— Halqimiz orasida odamlarning “eshon”, “qoracha” degan toifalari bor. Ota-bobolarimiz: “Eshondan qiz olma, qiz berma”, deb kelishgan. Shu gaplar shariatimizda chindan ham bor-mi?
— Aslida tenglik dinga qarab bo'ladi. Musulmonlarning barchasi bir-birlariga tengdirlar. Ammo jumhur ulamolar nikohdagi tenglikka dindan boshqa nikoh ayblaridan salomat bo'lish, nasab va kasbga o'xshash narsalarni ham qo'shadilar. Chunki, odatda ushbu omillarga e'tibor bermaslik ko'pincha oilaning buzilishiga sabab bo'ladi. Lekin taraflar rozi bo'lsa, nikoh joiz bo'laveradi.
Sizning savolingizda kelgan eshon, qorachalardan qiz olib, qiz berib bo'lmasligi va uning oqibatlari haqidagi gaplar noto'g'ri. Vallohu a'lam!
Muhammad Ayyub HOMIDOV
Er-xotin havonot bog‘ida yurardi. Maymunlar yonidan o‘tayotganlarida ayoli urg‘ochi maymunga parvona bo‘layotgan erkak maymunni ko‘rib:
– Qarang, qanday g‘amxo‘r, mehribon ekan, – dedi.
Eri unga bir jilmayib indamay qo‘yaqoldi.
Keyin ular sherlar qafasi yonidan o‘tishdi. Erkak sher bir chetda beparvo yotar, urg‘ochisi undan uzoqda edi. Ayol eriga yana:
– Qarang, anavi sher ayolidan uzoqda, loqayd yotibdi. Oilasiga g‘amxo‘r emas, shekilli, – dedi.
Shunda er ayoliga:
– Qani, urg‘ochi sherga biror narsa uloqtirib ko‘r-chi? – dedi.
Ayol bir kichkina cho‘pni urg‘ochi sherga qarata uloqtirdi. Shunda erkak sher tezda o‘rnidan turib, vajohat bilan ayolini himoya qilish uchun ayolga tomon yugurib qoldi. Uning vajohatidan qo‘rqib ketgan ayol erining ortiga o‘tib oldi. Er ayolini yetaklab maymunlar tomon yurdi va unga:
– Endi maymunlarga ham biror narsa uloqtir-chi? – dedi. Ayol yana bir cho‘pni olib achomlashib o‘tirgan maymunlarga qarata otdi. Shunda erkak maymun o‘zini jonini saqlash maqsadida daraxt tepasiga qarab qochib qoldi.
Erkak ayoliga qarab bunday dedi:
– Ko‘rdingmi, xotin, hamma narsa ham ko‘ringani kabi bo‘lavermaydi.
Darhaqiqat, ko‘pchilikni ko‘p narsalarning zohiri aldab qo‘yadi. Ammo ba’zan biz ko‘zimiz bilan ko‘rgan narsalar aslidan boshqacha bo‘lib chiqishi ham mumkin. Yolg‘on ko‘ringan narsa esa ba’zida rost bo‘lib chiqishi mumkin. Shunday ekan, xulosa qilishga shoshilmaylik.
Akbarshoh Rasulov