Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Oktabr, 2026   |   17 Jumadul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:30
Quyosh
06:49
Peshin
12:12
Asr
15:42
Shom
17:27
Xufton
18:41
Bismillah
28 Oktabr, 2026, 17 Jumadul avval, 1448

Ustozga ehtirom

30.09.2021   4813   6 min.
Ustozga ehtirom

Islom – ilm-ma'rifat dini, shuning uchun u barcha musulmon va muslimalarga ilm olishni farz qilgan. Qur'oni karimning ilk nozil bo'lgan quyidagi oyat mazmuni ham bunga dalolat qiladi:   

“O'qing (ey, Muhammad! Butun borliqni) yaratgan zot bo'lmish Rabbingiz ismi bilan!” (Alaq, 1).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham ummatlariga beshikdan qabrgacha ilm izlashni buyurganlar. Chunki ilm ruhning ozuqasidir. Insoniyat ilm bilangina Allohni taniydi, haqiqiy saodatni qo'lga kiritadi, uning sharofati bilan yuksaladi.

Ilm esa ustozning sa'y-harakati, tinimsiz mehnati, g'ayrati va matonati bilan egallanadi. Ahli ilmlar – ziyolilarni bejizga “anbiyolarning merosxo'rlari” deb e'zozlanmaganlar. Qur'oni karimda o'zi egallagan ilmni boshqalarga o'rgatgan ustozlarning sha'ni-sharafi naqadar ulug'ligi haqida bunday marhamat qilinadi:

“...Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko'tarur. Alloh qilayotgan (barcha yaxshi va yomon) amallaringizdan xabardordir” (Mujodala surasi, 11-oyat).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan hadisi shariflarda boshqalarga ilm-ma'rifatni o'rgatgan ustozlar alohida ehtiromga loyiq zotlar deya ta'riflanadi. Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Ikki kishiga hasad (havas ma'nosida) qilish joiz: birinchisi – Alloh taolo bergan mol-dunyoni haq yo'lga infoq-ehson qiluvchi kishiga; ikkinchisi – Alloh taolo ilm bergan bo'lsayu, o'sha ilm bilan hukm qilgan va uni boshqalarga o'rgatgan kishiga", deganlar. (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).

Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday deganlar: "Agar inson vafot qilsa, uning barcha amali to'xtaydi, faqat uch narsada to'xtamay nomai a'moliga yozib boriladi: 1) sadaqai joriya, ya'ni kishilarga manfaati etadigan madrasa, ko'prik, ariq kabilarga sarflangan sadaqa, ehson; 2) manfaatli ilm, ya'ni o'rgatilgan ilm yoki yozib qoldirilgan asar; 3) ota-onasiga duo qiluvchi solih farzand qoldirilishi" (Imom Muslim rivoyati). Bundan ma'lum bo'ladiki, ustozlar tarqatgan ilm ularning vafotidan keyin ham savob keltiraveradi.

Shuning uchun ilm toliblaridan, qolaversa barcha kishilardan olimni e'zozlash, hurmatini joyiga qo'yish, ilm bilan shug'ullanishi uchun sharoit yaratib berish talab etiladi. Ustozga mehr qo'ymagan, hurmat qilmagan shogirdning ilmni puxta egallashiga ishonish qiyin. Bemor kishi o'z ixtiyorini butunlay tabibga topshirganiday, ta'lim oluvchi shogird ham o'zini batamom muallim ixtiyoriga topshirishi, uni e'zozlab hurmatlashi va doimo xizmatida shay turishi kerak bo'ladi. bu esa ustozni qalbidagi, ong-shuuridagi bor bilimini berishiga sabab bo'ladi.

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu o'zidan yoshi ulug' bo'lgan Zayd ibn Sobit roziyallohu anhuning ulovlari tizginini ushlab, unga minishlarida yordam berib bunday deganlar: "Ulamolarga shunday xizmat qilishga buyurilganmiz. Agar shogird ulug'lik sifatiga etmay turib, undan faxrlanib kibrlansa, johildir. Zero, ilm-hikmat mo'min kishining yo'qotgan narsasidir, qachon topsa, uni olishga haqli". 

  Muallimning ham o'ziga xos burch va vazifalari mavjud. Muallim shogirdiga shafqatli bo'lishi, ularni o'z farzandidek ko'rishi, bergan ilmi uchun ulardan haq talab etmasligi, ilm bergani uchun mukofot va tashakkur istamasligi, balki Alloh yo'lida xolis ilm o'rgatishi lozim bo'ladi. Ustoz shogirdlariga biron narsani minnat qilmaydi, balki ularning qalblariga ilmni mahkamlash orqali Allohga yaqin bo'lishni niyat qiladi, tirishqoq shogirdlarini ma'naviy taqdirlash va rag'batlantirishni afzal deb biladi.

Tarixda ustoz va shogirdlikning go'zal ibratlari bor. Ikki buyuk shoir Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiyning ustoz va shogirdlik munosabatlari necha asrdan buyon hammani lol qoldirib kelyapti: Alisher Navoiy hayotda ham, ijodda ham hamisha ustoziga ergashdi, unga o'xshashga intildi. Ustozi kabi u ham “Hamsa” yozdi, ustozining “Nafahotul-uns” asarini yanada boyitib, “Nasoyimul-muhabbat” nomli yangi asar yozdi. Huddi shuningdek, o'z davrining ikki buyuk allomasi Qozizoda Rumiy bilan Mirzo Ulug'bekning ustoz-shogirdlik munosabatlari tarix sahifalariga oltin harflar bilan bitib qo'yilgan.

O'rta asrlarning ulug' faqihi Alouddin Samarqandiyning o'zining iqtidorli shogirdi Abu Bakr Kosoniyga ko'rsatgan lutf va marhamati ham barchaga ibrat bo'larlidir. Abu Bakr ustozidan olgan ilmida shu qadar yuksaldiki, ustozining ko'p jildli mashhur “Tuhfatul-fuqaho” asariga go'zal bir sharh yozib, uni “Bado'eus-sanoi fi tartibush-sharoi” (Din hukmlarini tartiblashda go'zal san'atlar) deya nomladi.

  Alloh taolo barchalarimizni ilm o'rganadigan, ilm o'rgatadigan ma'rifatli bandalaridan aylasin, ustozlarimizga dunyo va oxiratda ulkan savob va mukofotlarini ato etsin, barchalarimizga ikki dunyo saodatiga erishini muyassar qilsin!

 

Abdulhay TURSUNOV,
O'zbekiston musulmonlari idorasining
Namangan viloyat vakili

Maqolalar
Boshqa maqolalar

KIM Ustoz?

28.09.2026   44666   8 min.
KIM Ustoz?

Alloh  Taolo olamlarni  bunyod etgandan co‘ng unga sarvar qilib Insonni – Hazrati Odam Ato alayhissalomni yaratdi. Odam Ato qovurg‘asidan Momo Havoni yaratib, ulardan farzandlarini ko‘paytirdi.

 

Rivoyat etilishicha, odamzotning ko‘ngliga 3 narsa urmas, ya’ni inson 3 narsadan aslo bezor bo‘lmas, doimo ardoqlar ekan. 

Birinchisi er uchun – ayol, ayol uchun – er. Chunki ayol Odam Atoning qovurg‘asidan, ya’ni bir vujuddan yaralgan. Vujudda esa oshiqcha a’zo yo‘q. Hech kim biron a’zosidan voz kecholmagani kabi, ayol jinsi erdan, er jinsi ayoldan ayri kecha olmas ekan.

Inson ko‘ngliga urmaydigan ikkinchi narsa – rizq-ro‘zi, yashash omili bo‘lgan non ekan.  Mana necha ming-ming yillar o‘tsa ham, Odam Ato va Momo Havo  ilk bor ta’mini tatib ko‘rgan bug‘doy hamon ularning avlodlari nasibasi bo‘lib xizmat kilib kelayotir. Dunyodagi ne bir shirinliklar, taomlar non o‘rnini bosolmasligi barchaga ayon.

Bashariyat farzandi uchun uchinchi ulug‘  narsa bu kitob ekan. Zero Qur’ondagi dastlabki oyat «Iqra!» («O‘qing!») ekanligi, ulug‘ Payg‘ambarimiz Muhammad Rasululloh sallallohu alayhi vasallam o‘qishni o‘rganib, Allohning so‘zlaridan xabardor bo‘lib, ularni xalqqa yetkazganlari, musulmonlar diliga singdirganlari ma’lumdir.

Kitobning Muqaddasligi yana shundaki, odamlar u orqali fikran boyiydilar, aqlan o‘sadilar, ma’nan sog‘lom bo‘ladilar, axloqiy kamol topadilar, qanday so‘zlash, qanday yashash zarurligini, imon-e’tiqodni asrashni biladilar.

Shu boisdan ham Islom dinimiz sahifalaridan asosiy o‘rinni yorug‘ olamning gultoji – Inson, uning rizq-ro‘zi – Non va aql-idroki mahsuli – Kitob odobnomasi va ibratnomasining o‘rin olishi bejiz emas.

Buyuk ota-bobolarimizdan meros bo‘lib qolib kelayotgan dono xalqimizning yuksak ma’naviyati bo‘lmish milliy va diniy qadriyatlarimiz esa bularning   hammasi – axloqiy, aqliy va jismoniy maktab ekanligi oltindan qimmat, bebaho va abadiy qadriyatlarimiz, yengilmas kuchimizdir!

 

Modomiki Islom dinining eng birinchi buyrug‘i «O‘qing!» ekan,  demak Islom dini – eng avvalo ma’rifat dini ekan. «Ma’rifat» so‘zi arab tilidan tarjima qilinganda «kishilarning ong-bilimini, madaniyatini oshirishga  qaratilgan ta’lim-tarbiya»; «maorif» degan ma’nolarni anglatadi.

Islom dinining asosiy va Muqaddas Kitobi bo‘lmish Qur’oni Karimning yettidan bir qismi faqat ILM mavzusiga doir masalalardan iboratdir.

Islom dini paydo bo‘lishini Yaratganimiz Muhammad alayhissalom orqali Arabiston yarim orolligini iroda etgan bo‘lsa, ushbu Muqaddas, pok Islom dinimizni ilmu-fan, ma’rifat ila rivojlanishini Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Imom Burhoniddin Marg‘inoniy, Imom Bahouddin Naqshbandiy, Muhammad Muso Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Mirzo Ulug‘bek, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Imom Mahmud Zamaxshariylardek buyuk allomalar orqali bizning jannatmakon yurtimizni (!) O‘z ilohiy hikmati ila ixtiyor etdi.

Yaxshilik va ezgulik, bag‘rikenglik va tinchlik, yaqinlari va begonalariga birdek marhamatli bo‘lish, qon to‘kmaslikka chaqiruvchi, nafs vasvasasiga uchmaslik, ota-onaga ular hayot ekanlarida mehribon va saxiylik ila munosabatda bo‘lish, dunyodan o‘tganlarning haqlariga duo qilishga, vatanni sevishga da’vat qiluvchi muqaddas dinimiz, ayniqsa mustaqillik yillarida o‘z qadrini hamda o‘zining azaliy vazifasi – ezgu maqsadlarga chin ma’noda xizmat qilish imkoniyatini topdi.

Bizning qadimiy va go‘zal diyorimiz nafaqat Sharq, balki jahon sivilizatsiyasi  beshiklaridan biri bo‘lganini xalqaro  jamoatchilik tan olmoqda va e’tirof etmoqda...

Bu tabarruk zamindan ne-ne buyuk zotlar, olimu ulamolar, siyosatchi va sarkardalar yetishib chiqqani, umumbashariy sivilizatsiya va madaniyatning uzviy qismiga  aylanib ketgan dunyoviy va diniy ilmlarning, ayniqsa, Islom dini bilan bog‘liq bilimlarning tarixan eng yuqori bosqichga ko‘tarilishida ona yurtimizda tug‘ilib kamolga yetgan ulug‘ allomalarning hizmatlari beqiyos ekani bizga ulkan  g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi.

 

Alloh taboraka va taolo O‘zining Kalomi majidi – Qur’oni Karimda va Janobi Payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallam muborak hadisi shariflarida ulug‘lab e’zozlagan yetti toifa insonlarni har bir mo‘min-musulmon kishi qadrlab, hurmat qilishi lozim:

1) ota;

2) ona;

3) ustoz (manfaatli ilm yo kasb-hunar o‘rgatgan inson);

4) olim (faqat diniy yo‘nalishdagina emas, balki inson uchun manfaatli barcha sohalardagi olimlar. Chunki hamma sohalarning ham egasi – Alloh taoloning O‘zidir);

5) Qur’oni Karimdan xabardor kishi;

6) mo‘ysafid odam;

7) adolatli rahbar.

 

Muqaddas Islom dinimiz hukmlari ham, jannatmakon yurtimiz buyuk va ma’rifatparvar, ulug‘vor va donishmand xalqining Qur’oni Karim va hadisi shariflarga uyg‘unlashib ketgan hatto maqollari ham insonlarni ilm-fan taraqqiyotiga, ilmli kishilarni ulug‘lashga undaydi, ustozlarni hurmatlashga targ‘ib etadi.

Ma’lumki, bu dunyoning rivojlanishida, insoniyatning taraqqiyot etishida ustozning o‘rni beqiyos.

Bizning dono xalqimiz

è «Ustoz – otangdek  ulug‘»,

 

è «Usta borida qo‘lingni tiy,

Ustoz borida – tilingni»,

 

è «Usta bo‘lsang, ustozingni unutma!»,

 

è «Ustozingga tik qarasang – to‘zasan,

Hurmat qilsang – asta-asta o‘zasan»,

deb bejizga aytmagan.

 

Chunki, hammaga ma’lumki, insoniyatning ENG Birinchi Ustozi – bu ALLOH TAOLONING O‘ZI bo‘lsa,

“Alloh Odam (alayhis salom)ga barcha yaratilgan va yaratilajak narsalarga tegishli nomlarni o‘rgatdi”  (Qur’oni Karim Baqara surasi 2/31 oyat),

musulmonlarning insonlar ichida ENG Buyuk Ustozi – PAYG‘AMBARIMIZ MUHAMMAD ALAYHISSALOMDIRLAR !

Har bir inson zoti uchun esa ENG Birinchi Ustozi – uning  OTA-ONASIDIR ! Zero uni tarbiyalashni hali bu dunyoga kelmasidan oldinroq boshlaydi. Tug‘ilishi bilanoq, to ota-onaning o‘zi bu dunyodan o‘tmaguncha, o‘z farzandiga mehribonlik qilib o‘tadi...

Shuning uchun ham o‘zining qadr-qimmatini bilgan, o‘zining kimligini tushunib yetgan har bir aql-zakovatli, fahm-farosatli odam «Ustozlar va murabbiylar» bayram kunida ham eng birinchi bo‘lib o‘zining doimiy peshqadamlari bo‘lmish o‘z ota-onasidan boshlab, ustoz va murabbiylarini ko‘ngillarini shod qilib, bebaho, betakror va beqiyos duolaridan bahramand bo‘lishga shoshiladi.   

Yangi o‘quv yili ham boshlanib, farzandlarimiz ulug‘ va muqaddas, mashaqqatli va sersavob ish bo‘lmish – ilm olishga kirishdilar...

Biz, ota-onalar, farzandlarimizni ulg‘ayishida, ilm olib, bilimli bo‘lishlarida ko‘p jihatlariga serqirrali e’tiborimizni berishimizda quyidagi purma’noli, sermazmunli tarafini ham e’tiborga olishimizni muqaddas dinimiz amr-farmon qilib buyuradi.

Kalomulloh Qur’oni Karimning oyati muboraklariga va Janobi Payg‘ambarimizning muborak hadisi shariflariga binoan «ustoz»ning maqomini mutafakkirlarning mutafakkiri Miralisher Navoiy hazratlari quyidagicha tavsiflaganlar:

“Haq yo‘linda kim sanga bir harf o‘rgatmish ranj ila,

    Aylamoq kerak oning haqqin yuz ming ganj ila”.

 

Shunchalik ulug‘ (!) darajaga ustozning mavqei ko‘tarilgan.

“Ustoz” deganda faqat ma’lum bir sohada yoki faqat ilm sohasida emas, balki ilm-fanning barcha turlarida, kasb-hunar sohalarida ham o‘rgatuvchini biz USTOZ deb tushunishimiz lozim!

Shuning uchun ham bizning dono xalqimiz hurmat va ehtirom ila e’zozlab «Ustoz» deb ulug‘laydi.

Kunlardan bir kuni hazrat Navoiy

Sayr aylamakni qildi ixtiyor.

Mulozimlar ila chiqdilar yo‘lga

Va kichik bolaga keldilar duchor.

 

O‘shanda Navoiy  otidan tushib,

O‘sha yosh bolaga qilibdi ta’zim.

Mulozimlar hayron, a’yonlari lol –

Bunday uchrashuvdan qolibdilar jim.

 

Bir a’yon qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib,

So‘rabdi: «Hazratim. Bu qandayin hol?

Siz bolaga emas, balki u sizga qilib ta’zim,

Salom berishi dushvor!»

 

Navoiy debdiki: “Myen ko‘rgan bola

Ustozim – bolaning bobosi edi.

Olislarda qolib ketgan damlarning

Uzoqlardan kelgan sadosi edi…

 

Ustozim men uchun – otadan ulug‘!

Shuningchun bolaga qildim men ta’zim.

Ustozimdan qolgan nevarasiga

Salom bermasligim – gunohu azim!”

 

Dono xalqimiz o‘z maqollarida ham “Ustoz otadek ulug‘!” va “Ustoz otangdan ulug‘!” deb aytishlarida ham juda ko‘p ma’nolar bor...

Zero bu ulug‘ hikmatlar elning ellik ming elagidan o‘tkazilib, keyin muomalaga qo‘yilgan.

Iloho o‘zlarimizni ham, farzand-zurriyotlarimizni ham

Alloh taolo Qur’oni Karimda buyurgan,

Janobi Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam muborak hadisi shariflarida tavsiya etgan,

o‘tmishda o‘tganlarimizning ruhlari shod bo‘ladigan,

xalqimiz xursand bo‘ladigan,

ota-onalarimiz rozi bo‘ladigan yo‘llardan yurishimizni nasib etsin!

 

Ibrohimjon domla Inomov.