Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Iyul, 2025   |   19 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:21
Quyosh
05:02
Peshin
12:34
Asr
17:40
Shom
19:59
Xufton
21:33
Bismillah
14 Iyul, 2025, 19 Muharram, 1447

Sizga ta'zim, aziz ustozlar

30.09.2021   2421   2 min.
Sizga ta'zim, aziz ustozlar

Dunyodagi eng ulug', muqaddas va faxrli kasb egasi bo'lgan Ustozlar va murabbiylarning kasb bayrami munosabati bilan Nukus Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy o'rta maxsus islom bilim yurtida «Sizga ta'zim, aziz ustozlar» mavzusida tadbir bo'lib o'tdi. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev o'zining bayram tabrigida: «Ushbu qutlug' ayyomda siz, zahmatkash ustozlarga ko'nglimizda, yuragimizda bo'lgan yuksak hurmat-ehtirom va ezgu tilaklarni so'z bilan to'liq ifoda etish qiyin, albatta. Chunki sizlar dunyodagi eng bebaho boylik va boqiy merosni yaratish, uni xalqimizga, unib-o'sib kelayotgan yosh avlodimizga bezavol etkazish yo'lida chinakam fidoyilik ko'rsatib mehnat qilayotgan ulug' insonlarsiz. Bu ulkan boylik – aql-zakovat va ilm, bu o'lmas meros – yaxshi tarbiyadir» – deb ta'kidlagan edi.

Darhaqiqat, ustozlarning yoshlarimizning qalbiga va ongiga ona-Vatanga muhabbat va sodiqlik tuyg'ularini singdirish, ularni turli yot g'oyalardan himoyalash, komil inson etib tarbiyalashdagi fidoiy xizmatlarini barcha ota-onalar, keng jamoatchiligimiz, butun xalqimiz juda yaxshi biladi va alohida qadrlaydi.

Tadbir Qur'oni karim tilovati va xayrli duolar bilan boshlandi. So'ng bilim yurti mudiri Sh. Bahauddinov «Ustozlarga ehtirom – burchimiz» mavzusida ma'ruza qilib berdi va barcha o'qituvchi va murabbiylarni bayram bilan tabrikladi.

Tadbirda bayram munosabati bilan bilim yurtining bir guruh pedagog-o'qituvchilariga «Faxriy yorliq» va sovg'alar topshirildi. Bilim yurtining xushovoz talabalari tomonidan ijro etilgan ajoyib nashidalar, she'rlar va monologlar ishtirokchilarga manzur bo'lib, tadbirga o'zgacha zavq bag'sh etdi.

Tadbirdan so'ng muhtaram ustozlar milliy taomlar bilan bezatilgan bayram dasturxoniga taklif qilindi.

 

 

 

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Ummatimga tahdid qilingan narsa keladi

11.07.2025   5066   4 min.
Ummatimga tahdid qilingan narsa keladi

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

عَنْ أَبِي مُوسَى t قَالَ: صَلَّيْنَا الْمَغْرِبَ مَعَ رَسُولِ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ ، ثُمَّ قُلْنَا نَجْلِسُ حَتَّى نُصَلِّيَ الْعِشَاءَ، فَخَرَجَ عَلَيْنَا رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَالَ: مَا زِلْتُمْ هَاهُنَا، قُلْنَا: نَعَمْ يَا رَسُولَ اللهِ، قُلْنَا نَجْلِسُ حَتَّى نُصَلِّيَ الْعِشَاءَ، قَالَ: أَحْسَنْتُمْ أَوْ أَصَبْتُمْ، ثُمَّ رَفَعَ رَأْسَهُ إِلَى السَّمَاءِ وَكَانَ كَثِيرًا مَا يَفْعَلُهُ فَقَالَ: النُّجُومُ أَمَنَةٌ لِلسَّمَاءِ فَإِذَا ذَهَبَتِ النُّجُومُ أُتِيَ السَّمَاءَ مَا تُوعَدُ، وَأَنَا أَمَنَةٌ لِأَصْحَابِي فَإِذَا ذَهَبْتُ أُتِيَ أَصْحَابِي مَا يُوعَدُونَ، وَأَصْحَابِي أَمَنَةٌ لِأُمَّتِي فَإِذَا ذَهَبَتْ أَصْحَابِي أُتِيَ أُمَّتِي مَا يُوعَدُونَ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ.

Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan Shom namozini o‘qidik. So‘ngra «Xuftonni o‘qigunimizcha o‘tirib turaylik», dedik. Bas, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oldimizga chiqdilar va:

«Hali ham shu yerdamisizlar?» dedilar.

«Ha, yo Allohning Rasuli. Xuftonni o‘qigunimizcha o‘tirib turaylik, dedik», deb javob berdik.

«Yaxshi qilibsizlar» yoki «To‘g‘ri qilibsizlar», dedilar u zot. So‘ngra boshlarini osmonga ko‘tardilar. Ko‘pincha shunday qilar edilar. Ke­yin u zot:

«Yulduzlar osmon uchun omonlikdir. Qachon yulduzlar ketsa, osmonga unga tahdid qilingan narsa keladi. Men sahobalarim uchun omonlikdirman. Qachon men ketsam, sahobalarimga ularga tahdid qilingan narsa keladi. Sahobalarim ummatim uchun omonlikdirlar. Qachon sahobalarim ketsalar, ummatimga ularga tahdid qilingan narsa keladir», dedilar».

Muslim rivoyat qilgan.

Ushbu hadisi sharifda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning masjidlarida bo‘ladigan suhbatlardan birining mazmuni haqida so‘z ketmoqda. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning masjidlari o‘sha paytdagi Islom jamiyatining qalbi – yuragi ekanligi hammaga ma’lum. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning shaxslari musulmonlarga o‘rnak bo‘lganidek, u zotning masjidlari ham o‘zga masjidlarga o‘rnakdir. Islom jamiyatida har bir masjid o‘z qavmidan tashkil topgan kichik jamiyatning tinimsiz urib turgan yuragi bo‘lishi kerak.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam mazkur suhbatda sahobai kiromlarga ajoyib o‘xshatish ila o‘zlarining fazllarini bayon qilib bermoqdalar:

«Yulduzlar osmon uchun omonlikdir».

Yulduzlar osmonda tursalar, osmon omon bo‘ladi. Ular osmonning omonlik ishonchlaridir.

«Qachon yulduzlar ketsa, osmonga unga tahdid qilingan narsa keladi».

Osmonga tahdid qilingan narsa uning nizomining buzilishi va qiyomat qoim bo‘lishidir.

«Men sahobalarim uchun omonlikdirman».

Osmon yulduzlar bilan omon turganidek, sahobai kiromlar ham Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bilan tinch-omon yashar ekanlar.

«Qachon men ketsam, sahobalarimga ularga tahdid qilingan narsa keladi».

Sahobai kiromlarga tahdid qilingan narsa ularning oralarida xilof va kelishmovchiliklar kelib chiqishidir.

«Sahobalarim ummatim uchun omonlikdirlar».

Osmon yuduzlar bilan, sahobai kiromlar Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bilan tinch-omon yashaganlaridek, Islom ummati ham sahobai kiromlar bilan tinch yashar ekanlar.

«Qachon sahobalarim ketsalar, ummatimga ularga tahdid qilingan narsa keladir».

Islom ummatiga tahdid qilingan narsa havoi nafsga ergashish va molu dunyoga o‘ch bo‘lish kabi nuqsonlarga mubtalo bo‘lishdir.

Ushbu hadisi sharifdan sahobai kiromlarning fazllari qanchalik ulug‘ ekanligini bilib olishimiz kerak. Ana shunday ulug‘ fazl egalari bo‘lgan zotlarni hurmatlash va ulardan o‘rnak olish musulmon ummatining burchidir.


«Hadis va hayot» kitobining 21-juzidan olindi