Sayt test holatida ishlamoqda!
06 Noyabr, 2026   |   26 Jumadul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:39
Quyosh
07:00
Peshin
12:12
Asr
15:31
Shom
17:16
Xufton
18:31
Bismillah
06 Noyabr, 2026, 26 Jumadul avval, 1448

Ustozga ehtirom

30.09.2021   4960   6 min.
Ustozga ehtirom

Islom – ilm-ma'rifat dini, shuning uchun u barcha musulmon va muslimalarga ilm olishni farz qilgan. Qur'oni karimning ilk nozil bo'lgan quyidagi oyat mazmuni ham bunga dalolat qiladi:   

“O'qing (ey, Muhammad! Butun borliqni) yaratgan zot bo'lmish Rabbingiz ismi bilan!” (Alaq, 1).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham ummatlariga beshikdan qabrgacha ilm izlashni buyurganlar. Chunki ilm ruhning ozuqasidir. Insoniyat ilm bilangina Allohni taniydi, haqiqiy saodatni qo'lga kiritadi, uning sharofati bilan yuksaladi.

Ilm esa ustozning sa'y-harakati, tinimsiz mehnati, g'ayrati va matonati bilan egallanadi. Ahli ilmlar – ziyolilarni bejizga “anbiyolarning merosxo'rlari” deb e'zozlanmaganlar. Qur'oni karimda o'zi egallagan ilmni boshqalarga o'rgatgan ustozlarning sha'ni-sharafi naqadar ulug'ligi haqida bunday marhamat qilinadi:

“...Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko'tarur. Alloh qilayotgan (barcha yaxshi va yomon) amallaringizdan xabardordir” (Mujodala surasi, 11-oyat).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan hadisi shariflarda boshqalarga ilm-ma'rifatni o'rgatgan ustozlar alohida ehtiromga loyiq zotlar deya ta'riflanadi. Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Ikki kishiga hasad (havas ma'nosida) qilish joiz: birinchisi – Alloh taolo bergan mol-dunyoni haq yo'lga infoq-ehson qiluvchi kishiga; ikkinchisi – Alloh taolo ilm bergan bo'lsayu, o'sha ilm bilan hukm qilgan va uni boshqalarga o'rgatgan kishiga", deganlar. (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).

Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday deganlar: "Agar inson vafot qilsa, uning barcha amali to'xtaydi, faqat uch narsada to'xtamay nomai a'moliga yozib boriladi: 1) sadaqai joriya, ya'ni kishilarga manfaati etadigan madrasa, ko'prik, ariq kabilarga sarflangan sadaqa, ehson; 2) manfaatli ilm, ya'ni o'rgatilgan ilm yoki yozib qoldirilgan asar; 3) ota-onasiga duo qiluvchi solih farzand qoldirilishi" (Imom Muslim rivoyati). Bundan ma'lum bo'ladiki, ustozlar tarqatgan ilm ularning vafotidan keyin ham savob keltiraveradi.

Shuning uchun ilm toliblaridan, qolaversa barcha kishilardan olimni e'zozlash, hurmatini joyiga qo'yish, ilm bilan shug'ullanishi uchun sharoit yaratib berish talab etiladi. Ustozga mehr qo'ymagan, hurmat qilmagan shogirdning ilmni puxta egallashiga ishonish qiyin. Bemor kishi o'z ixtiyorini butunlay tabibga topshirganiday, ta'lim oluvchi shogird ham o'zini batamom muallim ixtiyoriga topshirishi, uni e'zozlab hurmatlashi va doimo xizmatida shay turishi kerak bo'ladi. bu esa ustozni qalbidagi, ong-shuuridagi bor bilimini berishiga sabab bo'ladi.

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu o'zidan yoshi ulug' bo'lgan Zayd ibn Sobit roziyallohu anhuning ulovlari tizginini ushlab, unga minishlarida yordam berib bunday deganlar: "Ulamolarga shunday xizmat qilishga buyurilganmiz. Agar shogird ulug'lik sifatiga etmay turib, undan faxrlanib kibrlansa, johildir. Zero, ilm-hikmat mo'min kishining yo'qotgan narsasidir, qachon topsa, uni olishga haqli". 

  Muallimning ham o'ziga xos burch va vazifalari mavjud. Muallim shogirdiga shafqatli bo'lishi, ularni o'z farzandidek ko'rishi, bergan ilmi uchun ulardan haq talab etmasligi, ilm bergani uchun mukofot va tashakkur istamasligi, balki Alloh yo'lida xolis ilm o'rgatishi lozim bo'ladi. Ustoz shogirdlariga biron narsani minnat qilmaydi, balki ularning qalblariga ilmni mahkamlash orqali Allohga yaqin bo'lishni niyat qiladi, tirishqoq shogirdlarini ma'naviy taqdirlash va rag'batlantirishni afzal deb biladi.

Tarixda ustoz va shogirdlikning go'zal ibratlari bor. Ikki buyuk shoir Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiyning ustoz va shogirdlik munosabatlari necha asrdan buyon hammani lol qoldirib kelyapti: Alisher Navoiy hayotda ham, ijodda ham hamisha ustoziga ergashdi, unga o'xshashga intildi. Ustozi kabi u ham “Hamsa” yozdi, ustozining “Nafahotul-uns” asarini yanada boyitib, “Nasoyimul-muhabbat” nomli yangi asar yozdi. Huddi shuningdek, o'z davrining ikki buyuk allomasi Qozizoda Rumiy bilan Mirzo Ulug'bekning ustoz-shogirdlik munosabatlari tarix sahifalariga oltin harflar bilan bitib qo'yilgan.

O'rta asrlarning ulug' faqihi Alouddin Samarqandiyning o'zining iqtidorli shogirdi Abu Bakr Kosoniyga ko'rsatgan lutf va marhamati ham barchaga ibrat bo'larlidir. Abu Bakr ustozidan olgan ilmida shu qadar yuksaldiki, ustozining ko'p jildli mashhur “Tuhfatul-fuqaho” asariga go'zal bir sharh yozib, uni “Bado'eus-sanoi fi tartibush-sharoi” (Din hukmlarini tartiblashda go'zal san'atlar) deya nomladi.

  Alloh taolo barchalarimizni ilm o'rganadigan, ilm o'rgatadigan ma'rifatli bandalaridan aylasin, ustozlarimizga dunyo va oxiratda ulkan savob va mukofotlarini ato etsin, barchalarimizga ikki dunyo saodatiga erishini muyassar qilsin!

 

Abdulhay TURSUNOV,
O'zbekiston musulmonlari idorasining
Namangan viloyat vakili

Maqolalar
Boshqa maqolalar

ZAMONNING CHIROQLARI

30.09.2026   58428   5 min.
ZAMONNING CHIROQLARI

Ustozlik maqomi qanchalik yuksak daraja ekanini Rasululloh alayhissalomning birgina hadis shariflari orqali bilib olishimiz mumkin. Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadis sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar:

“إنما بُعِثْتُ مُعَلِّمًا” ya’ni “men muallim – ustoz qilib yuborildim”. Ushbu rivoyatdan ustozlarning darajasi eng oliy martaba ekani namoyon bo‘ladi. Buyuk sahobalardan Ali roziyallohu anhu ustoz haqida: “menga bir harf o‘rgatgan kimsaning quliman, u xohlasa meni sotib yuboradi, xohlasa qul qilib ishlatadi”, - deganlar. Navoiy bobomiz ham ustozlar haqida o‘z baytlarida dedilar: “Haq yo‘linda kim sanga bir harf o‘qutmish ranj ila,  aylamak bo‘lmas ado, oning haqin yuz ganj ila”. Dunyodagi barcha mol-u mulkni bir qilib ilm bergan ustozga o‘qitgan ilmi evaziga deyilsa, o‘rgatgan ilmi tugul ustozning ta’lim jarayonida chekkan zahmatining o‘ziga ham arzimas va yetarli bo‘lmas ekan. Alloh taolo ustozning etagini tutib unga ergashish vojib amal ekanini O‘z oyatida bayon yetib, shunday marhamat qiladi: “Menga yo‘nalganlarning yo‘liga ergash…” (Luqmon surasi 15-oyat). Ya’ni: Alloh taolo O‘z oyatlarida menga yo‘nalgan, ya’ni to‘g‘ri yo‘lda yurgan va Rasullarning haqiqiy izdoshlari bo‘lmish ustozlarga ergashib ularning etagini mahkam tut demoqda. Demak, biz ustozga ehtirom ko‘rsatsak to‘g‘ridan to‘g‘ri eng birinchi muallim Rasululloh alayhissalomga hurmat ko‘rsatgan bo‘lamiz. Insonning ilmga yetishi va olim bo‘lishidagi asosiy yo‘l bu – ustozdir!. Talaba ustozining kamchiliklarini izlashi yoki uni yonida bo‘lganida hurmat qilishi uyoqda tursin, hatto ustoz haqida yomon gumonda bo‘lish ham zarardir. Bunga Imom Rabboniyning hayotidan “At-Tasavvuf vas-suluk” asarida kelgan bir misolni keltirsak: Talaba ustozini, o‘ziga eng manfaatli zot deb bilishi kerak. Chunki, botiniy salohiyat va ma’rifat mana shu ustoz tarafidan hosil bo‘ladi. Agar boshqa jihatlarga e’tibor qaratsa, ustozning fayzu barakasidan mahrum bo‘ladi. Ustoz alloma bo‘lmasligi mumkin. Lekin, talaba uchun eng foydali insondir. Yosh bolaga o‘z onasi boshqalarga nisbatan mehr-shafqatli bo‘ladi. Shu bilan birga boshqa ayollar aql va fazlda undan afzal bo‘lishi mumkin. Ana shu kabi talaba ham o‘z ustozidan boshqalardan olmagan manfaatni oladi. Talaba uchun ustozi haqidagi chiroyli gumoni miqdoricha fayzu futuhlar eshigi ochiladi. Shayx Mujaddid Alfis-Soniy rahimahulloh juda ham kam gap edilar. Bir kishi U zotga bir marta: “Bizga nasihat qiling manfaat olaylik, ey sayyidim!” — dedi. Shunda u zot: “Bizning sukutimizdan foyda olmagan inson, suhbatimizdan aslo manfaat olmas” — dedilar. Hazrat Mujaddid Alfis-Soniy rahimahulloh aytadilar: “Biz bir yo‘ldagi uch birodar talaba yedik. Ammo, ustozimiz haqidagi gumonlarimiz turlicha edi. Bir sherigim: “Ustoz komil zot. Lekin, o‘zgani kamolotga yetkazolmaydi” — deb o‘ylardi. Ikkinchisi yesa: “Ustoz komil. Lekin, sohibi irshod emas” — deb o‘ylardi. Men: “Agar bu ummatdan biror kishi uchun muvaffaqiyat bo‘lsa, u komil shayxdir” — deb o‘ylardim, mana shu chiroyli gumonim sabab, Alloh taolo meni Mujaddid Alfis-Soniy (Ikkinchi ming yillikning avliyosi) darajasiga tanlab oldi!”.

Ba’zan ustozlarimiz bizga qattiqqo‘llik qilsalar bu aslida yomon ko‘rish emas, balki bu muhabbatdir. Bu haqida Shayxul-mashoyix Zulfiqor Ahmad Naqshbandiy rahimahulloh o‘zlarining “At-Tasavvuf vas-suluk” asarida shunday keltiradilar:  Ustozning qattiqqo‘lligi va koyishi sabab, talaba ranjimasin va ustoz haqida noo‘rin fikrlarga borib, ustozni tark etmasin. Chunki, ustozning tanbehlari shogirdni sayqallab, jilo beradi. Bog‘bon o‘z bog‘idagi daraxtlarning ortiqcha shoxlarini kesadi, natijada unib-o‘sishi go‘zal, ko‘rinishi chiroyli bo‘ladi. Tabib ham, bemorning jarohatini yorib, kasal tekkan a’zoni davolab, so‘ng inson tuzalishi uchun jarohatni tikib qo‘yadi. Huddi shu kabi ustoz ham o‘z shogirdiga mehr va rahmat ila muomala qiladi. Gohida koyib beradi, goh qattiqqo‘llik qiladi. Talaba maqtovga sazovor sifatlar bilan bezanishi uchun. Ustozning botiniy kasallik ila bemor bo‘lgan shogirdni koyishi, zaharga qarshi dori kabidir. Chunki, ustoz ixlos bilan tarbiya berish maqsadida talabalarni koyiydi.

Xulosa qilib aytganda, ustozlarni ulug‘lash bevosita Rasululloh alayhissalomni ikrom qilishdir. Bu esa talabaning ilmi yanada ziyoda bo‘lishi yo‘lidagi muhim omil sanaladi. Ustozlarning koyishi esa, ruhimizning islohi, unib-ulg‘ayishimiz yo‘lidagi haqiqiy shifobaxsh malhamdir.

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati

1. Qur’oni karim.

2.  Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, “Tafsiri hilol”, Hilol nashr, Toshkent. 2008.

3. Imom Burhoniddin Zarnujiy, “Ta’lim ul-muta’allim tariq at-ta’allum”, Ramadon, Indoneziya. 2009.

4. Muhammadbobur Muhiddinov va Muhammadyunus Muhammadmuso, “Har mo‘minning orzusi”, Muruvvatli-dil press, 2026.

 

"Hasanxon qori" jome masjidi

imom-xatibi 

Najmiddin domla Hasanov