Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Noyabr, 2026   |   4 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:48
Quyosh
07:10
Peshin
12:12
Asr
15:24
Shom
17:08
Xufton
18:24
Bismillah
14 Noyabr, 2026, 4 Jumadul soni, 1448

Ustozga ehtirom

30.09.2021   5462   6 min.
Ustozga ehtirom

Islom – ilm-ma'rifat dini, shuning uchun u barcha musulmon va muslimalarga ilm olishni farz qilgan. Qur'oni karimning ilk nozil bo'lgan quyidagi oyat mazmuni ham bunga dalolat qiladi:   

“O'qing (ey, Muhammad! Butun borliqni) yaratgan zot bo'lmish Rabbingiz ismi bilan!” (Alaq, 1).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham ummatlariga beshikdan qabrgacha ilm izlashni buyurganlar. Chunki ilm ruhning ozuqasidir. Insoniyat ilm bilangina Allohni taniydi, haqiqiy saodatni qo'lga kiritadi, uning sharofati bilan yuksaladi.

Ilm esa ustozning sa'y-harakati, tinimsiz mehnati, g'ayrati va matonati bilan egallanadi. Ahli ilmlar – ziyolilarni bejizga “anbiyolarning merosxo'rlari” deb e'zozlanmaganlar. Qur'oni karimda o'zi egallagan ilmni boshqalarga o'rgatgan ustozlarning sha'ni-sharafi naqadar ulug'ligi haqida bunday marhamat qilinadi:

“...Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko'tarur. Alloh qilayotgan (barcha yaxshi va yomon) amallaringizdan xabardordir” (Mujodala surasi, 11-oyat).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan hadisi shariflarda boshqalarga ilm-ma'rifatni o'rgatgan ustozlar alohida ehtiromga loyiq zotlar deya ta'riflanadi. Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Ikki kishiga hasad (havas ma'nosida) qilish joiz: birinchisi – Alloh taolo bergan mol-dunyoni haq yo'lga infoq-ehson qiluvchi kishiga; ikkinchisi – Alloh taolo ilm bergan bo'lsayu, o'sha ilm bilan hukm qilgan va uni boshqalarga o'rgatgan kishiga", deganlar. (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).

Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday deganlar: "Agar inson vafot qilsa, uning barcha amali to'xtaydi, faqat uch narsada to'xtamay nomai a'moliga yozib boriladi: 1) sadaqai joriya, ya'ni kishilarga manfaati etadigan madrasa, ko'prik, ariq kabilarga sarflangan sadaqa, ehson; 2) manfaatli ilm, ya'ni o'rgatilgan ilm yoki yozib qoldirilgan asar; 3) ota-onasiga duo qiluvchi solih farzand qoldirilishi" (Imom Muslim rivoyati). Bundan ma'lum bo'ladiki, ustozlar tarqatgan ilm ularning vafotidan keyin ham savob keltiraveradi.

Shuning uchun ilm toliblaridan, qolaversa barcha kishilardan olimni e'zozlash, hurmatini joyiga qo'yish, ilm bilan shug'ullanishi uchun sharoit yaratib berish talab etiladi. Ustozga mehr qo'ymagan, hurmat qilmagan shogirdning ilmni puxta egallashiga ishonish qiyin. Bemor kishi o'z ixtiyorini butunlay tabibga topshirganiday, ta'lim oluvchi shogird ham o'zini batamom muallim ixtiyoriga topshirishi, uni e'zozlab hurmatlashi va doimo xizmatida shay turishi kerak bo'ladi. bu esa ustozni qalbidagi, ong-shuuridagi bor bilimini berishiga sabab bo'ladi.

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu o'zidan yoshi ulug' bo'lgan Zayd ibn Sobit roziyallohu anhuning ulovlari tizginini ushlab, unga minishlarida yordam berib bunday deganlar: "Ulamolarga shunday xizmat qilishga buyurilganmiz. Agar shogird ulug'lik sifatiga etmay turib, undan faxrlanib kibrlansa, johildir. Zero, ilm-hikmat mo'min kishining yo'qotgan narsasidir, qachon topsa, uni olishga haqli". 

  Muallimning ham o'ziga xos burch va vazifalari mavjud. Muallim shogirdiga shafqatli bo'lishi, ularni o'z farzandidek ko'rishi, bergan ilmi uchun ulardan haq talab etmasligi, ilm bergani uchun mukofot va tashakkur istamasligi, balki Alloh yo'lida xolis ilm o'rgatishi lozim bo'ladi. Ustoz shogirdlariga biron narsani minnat qilmaydi, balki ularning qalblariga ilmni mahkamlash orqali Allohga yaqin bo'lishni niyat qiladi, tirishqoq shogirdlarini ma'naviy taqdirlash va rag'batlantirishni afzal deb biladi.

Tarixda ustoz va shogirdlikning go'zal ibratlari bor. Ikki buyuk shoir Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiyning ustoz va shogirdlik munosabatlari necha asrdan buyon hammani lol qoldirib kelyapti: Alisher Navoiy hayotda ham, ijodda ham hamisha ustoziga ergashdi, unga o'xshashga intildi. Ustozi kabi u ham “Hamsa” yozdi, ustozining “Nafahotul-uns” asarini yanada boyitib, “Nasoyimul-muhabbat” nomli yangi asar yozdi. Huddi shuningdek, o'z davrining ikki buyuk allomasi Qozizoda Rumiy bilan Mirzo Ulug'bekning ustoz-shogirdlik munosabatlari tarix sahifalariga oltin harflar bilan bitib qo'yilgan.

O'rta asrlarning ulug' faqihi Alouddin Samarqandiyning o'zining iqtidorli shogirdi Abu Bakr Kosoniyga ko'rsatgan lutf va marhamati ham barchaga ibrat bo'larlidir. Abu Bakr ustozidan olgan ilmida shu qadar yuksaldiki, ustozining ko'p jildli mashhur “Tuhfatul-fuqaho” asariga go'zal bir sharh yozib, uni “Bado'eus-sanoi fi tartibush-sharoi” (Din hukmlarini tartiblashda go'zal san'atlar) deya nomladi.

  Alloh taolo barchalarimizni ilm o'rganadigan, ilm o'rgatadigan ma'rifatli bandalaridan aylasin, ustozlarimizga dunyo va oxiratda ulkan savob va mukofotlarini ato etsin, barchalarimizga ikki dunyo saodatiga erishini muyassar qilsin!

 

Abdulhay TURSUNOV,
O'zbekiston musulmonlari idorasining
Namangan viloyat vakili

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Sog‘lom e’tiqod – ma’naviy barqarorlik asosidir

08.10.2026   60564   6 min.
Sog‘lom e’tiqod – ma’naviy barqarorlik asosidir

Bugun biz dunyoning turli hududlarida urushlar, nohaqdan qon to‘kilishga jim qarab turadigan va o‘zgalarning haqini o‘ylab o‘tirmay poymol qilinadigan tahlikali zamonda yashamoqdamiz. Shunday og‘ir vaziyatda o‘zimizni, yurtimizni qolaversa yurtimiz ahlini omonda saqlashga jon-jahdimiz bilan kirishishimiz barchamiz uchun birdek ham farz, ham qarzdir.
 

Bugungi yer yuzida bo‘layotgan buzg‘unchilik va begunoh odamlar qonini to‘kish kabi jinoyatlar negizida e’tiqodiy buzuqlik, aqida bilmaslik, to‘g‘ri yo‘ldan adashish va sof islom ta’limotlarini teran anglamaslikdan kelib chiqmoqda. Shu sabab sizlarga bu maqola orqali islomda e’tiqodning o‘rni haqida eslatma keltiramiz.


E’tiqod – bu birgina Islom diniga bog‘lanib qolgan tushuncha emas, balki barcha dinlarning eng asosiy poydevori sanaladi. Zero, din deb aytiladigan barcha yo‘nalish uch asos ustiga quriladi: E’tiqod, Hukm va axloq.


E’tiqod – Allohning borligi, birligi, farishtalarga, kitoblarga va shu kabi bir necha narsalarga iymon keltirish demakdir.


Hukm – bir narsaning halol, harom yoki shubhali kabi bo‘limlarga ajratib beruvchi qismdir.


Axloq – insonning o‘zga maxluqotlardan ajratib, uni qaysi turga mansub ekanini ko‘rsatib beruvchi omildir.


Shu uch qismning yig‘indisi yagona din deb ataladi. Inson nafsiga bas kelolmay axloqi buzuqroq bo‘lib qolishi mumkin ba’zida, yoki ayrim halol va harom masalalarida adashib ketishini ham tushinsa bo‘ladi. Lekin e’tiqodsiz bo‘lishi mumkin emas, chunki uning kim ekanini e’tiqod belgilaydi.


Xo‘sh, e’tiqod o‘zi nima?, biz qaysi e’tiqoddamiz?, e’tiqodga ergashishda qanday foyda, aksida esa qanday zararlar bor?


E’tiqod ilmi odatda «Aqida» nomi bilan ham keng tarqalgan. Ikki nomning ham asl o‘zagi bir «Aqd» so‘zidan olingan. Bu so‘z arabcha bo‘lib, «bir narsani ikkinchisiga mahkam bog‘lash» degan ma’noni anglatadi. Ya’ni islom aqidasi musulmon insonni ma’lum bir narsalar bilan mahkam bog‘lab turadigan e’tiqodlar majmuasidir.


Dunyoda bir qancha aqida, falsafiy fikrlar ham bor, ular ichida hozirgi kunga kelib yo‘qolib ketganlari ham talaygina. Biroq, ahli sunna jamoasi e’tirof etgan e’tiqodiy ta’limot yo‘li ikki dona bo‘lib, ular: moturidiylik va ash’ariylik ta’limotlaridir. Dunyoda islomda parokandalik va buzg‘unchilik paydo qiladigan turli fikr, falsafa va e’tiqodlar yuzaga kelgan bir davrda, Qur’oni karim, hadis sharif va sahobalarning uslubida aqida masalalarini yorita boshlagan sof e’tiqodli olimlar paydo bo‘la boshladi. Aynan shularga «Ahli sunna val jamoa» nomi berildi. Bu nom «sunnatga yurganlarning yo‘li va hadisga amal qiladiganlar» degan ma’noni ko‘zda tutadi. Keyinchalik aqida ilmi ham o‘z imomlariga ega bo‘ldi: Imom Moturidiy va Imom Ash’ariy rohimahullohlar.


Ushbu imomlardan biri bizning mo‘tabar yurtimizdan yetishib chiqqan, buyuk siymo, alloma, Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Moturiydiy rohimahulloh. U kishi Samarqandda tug‘ilib, o‘sib, ta’lim olib, ijod qilib, shu yerning o‘zida hijriy 333-sanada vafot etgan. Yana bir e’tiborga molik jihati shundaki, bu kishi mazhabda Hanafiy mazhabiga ergashganlar. Shu bilan birga ikki vosita ila Abu Hanifa rohimahullohning shogirdi Imom Muhammad ibn Hasan rohimahullohga shogird ham bo‘ladi. Biz va ota-bobolarimiz  e’tiqodda ana shunday buyuk bobokalonimizning ta’limoti bo‘lmish Moturidiya aqidasidamiz. Moturidiylik ta’limoti o‘zgalaridan farqi va haqiqiy sunnatga ergashgan yo‘l ekanini bir misol o‘laroq ko‘rib chiqamiz.


Moturidiylik ta’limotiga binoan biz «gunoh ish qilgan odamni dindan chiqdi demaymiz, modomiki o‘sha harom ishni halol sanamasa». Xulosa qilib aytganda, mo‘min odam gunohi kabira qilishi bilan kofir bo‘lib qolmaydi. Ammo o‘sha qilgan harom ishini halol, halol ishini harom desa, keyin kofir bo‘ladi.


Aynan mana shu biz keltirgan masala bo‘yicha o‘zga fikrlarni keltirib o‘tamiz:


Biz, ahli sunna val jamoa biror kishini gunohi kabira qilgani uchun kofir demaymiz, shu bilan iymoni bo‘lsa gunoh unga zarar bermaydi ham demaymiz.


Xavorijlar esa, gunohi kabira qilganni kofir deydi. Mo‘taziliy toifasi esa, gunohi kabira qilganni dindan chiqdi, lekin kufrga kirmadi deydilar. Ya’ni din va dinsizlik orasida deyishadi.


Xavorij va Mu’taziliylarning so‘zlariga ham o‘z dalillari bor:


«Musulmonni so‘kish fisqdir. U bilan urush qilish kufrdir» (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati). Shu va shu kabi bir qancha hadislarni dalil qilib olishadi.  Ana shu yerda haqli savol tug‘iladi, biz gunoh sabab kofir bo‘lmaydi deyapmiz. Ammo hadisda ochiq «U bilan urush qilish kufrdir» degan gap turibdi. Bunga nima deb javob beramiz?.


Agar gunohi kabira qilish kufr bo‘lganida, shariat hadlarni joriy qilmas edi. Masalan, o‘g‘rining qo‘li kesilishi, zinokorga had urilishi kabi. Balki, dindan chiqdi, kofir va murtad bo‘ldi. Endi faqat yagona yo‘l uni o‘ldirish kerak der edi. Mana shu holat va hukmning o‘ziyoq yuqoridagi toifalarning so‘zlari qanchalik botil ekanini bayon etadi.

Xulosa qiladigan bo‘lsak, to‘g‘ri e’tiqod o‘zgalarga nisbatan ham chiroyli gumonni keltiradi. Sof e’tiqoddan yiroqlashish esa, inonning o‘ziga ham o‘zgalar tinchiga ham rahna soladigan illat bo‘lib xizmat qiladi.

 

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati.

1. Ahmad ibn Hajar al-Asqaloniy, «Fathul boriy sharhi Sahihul Buxoriy», Dorul rayyani lit-turos, Qohira, 1986, 1-bosma.

2. Abdulmajid az-Zindoniy va boshqalar, «Al-Iymon», Al-Maktabatut-tijoriyya, Makka.

3. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, «Aqoid ilmlari va unga bog‘liq masalalar», Hilol nashr, Toshkent. 2022.

Najmiddin domla HASANOV, 

Toshkent shahar, Chilonzor tumani

Hasanxon qori masjidi imom-xatibi