Sayt test holatida ishlamoqda!
13 May, 2026   |   25 Zulqa`da, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:33
Quyosh
05:07
Peshin
12:24
Asr
17:23
Shom
19:37
Xufton
21:04
Bismillah
13 May, 2026, 25 Zulqa`da, 1447

Ustozga ehtirom

30.09.2021   3004   6 min.
Ustozga ehtirom

Islom – ilm-ma'rifat dini, shuning uchun u barcha musulmon va muslimalarga ilm olishni farz qilgan. Qur'oni karimning ilk nozil bo'lgan quyidagi oyat mazmuni ham bunga dalolat qiladi:   

O'qing (ey, Muhammad! Butun borliqni) yaratgan zot bo'lmish Rabbingiz ismi bilan! (Alaq, 1).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham ummatlariga beshikdan qabrgacha ilm izlashni buyurganlar. Chunki ilm ruhning ozuqasidir. Insoniyat ilm bilangina Allohni taniydi, haqiqiy saodatni qo'lga kiritadi, uning sharofati bilan yuksaladi.

Ilm esa ustozning sa'y-harakati, tinimsiz mehnati, g'ayrati va matonati bilan egallanadi. Ahli ilmlar – ziyolilarni bejizga “anbiyolarning merosxo'rlari” deb e'zozlanmaganlar. Qur'oni karimda o'zi egallagan ilmni boshqalarga o'rgatgan ustozlarning sha'ni-sharafi naqadar ulug'ligi haqida bunday marhamat qilinadi:

“...Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko'tarur. Alloh qilayotgan (barcha yaxshi va yomon) amallaringizdan xabardordir” (Mujodala surasi, 11-oyat).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan hadisi shariflarda boshqalarga ilm-ma'rifatni o'rgatgan ustozlar alohida ehtiromga loyiq zotlar deya ta'riflanadi. Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Ikki kishiga hasad (havas ma'nosida) qilish joiz: birinchisi – Alloh taolo bergan mol-dunyoni haq yo'lga infoq-ehson qiluvchi kishiga; ikkinchisi – Alloh taolo ilm bergan bo'lsayu, o'sha ilm bilan hukm qilgan va uni boshqalarga o'rgatgan kishiga", deganlar. (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).

Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday deganlar: "Agar inson vafot qilsa, uning barcha amali to'xtaydi, faqat uch narsada to'xtamay nomai a'moliga yozib boriladi: 1) sadaqai joriya, ya'ni kishilarga manfaati etadigan madrasa, ko'prik, ariq kabilarga sarflangan sadaqa, ehson; 2) manfaatli ilm, ya'ni o'rgatilgan ilm yoki yozib qoldirilgan asar; 3) ota-onasiga duo qiluvchi solih farzand qoldirilishi" (Imom Muslim rivoyati). Bundan ma'lum bo'ladiki, ustozlar tarqatgan ilm ularning vafotidan keyin ham savob keltiraveradi.

Shuning uchun ilm toliblaridan, qolaversa barcha kishilardan olimni e'zozlash, hurmatini joyiga qo'yish, ilm bilan shug'ullanishi uchun sharoit yaratib berish talab etiladi. Ustozga mehr qo'ymagan, hurmat qilmagan shogirdning ilmni puxta egallashiga ishonish qiyin. Bemor kishi o'z ixtiyorini butunlay tabibga topshirganiday, ta'lim oluvchi shogird ham o'zini batamom muallim ixtiyoriga topshirishi, uni e'zozlab hurmatlashi va doimo xizmatida shay turishi kerak bo'ladi. bu esa ustozni qalbidagi, ong-shuuridagi bor bilimini berishiga sabab bo'ladi.

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu o'zidan yoshi ulug' bo'lgan Zayd ibn Sobit roziyallohu anhuning ulovlari tizginini ushlab, unga minishlarida yordam berib bunday deganlar: "Ulamolarga shunday xizmat qilishga buyurilganmiz. Agar shogird ulug'lik sifatiga etmay turib, undan faxrlanib kibrlansa, johildir. Zero, ilm-hikmat mo'min kishining yo'qotgan narsasidir, qachon topsa, uni olishga haqli". 

  Muallimning ham o'ziga xos burch va vazifalari mavjud. Muallim shogirdiga shafqatli bo'lishi, ularni o'z farzandidek ko'rishi, bergan ilmi uchun ulardan haq talab etmasligi, ilm bergani uchun mukofot va tashakkur istamasligi, balki Alloh yo'lida xolis ilm o'rgatishi lozim bo'ladi. Ustoz shogirdlariga biron narsani minnat qilmaydi, balki ularning qalblariga ilmni mahkamlash orqali Allohga yaqin bo'lishni niyat qiladi, tirishqoq shogirdlarini ma'naviy taqdirlash va rag'batlantirishni afzal deb biladi.

Tarixda ustoz va shogirdlikning go'zal ibratlari bor. Ikki buyuk shoir Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiyning ustoz va shogirdlik munosabatlari necha asrdan buyon hammani lol qoldirib kelyapti: Alisher Navoiy hayotda ham, ijodda ham hamisha ustoziga ergashdi, unga o'xshashga intildi. Ustozi kabi u ham “Hamsa” yozdi, ustozining “Nafahotul-uns” asarini yanada boyitib, “Nasoyimul-muhabbat” nomli yangi asar yozdi. Huddi shuningdek, o'z davrining ikki buyuk allomasi Qozizoda Rumiy bilan Mirzo Ulug'bekning ustoz-shogirdlik munosabatlari tarix sahifalariga oltin harflar bilan bitib qo'yilgan.

O'rta asrlarning ulug' faqihi Alouddin Samarqandiyning o'zining iqtidorli shogirdi Abu Bakr Kosoniyga ko'rsatgan lutf va marhamati ham barchaga ibrat bo'larlidir. Abu Bakr ustozidan olgan ilmida shu qadar yuksaldiki, ustozining ko'p jildli mashhur “Tuhfatul-fuqaho” asariga go'zal bir sharh yozib, uni “Bado'eus-sanoi fi tartibush-sharoi” (Din hukmlarini tartiblashda go'zal san'atlar) deya nomladi.

  Alloh taolo barchalarimizni ilm o'rganadigan, ilm o'rgatadigan ma'rifatli bandalaridan aylasin, ustozlarimizga dunyo va oxiratda ulkan savob va mukofotlarini ato etsin, barchalarimizga ikki dunyo saodatiga erishini muyassar qilsin!

 

Abdulhay TURSUNOV,
O'zbekiston musulmonlari idorasining
Namangan viloyat vakili

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

HAJGA OID SAVOL-JAVOBLAR UCHUN KOLL-MARKAZ VA TЕLЕGRAM BOT XIZMATI YO‘LGA QO‘YILDI

12.05.2026   3473   1 min.
HAJGA OID SAVOL-JAVOBLAR UCHUN KOLL-MARKAZ VA TЕLЕGRAM BOT XIZMATI YO‘LGA QO‘YILDI

O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan "Haj – 2026" mavsumida haj ibodatiga oid savollarga tezkor javob beruvchi Koll-markaz va maxsus bot xizmati yo‘lga qo‘yildi.

Mazkur zamonaviy aloqa vositasi va elektron ma’lumot almashuv xizmatida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiligidagi Fatvo markazining tajribali ulamolari faoliyat yuritadi.   
 

Haj mavsumida Saudiya Arabistonida bo‘lib turgan ziyoratchilar Hajga doir shar’iy savollar yuzasidan 0595914546 telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qilishlari mumkin bo‘ladi.


 

Shuningdek, savollarni Fatvo markazining Telegramdagi @mabrurhajbot manziliga savol yo‘llab ham yozma javob olish imkoniyati mavjud.



Mamlakatimizda safar taraddudidagi hamyurtlarimiz esa Fatvo markazi koll-markazining 781503344 yoki 1171 telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qilish orqali savollariga javob olishlari mumkin.
 

Eslatma: "Haj – 2026" mavsumida Saudiyadagi Koll-markaz va mazkur telegram bot faqat haj amallariga oid murojaatlarga javob beradi.



Ma’lumot o‘rnida, "Haj" va "Umra" tadbirlarini tashkil etish markazining rasmiy telegram kanali:
https://t.me/hajumrauz

Telefon raqamlari:
+998998821858
+998888821858
+998778821858

#mabrur_hajning_mukofoti_jannat!

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari