Raboh ibn Ubayda Bohiliy rahimahullohdan rivoyat qilinadi: «Umar ibn Abdulazizning oldida o'tirgan edim, bir a'robiy kelib, «Ey mo'minlarning amiri, bir hojat bilan keldim.
Juda nochor ahvoldaman. Qiyomat kuni Alloh sendan men haqimda so'raydi», dedi. Umar ibn Abdulaziz: «Gaplaringni yana bir qaytar-chi», dedi. U aytganlarini yana qaytardi. Umar ibn Abdulaziz boshini quyi soldi, ko'z yoshlari oqib, erni ho'l qilib yubordi. Keyin boshini ko'tarib, «Necha kishisizlar?» dedi. «Sakkiz nafar qizim bor», dedi nochor kishi. Halifa ularga uch yuz dirham berishni buyurdi. Qizlari uchun yana yuz dirham ajratdi. Keyin qo'liga yana yuz dirham berib, «Bu yuz dirhamni men o'z yonimdan beryapman. Musulmonlarning molidan berayotganim yo'q. Borib shuni ishlatib tur. Musulmonlarga ajratilgan pul chiqsa, undan yana olasan», dedilar.
«Solihlar gulshani» kitobidan
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Sarmoyangiz umringizdir...
Alloma Ibn al-Javziy o‘zining «Mudahish» nomli kitobiga bunday yozadi:
Bir kishi bor edi, u bozorda muz sotardi. Ovozini chiqarib bunday derdi: “Sarmoyasi erib ketayotgan odamga rahm qilinglar!”.
Bu kishi odamlarning yuragini yumshatib, ulardan muz sotib olishlarini so‘rardi. Chunki u sotadigan muz — vaqt o‘tishi bilan erib ketardi. Agar u muzini tezda sotib ulgurmasa, butun sarmoyasi yo‘q bo‘lib ketadi. Shuning uchun u bor ovozi bilan: “Sarmoyasi erib ketayotgan odamga rahm qiling!”.
Muzlab qolgan suvning har bir tomchisi sizning tark etgan umr lahzangiz kabidir, u endi hech qachon qaytmaydi.
Hayotingizdagi sanoqli kunlardan foydalaning…
Solihlardan biri aytadi: «Men “Asr” surasini yigirma yil o‘qidim, lekin uning ma’nosini tushunmasdim. “Nima uchun Alloh inson tabiatan ziyonda deb aytyapti va buni qasam bilan ta’kidlayapti?” deb o‘ylardim.
Keyin esa Alloh ziyondan najot topganlarni to‘rtta sifat bilan istisno qiladi:
– iymon keltirganlar,
– solih amal qilganlar,
– haqqa da’vat etganlar,
– sabrni tavsiya qilganlar.
Shunda men “Asr” surasidagi qasamning ma’nosini angladim: “Dunyodagi eng katta sarmoya bu – umringiz. Umringizdan o‘tgan har bir lahza erib ketgan muz kabi qaytib kelmaydi. Shuning uchun sarmoyangizni ehtiyot qiling! U siz yashab turgan vaqtdir. Ajal yetishidan avval tiriklik fursatidan foydalaning».
Alloh umrimizni uzun va xotimamizni chiroyli qilsin.
Sarmoyangizni o‘g‘irlayotganlarga e’tibor bering!
Har birimiz sarmoyamiz ya’ni vaqtimizni kim yoki nimalar zoye qilayotganini yaxshi bilamiz.
Allohni zikr qilishdan yoki U Zotga va Rasuliga itoat qilishdan boshqa narsa bilan vaqtni zoye qilmang.
Unutmang, sarmoyangiz — umringiz!
Maqsudali domla QOSIMOV,
Xo‘jaobod tumani “Yetti chinor” jome masjid imom-xatibi.