1. Chaqaloq qulog'iga azon va takbir aytish
Rofe' roziyallohu anhu aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Fotima roziyallohu anhoning farzandi Hasan ibn Alining qulog'iga azon aytayotganlarini ko'rdim” (Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimning bolasi tug'ilsa-yu, uning o'ng qulog'iga azon, chap qulog'iga iqoma aytsa, unga Ummu Sibyon (Sibyon bolalarga ziyon etkazadigan jin toifasi) zarar etkaza olmas”, dedilar.
2. Munosib ism qo'yish
Nabiy alayhissalom: “Sizlar qiyomat kuni o'z ismlaringiz va otalaringizning ismlari bilan chaqirilasizlar, shunday ekan farzandlaringizga chiroyli ism qo'yinglar”, dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ismlarning yaxshisi bandalik va hamdni bildirganidir”, deganlar (Abdulloh, Hamidulloh, Abdurahmon kabi).
3. Aqiqa qilish
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bola o'z aqiqasining evaziga garovdadir. Yettinchi kuni uning nomidan jonliq so'yiladi va ism qo'yiladi hamda sochi olinadi”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Agar farzand tug'ilganidan so'ng etti kunda aqiqa qilishga imkoniyat bo'lmasa, 14 yoki 21 kunligida qilinadi. Bu muddat ichida ham imkoniyat topilmasa, boshqa xohlagan vaqtda qilsa ham bo'ladi.
4. Chaqaloqning sochini olish
Hazrat Ali ibn Abi Tolib roziyallohu anhu aytadilar: Rasululloh sallallohu alayhi vasallam nabiralari Hasanga qo'y so'ydilar va “Ey Fotima uni sochini olgin va sochini og'irligicha kumush sadaqa qilgin”, dedilar.
Keyin men uni o'lchovdim bir yoki yarim dirham (og'irligicha) chiqdi” (Imom Termiziy rivoyati).
5. Chaqaloqning tanglayini ko'tarish
Abu Muso roziyallohu anhu aytadi: “O'g'lim tug'ilganda uni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga olib bordim. U zot alayhissalom o'g'limga Ibrohim deb ism qo'ydilar va xurmo bilan tanglayini ko'tardilar. Unga baraka tilab duo qildilar” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
6. Hatna qilish
O'g'il bolani xatna qilish sunnatdir. Uni kechiktirish makruh. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Hatna qilish erkaklarga sunnat”, deganlar (Imom Ahmad rivoyati).
Ulamolar: "Farzand etti yoshdan o'n yoshgacha xatna qilinsa, yaxshi bo'ladi", deydilar.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Vaqf” xayriya jamoat fondining Jizzax viloyati filiali tomonidan xayriya tadbiri tashkil etildi.
Viloyatning turli hududlaridan bo‘lgan boquvchisini yo‘qotgan 35 nafar bolaning xatna to‘yi qilib berildi.
Tadbirda bolajonlarga velosiped, kostyum-shim va ko‘ylaklar, shirinliklar qutisi sovg‘a qilinib, bayram dasturxoni yozildi.
Bolajonlarga qo‘shilib, ularning yaqinlari ham quvonchdan tashakkur aytib, tashkilotchilar, Yurtboshimiz haqlariga duolar qilishdi.
Shuningdek, tadbir doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan hamda kam ta’minlangan oilalar farzandlariga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib, ularga ham hadyalar ulashildi.
Bunday ezgu tashabbuslar jamiyatda o‘zaro mehr-oqibat, saxovat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat va insonparvarlik tuyg‘ularini yuksaltirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati