri o'lgan ayol to'rt oy-u, o'n kun aza tutadi. Shunday ekan o'lik chiqqan xonadonda bir yil ichida to'y qilishga mone'lik yo'q. Ammo “To'y qilib yuborilsa, o'lik chiqishi to'xtaydi”, deb e'tiqod qilish iymonga futur etkazadi. Vallohu a'lam.
Muhammad Ayyub HOMIDOV
Marg‘ilon shahrida jahon tamadduni va islom ilm-faniga beqiyos hissa qo‘shgan mutafakkirlardan biri — Imom Burhoniddin Marg‘iloniy nomi bilan bog‘liq yangi ilmiy-ma’rifiy turizm markazi barpo etilmoqda. “Navro‘z” mahallasi hududida tashkil etilayotgan mazkur majmua nafaqat yurtimiz, balki xalqaro miqyosda ham ahamiyatga molik loyihalardan biri sifatida ko‘rilmoqda.
Bosh reja asosida qurilayotgan markazda Burhoniddin Marg‘oniy ilmiy-tadqiqot markazi, zamonaviy shaklda tashkillashtiriladigan muzey, milliy uslubda barpo etiladigan “Otabek va Kumush” uyi, sun’iy ko‘l, maqom teatri, gastronomiya va xizmat ko‘rsatish markazlari, savdo do‘konlari, mehmonxonalar hamda bozor infratuzilmasi nazarda tutilgan.
Mazkur qurilishlar kelajakda Marg‘ilon shahrining tarixiy, ilmiy va turizm salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi. Bu joy, shubhasiz, ziyorat va ilmiy tadqiqot maqsadida keluvchilar uchun ham jozibador maskanga aylanadi.
Shu kunlarda mazkur hududda qurilish ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda. Bugungi kunda ilmiy-tadqiqot markazi binosi bilan bir qatorda boshqa muhim inshootlarning ham qurilishi boshlangan.
Marg‘ilon shahrida faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar shahar bosh imom-xatibi Abdulfattoh domla Olimov boshchiligida majmua bilan yaqindan tanishish maqsadida obyektga bordilar.
Tashrif chog‘ida imom-xatiblar bu yerdagi qurilish ishlarining holati bilan tanishdilar, loyihalarning mazmun-mohiyati yuzasidan mas’ullardan ma’lumotlar olishdi.
Mazkur majmua nafaqat Marg‘ilon, balki Farg‘ona vodiysi hamda butun mamlakatimiz uchun muhim madaniy-ma’rifiy maskan bo‘lib, u kelajakda yoshlar tarbiyasi, diniy soha xodimlarining salohiyatini oshirish, milliy o‘zlikni anglash va qadriyatlarni asrash yo‘lida xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati