Islom – ilm-ma'rifat dini, shuning uchun u barcha musulmon va muslimalarga ilm olishni farz qilgan. Qur'oni karimning ilk nozil bo'lgan quyidagi oyat mazmuni ham bunga dalolat qiladi:
“O'qing (ey, Muhammad! Butun borliqni) yaratgan zot bo'lmish Rabbingiz ismi bilan!” (Alaq, 1).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham ummatlariga beshikdan qabrgacha ilm izlashni buyurganlar. Chunki ilm ruhning ozuqasidir. Insoniyat ilm bilangina Allohni taniydi, haqiqiy saodatni qo'lga kiritadi, uning sharofati bilan yuksaladi.
Ilm esa ustozning sa'y-harakati, tinimsiz mehnati, g'ayrati va matonati bilan egallanadi. Ahli ilmlar – ziyolilarni bejizga “anbiyolarning merosxo'rlari” deb e'zozlanmaganlar. Qur'oni karimda o'zi egallagan ilmni boshqalarga o'rgatgan ustozlarning sha'ni-sharafi naqadar ulug'ligi haqida bunday marhamat qilinadi:
“...Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko'tarur. Alloh qilayotgan (barcha yaxshi va yomon) amallaringizdan xabardordir” (Mujodala surasi, 11-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan hadisi shariflarda boshqalarga ilm-ma'rifatni o'rgatgan ustozlar alohida ehtiromga loyiq zotlar deya ta'riflanadi. Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Ikki kishiga hasad (havas ma'nosida) qilish joiz: birinchisi – Alloh taolo bergan mol-dunyoni haq yo'lga infoq-ehson qiluvchi kishiga; ikkinchisi – Alloh taolo ilm bergan bo'lsayu, o'sha ilm bilan hukm qilgan va uni boshqalarga o'rgatgan kishiga", deganlar. (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).
Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday deganlar: "Agar inson vafot qilsa, uning barcha amali to'xtaydi, faqat uch narsada to'xtamay nomai a'moliga yozib boriladi: 1) sadaqai joriya, ya'ni kishilarga manfaati etadigan madrasa, ko'prik, ariq kabilarga sarflangan sadaqa, ehson; 2) manfaatli ilm, ya'ni o'rgatilgan ilm yoki yozib qoldirilgan asar; 3) ota-onasiga duo qiluvchi solih farzand qoldirilishi" (Imom Muslim rivoyati). Bundan ma'lum bo'ladiki, ustozlar tarqatgan ilm ularning vafotidan keyin ham savob keltiraveradi.
Shuning uchun ilm toliblaridan, qolaversa barcha kishilardan olimni e'zozlash, hurmatini joyiga qo'yish, ilm bilan shug'ullanishi uchun sharoit yaratib berish talab etiladi. Ustozga mehr qo'ymagan, hurmat qilmagan shogirdning ilmni puxta egallashiga ishonish qiyin. Bemor kishi o'z ixtiyorini butunlay tabibga topshirganiday, ta'lim oluvchi shogird ham o'zini batamom muallim ixtiyoriga topshirishi, uni e'zozlab hurmatlashi va doimo xizmatida shay turishi kerak bo'ladi. bu esa ustozni qalbidagi, ong-shuuridagi bor bilimini berishiga sabab bo'ladi.
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu o'zidan yoshi ulug' bo'lgan Zayd ibn Sobit roziyallohu anhuning ulovlari tizginini ushlab, unga minishlarida yordam berib bunday deganlar: "Ulamolarga shunday xizmat qilishga buyurilganmiz. Agar shogird ulug'lik sifatiga etmay turib, undan faxrlanib kibrlansa, johildir. Zero, ilm-hikmat mo'min kishining yo'qotgan narsasidir, qachon topsa, uni olishga haqli".
Muallimning ham o'ziga xos burch va vazifalari mavjud. Muallim shogirdiga shafqatli bo'lishi, ularni o'z farzandidek ko'rishi, bergan ilmi uchun ulardan haq talab etmasligi, ilm bergani uchun mukofot va tashakkur istamasligi, balki Alloh yo'lida xolis ilm o'rgatishi lozim bo'ladi. Ustoz shogirdlariga biron narsani minnat qilmaydi, balki ularning qalblariga ilmni mahkamlash orqali Allohga yaqin bo'lishni niyat qiladi, tirishqoq shogirdlarini ma'naviy taqdirlash va rag'batlantirishni afzal deb biladi.
Tarixda ustoz va shogirdlikning go'zal ibratlari bor. Ikki buyuk shoir Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiyning ustoz va shogirdlik munosabatlari necha asrdan buyon hammani lol qoldirib kelyapti: Alisher Navoiy hayotda ham, ijodda ham hamisha ustoziga ergashdi, unga o'xshashga intildi. Ustozi kabi u ham “Hamsa” yozdi, ustozining “Nafahotul-uns” asarini yanada boyitib, “Nasoyimul-muhabbat” nomli yangi asar yozdi. Huddi shuningdek, o'z davrining ikki buyuk allomasi Qozizoda Rumiy bilan Mirzo Ulug'bekning ustoz-shogirdlik munosabatlari tarix sahifalariga oltin harflar bilan bitib qo'yilgan.
O'rta asrlarning ulug' faqihi Alouddin Samarqandiyning o'zining iqtidorli shogirdi Abu Bakr Kosoniyga ko'rsatgan lutf va marhamati ham barchaga ibrat bo'larlidir. Abu Bakr ustozidan olgan ilmida shu qadar yuksaldiki, ustozining ko'p jildli mashhur “Tuhfatul-fuqaho” asariga go'zal bir sharh yozib, uni “Bado'eus-sanoi fi tartibush-sharoi” (Din hukmlarini tartiblashda go'zal san'atlar) deya nomladi.
Alloh taolo barchalarimizni ilm o'rganadigan, ilm o'rgatadigan ma'rifatli bandalaridan aylasin, ustozlarimizga dunyo va oxiratda ulkan savob va mukofotlarini ato etsin, barchalarimizga ikki dunyo saodatiga erishini muyassar qilsin!
Abdulhay TURSUNOV,
O'zbekiston musulmonlari idorasining
Namangan viloyat vakili
Bugungi jamiyatimizda odob-axloq jihatidan oqsoqliklar ko‘zga tashlanmoqda. Salom berish, yordamga muhtojlarni ko‘rganda ko‘maklashish, o‘zidan kattalarga hurmat ko‘rsatish kabi qadriyatlar kamayib borayotganini hech kim inkor qilmasa kerak. Holbuki, har bir ota-ona farzandining ilmli, solih va yetuk inson bo‘lib kamol topganini ko‘rishni orzu qiladi. Biroq “holva” degan bilan og‘iz shirin bo‘lmaydi. Ya’ni quruq orzu-havasning o‘zi kifoya qilmaydi. Balki doimiy va tartibli ta’lim-tarbiya ishiga kirishish lozim bo‘ladi. Bu borada jamiyatdagi insonlarni uch toifaga bo‘lish mumkin:
1. O‘zi ham amal qilib, farzandini ham ezgulikka yetaklaydiganlar. Bu tutum dunyo va oxirat saodatini ko‘zlagan mo‘minning yo‘li. Tarbiyada eng samarali omil ota-onaning shaxsiy namunasidir. Bolaga, avvalo, Allohni tanitish va solih amallar bilan o‘rnak bo‘lish lozim. Qur’oni karimda ta’kidlanganidek, iymon keltirib, ezgu amal qilganlarga dunyoda pokiza hayot, oxiratda esa abadiy jannat bashorati berilgan (Nahl surasi, 97-oyat).
2. O‘zi amal qilmay, farzandi tarbiyasiga mol-dunyo sarflaydiganlar. Unutmang, pul hamma narsani hal qilmaydi. Ota-onaning o‘zi diniy va axloqiy majburiyatlarni bajarmasa, pand-nasihatlari farzandga ta’sir qilmaydi. Oilaviy muhitda ota ta’minotga, ona tarbiyaga mas’ul bo‘lib, o‘zaro hurmat va hamjihatlik bo‘lishi shart.
Shuningdek, ota-onalarning behuda ishlar, masalan, telefonga ko‘p bog‘lanib qolishi tarbiyadagi eng katta bo‘shliqni yuzaga keltiradi. Farzand kamoloti uchun uning vaqtini to‘g‘ri taqsimlash, uyqu va dars tartibini doimiy nazoratda tutish, tartibni ushlash lozim. Eng muhimi, xulq ilmdan ustun turadi: xulqsiz berilgan ilm insonni zalolatga yetaklaydi, shu bois farzandga go‘zal axloqiy tarbiya berib, so‘ng ilm bilan ziynatlash kerak.
3. O‘zi ham amal qilmay, farzandini ham bunga chaqirmaydiganlar. Bu toifaning oqibati xatarlidir. Alloh taolo Toha surasida bunday marhamat qiladi: “Kim Mening zikrimdan yuz o‘girsa, albatta, uning uchun tang hayot bo‘lur...” (124-oyat). Mana shu oyatning o‘ziyoq kishini sergak torttirib, bu toifadan bo‘lib qolmaslikka undashi lozim.
Xulosa shuki, farzand qalbi va ruhiyati ildiz otishi kerak bo‘lgan daraxt ko‘chati kabidir. Uning ildizini iymon va taqvo mustahkamlaydi. Shunday ekan, kim farzandlari kamolini ko‘rishni istasa, amali va e’tiborini bilan shunga harakat qilsin. Alloh taolo barchamizni to‘g‘ri yo‘lda bardavom qilib, zurriyotlarimiz kamolini ko‘rsatsin.
Aziza RAHMATOVA,
Samarqand tumani bosh otinoyisi