— Halqimiz orasida odamlarning “eshon”, “qoracha” degan toifalari bor. Ota-bobolarimiz: “Eshondan qiz olma, qiz berma”, deb kelishgan. Shu gaplar shariatimizda chindan ham bor-mi?
— Aslida tenglik dinga qarab bo'ladi. Musulmonlarning barchasi bir-birlariga tengdirlar. Ammo jumhur ulamolar nikohdagi tenglikka dindan boshqa nikoh ayblaridan salomat bo'lish, nasab va kasbga o'xshash narsalarni ham qo'shadilar. Chunki, odatda ushbu omillarga e'tibor bermaslik ko'pincha oilaning buzilishiga sabab bo'ladi. Lekin taraflar rozi bo'lsa, nikoh joiz bo'laveradi.
Sizning savolingizda kelgan eshon, qorachalardan qiz olib, qiz berib bo'lmasligi va uning oqibatlari haqidagi gaplar noto'g'ri. Vallohu a'lam!
Muhammad Ayyub HOMIDOV
Jidda shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro konferensiyada 140 ta davlatdan vazirlar, muftiylar, olimlar, ekspertlar, tadqiqotchilar, diplomatlar hamda haj safarlarini tashkil etishga mas’ul idoralar vakillari qatnashdi.
Anjuman doirasida Prezident maslahatchisi o‘rinbosari Muzaffar Komilov, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Saudiya Arabistonining vazirlik va tashkilotlari, soha mutaxassislari bilan uchrashuvlar o‘tkazib, haj safarlarini yuqori darajada uyushtirish borasidagi ilg‘or tajribalarni atroflicha o‘rgandi. Shu bilan birga, delegatsiya a’zolari haj mavsumiga tayyorgarlik jarayonlari, zamonaviy xizmatlar va yangi tartib-qoidalar bilan yaqindan tanishdi.
Anjumandagi suhbatlar, ekspertlar tavsiyalari, sohaviy seminar-treninglar va xorijiy delegatlar bilan tajriba almashish ishtirokchilar uchun amaliy ahamiyat kasb etdi. Shuningdek, 5 gektar joyni o‘z ichiga olgan yirik ko‘rgazma va amaliy uchrashuvlar esa mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlik yanada mustahkamlanishi, xizmatlar sifati va ziyoratchilar uchun qulayliklar darajasining oshishiga munosib xizmat qiladi.
Mazkur haj konferensiyasi beshinchi bor yirik xalqaro miqyosda o‘tkazildi. Anjuman innovatsion dasturlar, ilg‘or tashabbuslar, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanish, ziyoratlarni yuqori saviyada tashkil etishga oid bilimlarni oshirishda juda manfaatli bo‘ldi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati