Ya'qub alayhissalomning farzandi dedilar: “Ey otamiz! Bizlar ukamizni egan bo'rini sizga olib kelamiz”. Ya'qub alayhissalom: “Mayli”, dedilar. Vaholanki, ular bo'ri gapiradi deb o'ylamas edilar, buni bilganlarida bunday demagan bo'lardilar. Shu kabi banda ham qiyomat kuni gunohlarini inkor qiladi, Alloh taolo aytadi: “Menda sening zararingga ishonchli guvohlar bor: ikki farishta, zamon va makon hamda arkon (qilingan ishlar)”.
Ko'zlar qaradim deydi, qo'llar ushladim deydi, terilar suykaldim deydi, Jabbor (bo'lmish Alloh taolo) ko'rdim, deydi.
Ular otalarining huzuridan chiqdilar va qarigan, ozib-to'zib ketgan bir bo'rini ushladilar, uning tishlarini sindirib, zanjirga bog'lab, otalarining huzuriga olib keldilar. Ya'qub alayhissalom: “Ey bo'ri! O'n to'rt kechalik oydek porlab turgan yuzni eganingda naqadar yomon ish qilding! Yosh bolaga rahm etmading, uning keksa otasiga shafqat qilmading!” dedilar.
Shunda Alloh taolo bo'riga salomdan boshlangan nutq ato qildi. Bo'ri dedi: “Ey Allohning payg'ambari! Ogoh bo'lingki, payg'ambarlarning go'shtlari biz (jonzotlar)ga harom qilingan. Siz gumon qilgan narsadan men yiroqman. Allohga qasamki, men bilan farzandlaringiz orasida men haqimda aytilgan gaplar tuhmat va bo'htondir!”
So'ng Ya'qub alayhissalom dedilar: “Ey bo'ri! Yusuf alayhissalomdan biror xabaring bormi?” Bo'ri: “Ha”, dedi. “Bo'lmasa menga xabar ber”, dedilar. “Yo'q”, dedi bo'ri. “Nima uchun?” dedilar. Bo'ri dedi: “Or-nomusdan qo'rqaman, yo'qsa, bo'rilar meni chaqimchi deb nomlaydilar, chaqimchilik bizda or sanaladi”.
* * *
Janob Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: “Allohning huzurida odamlarning eng yomoni – odamlar orasida gap tashuvchilar, ayblovchilik qilib yuruvchilar hamda chaqimchilardir”.
Yana janob Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: “Mening shafoatim ota-onasiga oq (osiy) bo'lgan, mast qiluvchi ichimliklarni ichuvchi va sotuvchiga hamda chaqimchiga haromdir”.
Yana dedilar: “Kimki sultonning huzurida chaqimchilik qilsa, uch toifa kishining aybloviga yo'liqadi: birinchi – sultonning ayblovi, ikkinchi – chaqimchilik qilgan kishisining ayblovi, uchinchi – o'z-o'zining ayblovi”.
Janob Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: “Bir-biringizga dushmanlik qilmanglar, hasad qilmanglar, (yomon) laqab qo'ymanglar, shunda shafoatga muhtoj bo'lmay jannatga kirasizlar”.
Habarda keladiki, “Jannatda inson jinsidan va jinlar jinsidan boshqa etti narsa bo'ladi: Ya'qub alayhissalomning bo'rilari, Ashobi Kahfning itlari, Solih alayhissalomning tuyalari, Uzayr alayhissalomning eshaklari, Ashobi filning fillari, Ali roziyallohu anhuning duldul (ot)lari va Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning xachirlari”.
Ahmad G'AZZOLIYning “Bahrul mahabba” asaridan
Qo'qon shahar bosh imom-xatibi
Abdulmajid ISHOQOV tarjimasi
“Islom nuri” gazetasining 14-sonidan
Nukus shahridagi "Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy" o‘rta maxsus islom bilim yurti kichik sport maydonida "Sport - salomatlik garovi" shiori ostida musobaqa tashkil etildi.
Ushbu futbol musobaqasi qariyb ikki hafta davomida ko‘tarinki kayfiyatda, sog‘lom raqobat ruhida o‘tdi. Talabalar o‘z jamoalari bilan g‘alaba uchun kurashar ekan, o‘zaro hurmat, jamoaviylik va sportga bo‘lgan mehrini namoyon etdi. Bellashuvlarda har bir jamoa g‘alabaga munosib o‘yin namoyish etdi, tomoshabinlar esa har bir gol va harakatni qizg‘in olqishlar bilan kuzatib bordi.
Uch guruhda, jami 11 jamoa o‘yinlarda ishtirok etdi. Dastlabki o‘yinda A guruhidan, V guruhidan va S guruhidan g‘oliblar aniqlanib, keyingi bosqichga yo‘llanma oldi.
Yakuniga ko‘ra, 4-B kurs talabalaridan tuzilgan guruh 3-o‘rinni, 2-A kurs talabalaridan tuzilgan guruh 2-o‘rinni va 4-S kurs talabalaridan tuzilgan guruh 1-o‘rinni egalladi.
G‘olib jamoalar bilim yurti jamoasi tomonidan tayyorlangan diplom va sovg‘alar bilan taqdirlandi. Shuningdek, musobaqa davomida eng yaxshi darvozabon, eng yaxshi hujumchi, eng yaxshi o‘yinchilar aniqlanib, ular ham faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.
Musobaqa yakunida Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi B.Razov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining ijtimoiy va diniy tashkilotlar bo‘yicha kotibiyat mudiri J.Yusupov hamda bilim yurti mudiri J.Abdirazakovlar musobaqa ishtirokchilarini g‘alabalari bilan tabriklab, kelgusi o‘qishlarida muvaffaqiyatlar tiladi.