Dunyodagi eng ulug', muqaddas va faxrli kasb egasi bo'lgan Ustozlar va murabbiylarning kasb bayrami munosabati bilan Nukus Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy o'rta maxsus islom bilim yurtida «Sizga ta'zim, aziz ustozlar» mavzusida tadbir bo'lib o'tdi. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev o'zining bayram tabrigida: «Ushbu qutlug' ayyomda siz, zahmatkash ustozlarga ko'nglimizda, yuragimizda bo'lgan yuksak hurmat-ehtirom va ezgu tilaklarni so'z bilan to'liq ifoda etish qiyin, albatta. Chunki sizlar dunyodagi eng bebaho boylik va boqiy merosni yaratish, uni xalqimizga, unib-o'sib kelayotgan yosh avlodimizga bezavol etkazish yo'lida chinakam fidoyilik ko'rsatib mehnat qilayotgan ulug' insonlarsiz. Bu ulkan boylik – aql-zakovat va ilm, bu o'lmas meros – yaxshi tarbiyadir» – deb ta'kidlagan edi.
Darhaqiqat, ustozlarning yoshlarimizning qalbiga va ongiga ona-Vatanga muhabbat va sodiqlik tuyg'ularini singdirish, ularni turli yot g'oyalardan himoyalash, komil inson etib tarbiyalashdagi fidoiy xizmatlarini barcha ota-onalar, keng jamoatchiligimiz, butun xalqimiz juda yaxshi biladi va alohida qadrlaydi.
Tadbir Qur'oni karim tilovati va xayrli duolar bilan boshlandi. So'ng bilim yurti mudiri Sh. Bahauddinov «Ustozlarga ehtirom – burchimiz» mavzusida ma'ruza qilib berdi va barcha o'qituvchi va murabbiylarni bayram bilan tabrikladi.
Tadbirda bayram munosabati bilan bilim yurtining bir guruh pedagog-o'qituvchilariga «Faxriy yorliq» va sovg'alar topshirildi. Bilim yurtining xushovoz talabalari tomonidan ijro etilgan ajoyib nashidalar, she'rlar va monologlar ishtirokchilarga manzur bo'lib, tadbirga o'zgacha zavq bag'sh etdi.
Tadbirdan so'ng muhtaram ustozlar milliy taomlar bilan bezatilgan bayram dasturxoniga taklif qilindi.
Farzand uchun ota-onaga xizmat qilib, ularning roziligini olishdan ham ulug‘roq saodat yo‘q. Boisi Alloh taolo rizosi ota-ona roziligiga bog‘langan.
Mehribon Robbimiz ota-ona roziligini topish uchun bizlarga uning yo‘llari va vositalarini oson qilib qo‘ygan. Nafaqat hayotliklarida, balki dunyodan ko‘z yumganlaridan keyin ham ularga yaxshilik qilish shulardan biridir.
Shariatimizda ota-ona nafaqat hayotlik chog‘larida, balki ular bu dunyodan o‘tib ketganlaridan keyin ham haqlarini ado etmoqlik farzand zimmasidagi vazifalardan sanaladi. Ana shulardan biri ota-ona yaqinlari va do‘stlariga yaxshilik qilishdir.
Ibn Dinordan rivoyat qilinadi: “Abdulloh ibn Umarning eshagi va sallasi bo‘lar edi. Bir kuni o‘sha eshagini minib ketayotgan edi, oldidan bir a’robiy o‘tib qoldi. Shunda “Sen falonchining o‘g‘li emasmisan?” dedi. U: “Ha, shunday”, dedi. Ibn Umar unga eshakni berib, “Bunga minib ol”, dedi va sallasini berib: “Buni boshingga o‘rab ol”, dedi.
Sheriklaridan biri unga: “Alloh sizni mag‘firat qilsin! Charchaganda minib turadigan eshagingizni, boshingizga o‘raydigan sallangizni mana shu a’robiyga berdingiz-a?” dedi. Ibn Umar: “Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning “Yaxshiliklarning eng yaxshisi – kishi otasi ketganidan (vafot etganidan) so‘ng uning yaxshi ko‘rganlariga yaxshilik qilishidir”, deganlarini eshitganman. Uning otasi (otam) Umarning do‘sti edi”, dedi” (Imom Muslim rivoyati).
Abu Usayd Molik ibn Rabi’a So’idiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning huzurlarida edik, Bani Salimalik bir kishi kelib, “Yo Allohning Rasuli, ota-onamning vafotidan keyin ularga qilishim mumkin bo‘lgan yaxshiliklardan biror narsa qoldimi?” dedi. U zot: “Ha. Ularning haqqiga duo qilish, ular uchun istig‘for aytish, ulardan keyin ahdlariga vafo qilish, ular orqaligina bog‘lanadigan silai rahmni bog‘lash va ularning do‘stlarini ikrom qilish”, dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Hadisi sharifda farzand o‘z ota-onasiga qiladigan yaxshilik ularning vafotlaridan keyin ham davom etishi lozimligi bayon qilinmoqda. Ya’ni, farzand ota-onasi haqqiga ularning vafotidan keyin ham mag‘firat so‘rab duo qilib tursa, ular uchun Alloh taologa istig‘for aytishni kanda qilmasa, inshoAlloh ota-onasining savobiga savob qo‘shilib boraveradi, darajasi esa ko‘tariladi. Yana bir muhim jihat shuki, farzandlar ota-onasining yaqinlariga hamisha sila rahm qilishi, ularning hollaridan xabar olib turishlari lozim.
Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Otangning do‘stligiga rioya qil, shunda Alloh taolo nuringni so‘ndirmaydi”, deganlar.
Demak, ota bilan do‘stlashgan har qanday odamlardan aloqani uzmaslik kerak.
Ilyosxon AHMЕDOV