Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.
Sunnatni inkor etuvchi Qur'oniylar toifasi quyidagi buzuq da'volarni ilgari suradilar:
1. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning vazifalari Qur'onni etkazish, xolos. U zotning payg'ambarlik siymosi, ya'ni sunnatlari, ko'rsatmalari yo'q. Shuning uchun itoat faqat Qur'oni Karimga vojib, Payg'ambar alayhissalomga payg'ambarlik yuzasidan na sahobaga va na keyingi ummatga vojib.
2. Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamning irshodlari, ko'rsatmalari sahobalarga vojib bo'lgan, bizga vojib emas. Ya'ni Payg'ambar alayhissalomga itoat qilish u zotning davridagi sahobalargagina vojib bo'lgan, qolgan ummatlarga vojib bo'lmas.
3. Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamning ko'rsatmalari, irshodlari hammaga vojib edi, barcha ummatga vojib bo'lgan, biroq, hozirda bizgacha etib kelgan hadislar qobili e'timod emas, hujjat bo'lishga ishonchli emas. Sahih va ishonchli sanad bilan birorta hadis etib kelmagan.
1 – da'voga raddiya
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning vazifalari Qur'oni Karimni etkazish bilan cheklanmaydi, balki oyatlarning asl ma'nolarini tushuntirib berish, tafsir qilish, izohlash, to'la va mukammal, aniqrog'i mufassal ravishda anglatish – hammasi Payg'ambarimiz alayhissalom vazifalari bo'lgan. Bu vazifalar esa faqatgina hadislar orqali ado topadi. Biz Alloh taoloning oyatlarini to'la, mukammal va mufassal tushunishimiz uchun hadislarga muhtojmiz.
«(Biz payg'ambarlarni) hujjatlar va kitoblar bilan (yuborganmiz). Sizga esa odamlarga nozil qilingan (ma'lumotlar)ni bayon (tafsir) qilib berishingiz uchun va tafakkur qilsinlar, deb bu zikrni (Qur'onni) nozil qildik» (Nahl surasi, 44-oyat).
«Alloh o'z ichlaridan Allohning oyatlarini o'qib beradigan, ularni (shirk va gunohlardan) musaffo qiladigan hamda ularga Kitob va Hikmatni ta'lim beradigan Payg'ambarni yuborish bilan, mo'minlarga in'om etdi. Ular esa bundan oldin aniq gumrohlikda edilar» (Oli Imron surasi, 164-oyat).
Oyatdagi «Kitob»dan murod Qur'oni Karimdir, «Hikmat»dan maqsad esa hadisi shariflardir.
2 – da'vogaraddiya
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ko'rsatmalari faqatgina sahobalarga emas, balki butun ummat uchundir. Zero, Alloh taolo Nabiy alayhissalomni butun bashariyatga payg'ambar etib jo'natgan: «(Ey, Muhammad!) Biz Sizni (butun) olamlarga ayni rahmat qilib yuborganmiz» (Anbiyo surasi, 107-oyat).
3 – da'vogaraddiya
Alloh taolo O'zining kalomi Qur'oni Karimni saqlashga va'da bergan. Hadislar esa Qur'onning tafsiri, sharhi hisoblanadi. Huddi shuningdek, Alloh taolo hadislarning ham to Qiyomatga qadar ummati Muhammadga etib kelishini ta'minlagan.
Ibrohim Desai rahimahullohning
“Hadis ilmiga kirish”kitobidan
Davron NURMUHAMMAD tayyorladi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alloh taolo aytadi: "Ularni (Allohning) O‘zi ularga tanitgan jannatga kiritur" (Muhammad surasi, 6-oyat).
Imom Tabariy rahimahulloh: "Jannat ahli jannatdagi uylarini tanib olishadi. Hatto bir kishi jannatda o‘z uyiga dunyodagi uyiga kelgani kabi borib oladi", dedi.
Ibn Kasir rahmatullohi alayhi: "Ya’ni, ular jannatda o‘z manzillarini oson topadilar", dedi.
Imom Qurtubiy rahimahulloh: "Bu oyat mo‘minlarga berilgan ulug‘ bir mujdadir. Chunki dunyoda ular sabr qildilar, iymonlarini mustahkam tutdilar. Endi jannatda o‘z makonlarini Allohning hidoyati bilan osongina topadilar. Bu Allohning ularga lutfidir", dedi.
Alloh taolo mo‘minlar va taqvodorlarni O‘zi ularga tavsiflab, ta’riflab bergan jannatga kiritadi. Bu jannat ular uchun avvaldan tayyorlangan va ular unda o‘z manzillarini xuddi dunyodagi uylarini bilgandek, osongina topadilar.