Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Avgust, 2026   |   2 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:04
Quyosh
05:32
Peshin
12:28
Asr
17:20
Shom
19:27
Xufton
20:52
Bismillah
15 Avgust, 2026, 2 Rabi`ul avval, 1448

Ularga hatto dengizdagi baliqlar ham istig'for aytadi

01.10.2021   3531   6 min.
Ularga hatto dengizdagi baliqlar ham istig'for aytadi

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning eng katta va buyuk vazifalari – ta'lim berish bo'lgan. U zot sollallohu alayhi vasallam mo'minlarni go'zal bir o'xshatish ila ta'riflaganlar: "Mo'minlar bir-biriga yopishgan bino kabidir", deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).

Bu ummat go'yoki bir imoratga kabidir. Ammo ushbu binoning quruvchilari kim? Uni qurish uchun g'isht qo'yganlar kimlar bilasizmi? Albatta – ustozlar.

Agar muallim g'ishtni noto'g'ri qo'ysa, kasbiga mas'uliyatsiz bo'lsa bino mustahkam bo'lmaganidek, millat ham parokanda bo'ladi, inqirozga yuz tutadi.

O'qituvchining muhim jihatlaridan biri bu – uning tashqi ko'rinishidir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xilqatlari go'zal, xushbo'y hidli, qiyofalari chiroyli edi. Alloh taolo shunday yaratgandi. Biroq Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni saqlashga qattiq intilardilar. Hushbo'ylik ishlatardilar, pokiza kiyim kiyardilar, soch-soqollarini parvarishlardilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Albatta Alloh taolo O'z payg'ambarlarini chiroyli yuzli va yoqimli ovozli qilgan", deb aytganlar.

Nima uchun chiroyli yuz va ovozli bilasizmi? Sababi kishilarning qalbiga yo'l ochish uchun bo'lgan.

Agar o'qituvchi yoqimsiz hid, o'ziga befarq va eskirgan kiyim bilan darsga kelsa, o'quvchilar undan qanday qilib saboq olishini tasavvur qilasizmi?

O'qituvchilar uchun muhim axloq-odoblardan yana biri bu – barcha o'quvchilarga bir xil munosabatda bo'lishdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarga hatto nazarlarini ham teng taqsimlar edilar. Bugun ko'p o'qituvchilar butun dars jarayoniga faqat birinchi qatordagi yoki sinfning ma'lum bir tomonidagi o'quvchilarga e'tibor qaratadi. Bu adolatsizlikdir va bunday qilishdan ehtiyot bo'lish lozim.

Ustozning burchlardan yana biri bu – yangi iste'dodlarni ochishdir. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Meros ilmi bo'yicha eng ilmlisi Zayd, halol va harom masalasini eng yaxshi biladiganingiz Mu'oz ibn Jabal, men ilm shahriman, Ali esa uning darvozasi", deb aytardilar.

Iqtidorni aniqlash har bir o'qituvchining muhim vazifasidir. Ular ertaga jamiyat uchun kimlarni taqdim etishadi? Malakali shifokornimi, muhandis yoki jurnalist yo olimnimi?

Agar o'qituvchi o'z o'quvchilarining iqtidorini erta aniqlashga va ularning qiziqishlarini rag'batlantirmasa jamiyatda turli tartibsizlik kelib chiqadi. Sohalar rivojlanmaydi, mutaxassislar etishib chiqmaydi.

Ta'lim berish vazifasi faqatgina maktab o'qituvchilariga tegishli emas. Har kim o'qituvchi bo'lib, bu sharafli va qadr-qimmati yuksak martabaga erishishi mumkin.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "Alloh taolo, Uning farishtalari, hatto inidagi chumoli va dengizdagi baliqlar ham insonlarga yaxshilikdan ta'lim beruvchilarga salavot aytadilar", dedilar (Imom Termiziy rivoyati).

Tasavvur qiling, agar uch-to'rt kishiga bo'lsa ham yaxshilikni o'rgatsangiz, Yer yuzidagi barcha mavjudot sizning haqqingizga duo qiladi. Bundan ham kattaroq ajru savob bo'lmasa kerak.

Ta'lim berish bu umumiy mas'uliyatdir. Bu shunday og'ir mas'uliyatki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga o'rinbosarlik qilishning bir qismidir.

Kunlarning birida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir guruh ilmga muhtoj odamlarni uchratdilar, ammo qo'shnilari esa ularga beparvo bilan qarashardi. U zot bundan qattiq g'azablandilar. Masjidga borib: "Sizlarga nima bo'ldi-ki, qo'shnilaringizga ta'lim bermayapsiz?" dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu tanbehni ikki-uch bora takrorladilar.

Sahobalardan ba'zilari Madina shahridagi bir qabila borishdi. Keyin: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ehtimol sizni nazarda tutgandirlar. Chunki sizlar ilmlisiz, lekin qo'shnilaringiz esa ilmsiz", deyishdi. Ular darhol Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga borib: "Yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam siz bizni nazarda tutgan edingizmi?" deb so'rashdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshqalarga ta'lim berish mas'uliyatini tasdiqlab, aytgan gaplarini yana takrorladilar.

Demak, kimningdir qo'shnisi, do'sti yoki hamkasbi ilmsiz bo'lsa, unga ta'lim berishga e'tiborsizlik qilmaslik lozim ekan. Ilm izlash va uni tarqatish har bir mo'min-musulmonning burchidir.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam safarda edilar. Shunda bir a'robiy kelib tuyalarining jilovidan tortib, Nabiy alayhissalomni to'xtatdi. Badaviy Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga qarab: "Ey Muhammad, menga nima foyda keltirishini o'rgat" dedi. Uning qo'pol muomalasidan sahobalar roziyallohu anhum qattiq g'azablanishdi. Ammo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarga tabassum qildilar va: "U hidoyat topdi", dedilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bu so'zlari badaviyga ijobiy ta'sir qildi. Uning yanada ilm olishga bo'lgan ishtiyog'i ortdi. Shuning uchun o'qituvchilar hamisha o'quvchilarini yaxshi so'z bilan rag'batlantirib turishlari lozim.

Ilm berish uchun har qanday fursatdan unumli foydalanish kerak. Ammo zinhor uni kechirtirmaslik va orqaga surmaslik lozim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Albatta men muallim etib yuborildim", deganlar.

Demak, ta'lim beruvchilar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ergashuvchilardir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ergashsangiz Alloh taoloning ushbu oyatiga amal qilgan bo'lasiz: “Ayting (ey, Muhammad!): “Agar Allohni sevsangiz, menga ergashingiz. Shunda Alloh sizlarni sevadi va gunohlaringizni mag'firat etadi. Alloh kechiruvchi va rahmlidir”(Oli Imron surasi, 31-oyat).

 

Davron NURMUHAMMAD

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Siz eng boy odamsiz!

10.08.2026   13964   1 min.
Siz eng boy odamsiz!

Insonning fe’li qiziq: biz ko‘pincha o‘zimizda yo‘q narsalar haqida qayg‘urib, qo‘limizdagi bebaho ne’matlarni odatdagi holdek qabul qilamiz. Vaholanki, biz oddiy deb bilgan qulayliklar, sog‘liq va boshqa imkoniyatlar sayyoramizning millionlab aholisi uchun eng katta orzu hisoblanadi.


Jumladan, bugungi tongni dunyo bo‘yicha 174 mingga yaqin inson qarshi ololmadi. Ayni damda 50 milliondan ortiq odam saraton kasalligi bilan kurashmoqda. 300 million inson ranglar jilosini ko‘rish baxtidan mahrum. 400 millionga yaqin kishi esa eshitish moslamalarisiz dunyo tovushlarini eshita olmaydi. 770 milliondan ortiq katta yoshdagi inson hanuzgacha o‘qish va yozishni bilmaydi. 2,5 milliarddan ziyod aholi global axborot va internet imkoniyatlaridan uzilgan holda yashamoqda. 6,5 milliard inson esa samolyotda umuman uchib ko‘rmagan...


Bu raqamlar shunchaki quruq ko‘rsatkichlar emas. Ular ortida millionlab insonlarning ana shunday ayanchli taqdiri yotibdi.
Agar siz hozir ushbu matnni o‘qiy olayotgan, atrofdagi ranglar va tovushlarni his qilayotgan, eng muhimi, yangi kunni sog‘-omon yashayotgan bo‘lsangiz, demak, siz sayyoradagi eng baxtli insonlardan birisiz. Shunday ekan, turmush tashvishlaridan nolishni to‘xtating. Yon-atrofga boqing: siz yashayotgan bugungi kunga kimlardir yetmadi. Demak, har bir xotirjam olingan nafas, har tinch otgan tong uchun Yaratganga hamdlar aytib, shukronalik kayfiyati bilan yashang. Chunki siz eng boy odamsiz!
 

Akbarshoh RASULOV

 

Ibratli hikoyalar