Har bir faslning o'z tarovati, jilosi bor. Qishning ziynati, bahorning betakrorligi, yozning tantiligiyu kuzning barakoti kishiga huzur baxsh etadi. Ayni paytda yurtimizda oltin kuz.
Qadimdan kuz pishiqchilik, mo'l hosilni yig'ish va sarflangan mehnat samarasini ko'rish mavsumi hisoblanadi. Ushbu faslda rizqu ro'zimiz va oq oltinimiz bo'lgan paxta terib olinadi. Yil bo'yi fermer va dehqonlarning tinimsiz mehnatlaridan etilgan hosilni yig'ishtiradigan payt keldi.
“Hashar elga yarashar” deganlaridek, har birimiz dalalardagi hosilni nobud qilmasdan yig'ish olishda munosib hissamizni qo'shishimiz kerak. Nuroniy otaxon va onaxonlar duoyu xayrlari va saxovatpeshalar esa beg'araz yordamlari bilan paxtakorlarga kamarbasta bo'lishlari maqsadga muvofiqdir.
Qur'oni karimda: «…Bas, xayrli (savobli) ishlarda bir-biringizdan o'zishga oshiqingiz…» deya marhamat qilingan (Moida surasi, 48-oyat).
Hadisi sharifda “Kishi daraxt yoki ekin eksa, Alloh taolo hosil mislicha uning nomai a'moliga ajru savob yozadi”, deyiladi (Imom Axmad rivoyati). Shu bois hosilni yig'ib olish mavsumini savob ishlar fasli deyilishi ham bejiz emas.
Dehqonning barakali kasbi tufayli xalqimiz dasturxoni to'kin bo'ladi. Mehnatsevar dehqonlarning yurt mo'l-ko'lligi va xalqimiz farovonligi yo'lida qilgan ezgu ishlarini Yaratganning o'zi yuksak mukofotlashini quyidagi oyatda ta'kidlab, bunday deydi: «Ezgu ish qilganlarga chiroyli narsa (jannat) va ziyodalik (Allohninng diydorini ko'rish) bordir» (Yunus surasi, 26-oyat).
Jannatmonand diyorimizning mehnatkash bobodehqonlari, mirishkor bog'bonlari, serg'ayrat fermerlarimiz va qishloqlarimizdagi tinim bilmas barcha mehnatkashlar yig'im-terim mavsumiga jiddiy hozirlik ko'rishdi. Ular imon-e'tiqod va ixlos bilan Yaratgandan hosillarga qut-baraka so'ramokdalar.
Hozir har daqiqani g'animat bilishimiz kerak. Rizqu ro'zimizni mehnat orqali talab qilish muhim ishdir. Hazrati Odam alayhissallom ham dehqonchilik bilan shug'ullanganlar. Bu kasb u zotdan bizga meros bo'lib qolgan. Inson o'zi oilasini halol rizq-ro'z bilan ta'minlashi yo'lida sa'y-harakat qilishi va bu borada mashaqqat tortishi eng savobli amallardan biridir.
Paxta – rizq-ro'zimiz. Serquyosh o'lkamizda paxta etishtirilishi ham ulug' ne'matdir. Egnimizdagi kiyimbosh, kundalik hayotimizda foydalaniladigan zarur buyumlar ham aynan paxtadan ishlanadi. Hatto inson dunyodan o'tgach, oxirat sari kuzatilar ekan, unga ana shu paxtadan bo'lgan oppoq mato libos bo'ladi. O'zini shu muqaddas Vatannig farovonligi uchun daxldor va mas'ul deb biladigan har bir fuqaro paxta va boshqa hosillarning yig'im-terimi savobli ish ekanini nafaqat yaxshi anglaydi, balki shunga munosib ulushini qo'shadi. Shu bois barchamiz paxtaning har bir tolasini terib olish uchun uyushqoqlik bilan harakat qilishimiz lozim.
Hulosa qilib aytganda, paxta tiriklikda rizq, dunyodan o'tganimizda oxirat libosi bo'ladi. Ana shunday hosiyatli ekinni zaminimizda undirgani uchun Yaratganga shukronalar aytamiz. Alloh taolo paxta xirmonimizga ulkan baraka ato etsin.
Odiljon NARZULLAYeV,
Yangiyo'l tumani “Imom Sulton” jome masjidi imom–xatibi
Raddiya: Islomda peshvolikni da’vo qiladigan guruh va oqimlar dindagi ayrim tushuncha va so‘zlarni g‘arazli maqsadlari yo‘lida buzib, noto‘g‘ri talqin qilishi hammaga ma’lum. Ular shu orqali musulmonlar hissiyotiga teginish, o‘zlariga tobelarni ko‘paytirish, dindor va ilmli bo‘lib ko‘rinishga harakat qiladi. “Tog‘ut” so‘zi ular ko‘p ishlatadigan, insonlarni, ayniqsa hukmdorlarni ayblashda qo‘llaydigan tushunchalardan biri. Aslida u nima? Qanday ma’nolarda ishlatiladi? Kimlar tog‘ut bo‘lishi mumkin?
“Tog‘ut” lafzi “tug‘yon” so‘zi bilan o‘zakdosh bo‘lib, Alloh belgilab qo‘ygan chegaradan chiqishga, kufrda haddan oshishga, isyon qilishga nisbatan ishlatiladi. Islomda Allohning yo‘lidan boshqa yo‘l “tog‘ut” deyiladi. Tog‘utning kattasi Shaytondir.
“Tog‘ut” kalimasi Qur’oni karimning sakkiz joyida zikr qilingan bo‘lib, ulamolarimiz uni turlicha tafsir qilgan. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu, Imom Sha’biy, Imom Zahhok “Tog‘utdan murod – Shayton” degan. Imom Abu Oliya va Muhammad ibn Sirin tog‘ut sehrgar va folbin ekanini aytgan.
“Tafsiri Jalolayn”da tog‘ut so‘zi tafsiriga murojaat qilaylik: “Kim tog‘utga kufr keltirib, Allohga iymon keltirsa, batahqiq uzilmaydigan mustahkam tutqichni ushlagan bo‘ladi” (Baqara surasi, 256) va “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir. Ularni nurdan zulmatlarga chiqarurlar” (Baqara surasi, 257) oyatlarida tog‘utlar – but-sanamlar va Shayton, “Kitob (Tavrot)dan nasibador bo‘lganlarning “Jibt” va “Tog‘ut”ga sig‘inishlarini va kofirlarga “Shular mo‘minlardan ko‘ra to‘g‘riroq yo‘ldadir” deyishlarini ko‘rmadingizmi?!” (Niso surasi, 51) oyatida – Jibt va Tog‘ut Quraysh qabilasidagilarning ikki sanami, “O‘zlarini, Sizga nozil qilingan (Qur’on) va Sizdan oldin nozil qilingan (ilohiy kitoblar)ga iymon keltirgan, deb hisoblaydiganlarning hukm so‘rab, Tog‘ut huzuriga borishni xohlayotganlarini ko‘rmadingizmi?” (Niso surasi, 60) oyatidagi tog‘ut kufrda haddan oshgan, tug‘yonga ketgan Ka’b ibn Ashraf, “Kofirlar (esa) Tog‘ut yo‘lida jang qiladilar” (Niso surasi, 76-oyat) va “Kim Allohning la’natiga uchragan, g‘azabiga duchor bo‘lgan, maymun va cho‘chqaga aylantirilgan va tog‘utga ibodat qilgan bo‘lsa, ana o‘shalar yomon martabadagi va to‘g‘ri yo‘ldan butunlay adashgan kimsalardir” (Moida surasi, 60) oyatlarida ular Shayton, “Batahqiq, Biz har bir ummatga: “Allohga ibodat qiling va tog‘utdan chetlaning” deb payg‘ambar yuborganmiz” (Nahl surasi, 36-oyat) va “Tog‘utdan, unga ibodat qilishdan chetda bo‘lganlarga va Allohga qaytganlarga xushxabar bor” (Zumar surasi, 17-oyat) oyatlarida ham ular Shayton deb nazarda tutilgan.
Alloma Ibn Atiyya aytadi: “Ba’zi olimlar: “Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘utdir”, degan”. Fir’avn, Namrud va o‘zini iloh deb e’lon qilganlar va ibodat qilinadigan but-sanamlar tog‘ut deyiladi.
Muqotil roziyallohu anhu “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir” oyatidagi tog‘utni Ka’b ibn Ashraf va Huyay ibn Axtab deb tafsir qilgan. U ikkisi islom va musulmonlarga adovati cheksiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘p aziyat bergan, musulmonlarga qarshi urushga juda ko‘p da’vat qilgan yahudiylardan edi.
Imom Navaviy aytadi: “Lays, Abu Ubayda, Kisoiy va ko‘pchilik tilshunoslar: “Tog‘ut – Alloh taolodan boshqa ibodat qilinadigan narsa”, degan”.
Shayx Muhammad Amin Shinqitiy: “Haqiqat shuki, Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘ut, eng katta tog‘ut esa Shaytondir”, deydi.
Tog‘ut so‘zining ma’nosi haqida buyuk mufassir Imom Tabariy “Jomi’ul bayon” tafsirida: “Fikrimcha, tog‘ut haqida to‘g‘ri gap shuki, tog‘ut Allohga tug‘yon qilib, Uni tark etib, Undan o‘zgaga ibodat qilingan narsadir. O‘sha ma’bud inson, shayton, but va boshqa narsalar bo‘lishi mumkin”, deydi.
Mufassir olim Hasan Tahsin Fayzli “tog‘ut” so‘zini “Allohdan uzoqlashtiradigan, uning amrlarini bajarishni man etadigan kimsalar”, deb izohlagan.
Demak, sahobai kiromlar, tobeinlar va ulamolarimizning so‘zlaridan tog‘ut kalimasi shayton, sehrgar, folbin va Allohdan boshqa ibodat qilinadigan har qanday narsa ekani ma’lum bo‘lmoqda.
Afsuski, hozirgi kunda ba’zi toifalar musulmon rahbarlarni tog‘ut deb atab, ularni osongina kofirga chiqarmoqda. Ularning uslubi xavorijlarnikiga o‘xshaydi. Ular arzimas narsalar tufayli iymonli odamni kofirga chiqarib, qonini halol hisoblab, qanchadan-qancha beayb musulmonlar umriga zomin bo‘lmoqda, islomning pok nomiga dog‘ tushirib, asl mohiyat va tamoyillarini yot va buzg‘unchi g‘oyalardan iborat fitnalar soyasiga tushirib qo‘ymoqda.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi