Har bir faslning o'z tarovati, jilosi bor. Qishning ziynati, bahorning betakrorligi, yozning tantiligiyu kuzning barakoti kishiga huzur baxsh etadi. Ayni paytda yurtimizda oltin kuz.
Qadimdan kuz pishiqchilik, mo'l hosilni yig'ish va sarflangan mehnat samarasini ko'rish mavsumi hisoblanadi. Ushbu faslda rizqu ro'zimiz va oq oltinimiz bo'lgan paxta terib olinadi. Yil bo'yi fermer va dehqonlarning tinimsiz mehnatlaridan etilgan hosilni yig'ishtiradigan payt keldi.
“Hashar elga yarashar” deganlaridek, har birimiz dalalardagi hosilni nobud qilmasdan yig'ish olishda munosib hissamizni qo'shishimiz kerak. Nuroniy otaxon va onaxonlar duoyu xayrlari va saxovatpeshalar esa beg'araz yordamlari bilan paxtakorlarga kamarbasta bo'lishlari maqsadga muvofiqdir.
Qur'oni karimda: «…Bas, xayrli (savobli) ishlarda bir-biringizdan o'zishga oshiqingiz…» deya marhamat qilingan (Moida surasi, 48-oyat).
Hadisi sharifda “Kishi daraxt yoki ekin eksa, Alloh taolo hosil mislicha uning nomai a'moliga ajru savob yozadi”, deyiladi (Imom Axmad rivoyati). Shu bois hosilni yig'ib olish mavsumini savob ishlar fasli deyilishi ham bejiz emas.
Dehqonning barakali kasbi tufayli xalqimiz dasturxoni to'kin bo'ladi. Mehnatsevar dehqonlarning yurt mo'l-ko'lligi va xalqimiz farovonligi yo'lida qilgan ezgu ishlarini Yaratganning o'zi yuksak mukofotlashini quyidagi oyatda ta'kidlab, bunday deydi: «Ezgu ish qilganlarga chiroyli narsa (jannat) va ziyodalik (Allohninng diydorini ko'rish) bordir» (Yunus surasi, 26-oyat).
Jannatmonand diyorimizning mehnatkash bobodehqonlari, mirishkor bog'bonlari, serg'ayrat fermerlarimiz va qishloqlarimizdagi tinim bilmas barcha mehnatkashlar yig'im-terim mavsumiga jiddiy hozirlik ko'rishdi. Ular imon-e'tiqod va ixlos bilan Yaratgandan hosillarga qut-baraka so'ramokdalar.
Hozir har daqiqani g'animat bilishimiz kerak. Rizqu ro'zimizni mehnat orqali talab qilish muhim ishdir. Hazrati Odam alayhissallom ham dehqonchilik bilan shug'ullanganlar. Bu kasb u zotdan bizga meros bo'lib qolgan. Inson o'zi oilasini halol rizq-ro'z bilan ta'minlashi yo'lida sa'y-harakat qilishi va bu borada mashaqqat tortishi eng savobli amallardan biridir.
Paxta – rizq-ro'zimiz. Serquyosh o'lkamizda paxta etishtirilishi ham ulug' ne'matdir. Egnimizdagi kiyimbosh, kundalik hayotimizda foydalaniladigan zarur buyumlar ham aynan paxtadan ishlanadi. Hatto inson dunyodan o'tgach, oxirat sari kuzatilar ekan, unga ana shu paxtadan bo'lgan oppoq mato libos bo'ladi. O'zini shu muqaddas Vatannig farovonligi uchun daxldor va mas'ul deb biladigan har bir fuqaro paxta va boshqa hosillarning yig'im-terimi savobli ish ekanini nafaqat yaxshi anglaydi, balki shunga munosib ulushini qo'shadi. Shu bois barchamiz paxtaning har bir tolasini terib olish uchun uyushqoqlik bilan harakat qilishimiz lozim.
Hulosa qilib aytganda, paxta tiriklikda rizq, dunyodan o'tganimizda oxirat libosi bo'ladi. Ana shunday hosiyatli ekinni zaminimizda undirgani uchun Yaratganga shukronalar aytamiz. Alloh taolo paxta xirmonimizga ulkan baraka ato etsin.
Odiljon NARZULLAYeV,
Yangiyo'l tumani “Imom Sulton” jome masjidi imom–xatibi
O‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchilik timsoli,
bebaho ma’naviy boylik, buyuk qadriyatdir.
Shavkat Mirziyoyev
O‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi xalqimizning milliy mustaqillikka erishish yo‘lidagi muhim siljishlardan biri bo‘lib, ona tilimizning bor go‘zalligi va jozibasini to‘la namoyon etish bilan birga, uni ilmiy asosda rivojlantirish borasida ham keng imkoniyatlar yaratdi.
Yangi O‘zbekistonda o‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini tubdan oshirish, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat, ulug‘ ajdodlarimizning boy merosiga vorislik ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini to‘laqonli joriy etishni ta’minlashga qaratilgan yangidan-yangi tashabbuslar ilgari surilayotgani juda muhim.
Davlat tili siyosiy, ijtimoiy va madaniy sohalarda xalqni birlashtiruvchi qudratli vosita sanaladi. Ona tilimiz so‘zlashuvchilar soni ko‘pligiga ko‘ra, sayyoramizda eng keng tarqalgan 40 ta tildan biri ekani ham quvonarlidir. Hozirgi vaqtda yer yuzida o‘zbek tilida so‘zlashuvchilar soni qariyb 60 million kishini tashkil etishi esa uning dunyodagi yirik tillardan biriga aylanib borayotganidan dalolat beradi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda barcha soha va tarmoqlar kabi ona tilimiz qadri va nufuzini yanada oshirish borasidagi siyosat va amaliy ishlar ham yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Buni o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomi va obro‘-e’tiborini tubdan oshirish bo‘yicha qabul qilingan tarixiy farmon va qarorlar samaralari yaqqol tasdiqlaydi. Asosiy qonunimiz – Konstitutsiyamizning o‘zbek tilida qabul qilinishi esa ona tilimizning nufuzini yanada yuksaltirdi. Davlatimiz madhiyasi xalqaro maydonlarda o‘zbek tilida yangray boshladi. Ayniqsa, ona tilimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuksak minbarida ulkan siyosiy sammit va uchrashuvlarda baralla yangrab, tinchlik, do‘stlik va hamkorlik vositasiga aylanib borayotgani barchamizni quvontiradi. Til – millatning faxri, g‘ururi, ko‘zgusi. Millatlarni ajratib turuvchi asosiy belgilardan biri bu til ekan, har bir inson o‘z tilini bilishi, uni ulug‘lashi va shu bilan birga boshqa millatlarning ona tiliga ham hurmat bilan qarashi lozim.
Vatanimiz mustaqilligining ma’naviy asoslarini mustahkamlash, xalqimiz, avvalo, yosh avlodni milliy qadriyatlarimizga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashda o‘zbek tilining ahamiyati tobora ortib bormoqda. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat tilining maqomi xuquqiy jixatdan mustaxkamlab qo‘yildi. O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonunining qabul qilinishi ona tilimizning taraqqiyoti, rivojlanishi hamda o‘ziga xos va boy bisotini namoyish etishga keng imkoniyat yaratdi.
O‘zbek tili dunyodagi qadimiy, go‘zal va boy tillardan biri hisoblanadi. Tilimizdagi hayo, ibo, andisha, oriyat, mehrni yozuvchilarimiz asarlarida yaqqol ko‘rish mumkin. Mahmud Qoshg‘ariyning "Devoni lug‘atit turk" kitobi, Ahmad Yassaviyning hikmatlari, Alisher Navoiyning "Xamsa"si, Zahiriddin Muhammad Boburning "Boburnoma"si, Abdulla Qodiriyning betakror romanlari-oqibat so‘zlarini boshqa tilga aynan tarjima qilib bo‘lmaydi. Ularni faqat o‘zbek tilida ifodalash mumkin. Chunki bu tushunchalar xalqimizga xos va ularni aytishga faqat shu til qodirdir. Bizning ona tilimiz dunyodagi uch mingga yaqin til orasida turkiy tillar oilasiga mansub bo‘lib, jonli til sifatida qipchoq, qarluq, o‘g‘iz lahjalarida namoyon bo‘ladi. O‘zbek adabiy tili esa ana shu lahjalardagi so‘zlarning ma’lum bir me’yoriga keltirilgan shaklidir. U muttasil o‘sib, rivojlanib bormoqda. Uning rivojida so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiyning xizmatlari beqiyosdir. Hazrat Navoiy til xaqida bunday yozadilar: “Ko‘ngil xazinasining qulfi tildir. Ul xazinaning kalitidin so‘z bil”.
O‘z ona tilimizga bo‘lgan muhabbatni xalqimizning, odamlarning samimiy suhbatlarida, yuksak axloqiy fazilatlarida ko‘rib, beixtiyor shunday el farzandi ekanligimizdan faxrlanamiz. O‘z tili uchun qayg‘urayotgan millat dunyo xalqlari safida o‘z o‘rnini, chinakam mustaqilligini asrashga, himoya qilishga jiddu jahd qilayotgan millat sanaladi. Millatning va milliy adabiyotning mavjudlik sharti bo‘lgan ona tilimiz taqdiri uchun kuyinish, uning ravnaqi uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etish har birimizning burchimizdir.
Ona tilimizning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yuksaltirishda, uni milliy va umumbashariy tushunchalar asosida taraqqiy etgan tillar safiga qo‘shishda har birimiz tilimizga chuqur hurmat bilan e’tibor berishimiz kerak.
Shu o‘rinda ma’rifatparvar bobomiz, o‘z davrida o‘nga yaqin dunyoviy tillarni puxta o‘rgangan olim Is'hoqxon Ibratning quyidagi fikrlari e’tiborga molik: “Bizning yoshlar, albatta, boshqa tilni bilish uchun sa’y-harakat qilsinlar, lekin avval o‘z ona tilini ko‘zlariga to‘tiyo qilib, ehtirom ko‘rsatsinlar. Zero, o‘z tiliga sadoqat – bu Vataniy ishdir”.
Biz tilimizni qanchalik asrasak, yuksaltirsak, rivojlanishiga hissa qo‘shsak, o‘zga millatlar ham bizning tilimizni hurmat qilishadi hamda uning dunyo hamjamiyati maydonidagi o‘rni va poydevorini shunchalik mustahkam qo‘ygan bo‘lamiz.
Odiljon Narzullayev,
Yangiyul tumani “Qirsadaq’’ jome masjidi imom xatibi