Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Iyul, 2025   |   24 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:27
Quyosh
05:06
Peshin
12:34
Asr
17:39
Shom
19:56
Xufton
21:27
Bismillah
19 Iyul, 2025, 24 Muharram, 1447

Buyuk kelajak bunyodkorlari

30.09.2021   1467   9 min.
Buyuk kelajak bunyodkorlari

1 oktyabr' – O'qituvchi va murabbiylar kuni

 

Hammamiz har doim bosh egib, ta'zim qiladigan, ehtirom ko'rsatadigan ustoz va murabbiylarga, aytish mumkinki, so'nggi yillarda e'tibor yanada kuchaydi. Ularga har jihatdan qulay shart-sharoitlar yaratilayotgani e'tiborga molik.

Har yili 1 oktyabrt' – O'qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan ta'lim-tarbiya tizimida alohida o'rnak ko'rsatgan xodimlardan bir guruhini mukofotlash to'g'risida Prezident Farmonining qabul qilinayotgani sohani yanada ravnaq toptirishda muhim omil bo'lmoqda. Fidoyi ustoz va murabbiylardan 199 nafari davlatimizning ana shunday yuksak mukfotlariga sazovor bo'ldi.

Kuni kecha muhtaram Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoev Farg'ona viloyatiga tashriflari asnosida: “Ming afsuski, yurtimizda ta'lim sohasi achinarli holatga kelib qolgan. Biz hozir o'qituvchining obro'sini oshirishimiz kerak. Buning uchun lozim bo'lgan hamma ishni qilamiz. O'zbekistonda xalq ta'limi bo'yicha milliy dastur qabul qilinadi. O'qituvchining maoshini ming dollarga chiqarmaguncha harakatdan to'xtamayman”, deya ta'kidladi.

Darhaqiqat, yurtimizning yanada taraqqiy etishi, xalqimiz turmushi bundan-da farovon, yoshlarimiz buyuk ajdodlarimizga munosib voris bo'lishlari uchun ta'lim tizimida kunchiqar yurt – Yaponining tajribasini qo'llash kerak. Chunonchi, Yaponiya yuksak taraqqiy etgan davlat maqomiga erishishida o'qituvchiga vazirning maoshi, imperatorning obro'si, deputatning daxlsizligi qo'llanilgani asosiy omil bo'lgan.

Muqaddas dinimizda ustoz va murabbiylarga ehtirom beqiyos. Muallimlik, murabbiylik ‒ buyuk sharaf. Zero, bashariyatning eng afzal vakillari payg'ambarlar, shu jumladan, Habibimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam butun bashariyatga ustoz qilib yuborilganlar.

Bu haqda Qur'oni karimda: «U (Alloh) omilar (savodsiz kishilar) orasiga o'zlaridan bo'lgan, ularga (Uning) oyatlarini tilovat qiladigan, ularni (shirk va jaholatdan) poklaydigan hamda ularga Kitob (Qur'on) va Hikmat (Hadis)ni o'rgatadigan (bir) payg'ambarni (Muhammadni) yuborgan zotdir. Haqiqatan, (ular payg'ambar kelishidan) ilgari aniq zalolatda edilar» (Jum'a surasi, 2-oyat), deb marhamat qilingan.

Hadisi sharifda: “Alloh meni qiynovchi va qiyinlashtiruvchi qilib emas, balki muallim va osonlashtiruvchi qilib yubordi”, deyilgan (Imom Muslim rivoyati).

Bugun ustoz va murabbiylarimiz aziz farzandlarimizga Imom Qatoda rahimahullohning bir tuya kitobni yod olganini, Imom Sha'biyning: “Oq narsaga yozilgan har bir narsani yod oldim”, degan so'zini, Ashraf Ali Tahonaviyning qisqa umri davomida bir yarim ming kitob yozganini, Ibn Rushd umri davomida ikki kecha: uylangan va otasi vafot etgan kecha kitob o'qiy olmaganini bot-bot eslatib turishlari maqsadga muvofiqdir. Shundagina yurtimizdan yana Buxoriylar, Nasafiylar, Horazmiylar, Beruniylar, Termiziylar, Navoiylar etishib chiqadi.

Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam odamlarga ezgulik va yaxshilikni o'rgatadigan kishilarni maqtab, bunday deganlar: Albatta, Alloh taolo, Uning farishtalari, osmonlaru er ahli, inidagi chumoli,  hattoki dengizdagi baliq ham odamlarga yaxshilikni ta'lim beruvchining haqqiga  duo qiladilar (Imom Termiziy rivoyati).

Abu Hanifa No''mon ibn Sobit shogirdlari bilan ketayotgan edi. Yo'ldan cho'pon podani haydab o'tib qoldi. Shunda Abu Hanifa otdan tushib, cho'ponga salom berib, tavoze ko'rsatdi. Cho'pon ketgach, shogirdlari: “Ustoz, siz Kufada, Basrada dong'i ketgan olimsiz, oddiy cho'ponga bunchalik tavoze ko'rsatishingizning bosi nedir?” deyishdi. Abu Hanifa: “Bu cho'pondan hayvonlar haqida savol so'ragandim. U menga ustozlik qilgan edi. Muallimga tavoze ko'rsatish go'zal fazilatdir”, dedilar.

Huddi shunday Alisher Navoiy mulozimlari bilan ketayotib, nogoh ko'zlari yo'l bo'yida o'tirgan o'smir bolaga tushdi. Hazrat otdan tushib, bolakay salom berib, oldiga bordi va: “Bu yigitcha ustozimizning nabirasi. Biz unga e'tibor qaratib, ustoz xotiralarini shod ayladik”, degan.

Islom ta'limotiga ko'ra, ustoz nafaqat dunyoda izzat-hurmatda bo'ladi, balki vafotidan keyin ham qoldirgan manfaatli ilmi, ta'lim bergan shogirdlarining xizmati, yozgan asarlaridan o'zgalarning foydalanishi tufayli nomai a'moliga savob to'xtovsiz borib turadi.

Hadisi sharifda:  “Inson vafot etganda uning amali to'xtaydi. Faqat uch narsa tufayli (uning nomai a'moliga savob yozilib turadi): sadaqai joriya; foydali ilm; duoi xayr qiluvchi solih farzand” (Imom Muslim rivoyati), deyilgan.

Men o'qituvchi va murabbiylarni vaqt bilan musobaqalashayotgan, bu jarayonga shogirdlarini ham jalb qilgan kishiga o'xshataman. Islom tarixiga nazar solsak, vaqt bilan musobaqalashib, juda ko'p muvaffaqiyatlarni qo'lga kiritgan ulamolar borligiga amin bo'lamiz. Buyuk vatandoshimiz, dunyo imom Imom Buxoriy rahmatullohi alayh ilmga qiziqib, dunyo kezib, oltmish mingdan ziyod hadisni to'plaganida bor-yo'g'i 16 yoshda edi.

Shuningdek, u zotning 63 yillik umri mobaynida ilm yo'lida amalga oshirgan ulkan ishlarini, mana, oradan o'n asrdan ziyodroq vaqt o'tgan bo'lsa-da, Islom olamidagi butun boshli ilmiy-tadqiqot institutlari o'rganib kelyapti. Tadqiqotlar natijasida u zotning qo'lga kiritgan muvaffaqiyatlariga barcha lol qolmoqda.

O'qituvchilik kasbi vakillari jamiyatga suv va havodek zarur. Bu muhtaram zotlarni quyoshga o'xshatish mumkin. Quyosh nuridan barcha birday manfaat ko'rganidek, ustozlarning ma'rifati butun bashariyatga naf keltiradi. Bejiz Abdurahmon Jomiy hazratlari:

Ustoz, murabbiysiz qolganda zamon,

Zulumotdan qora bo'lardi jahon, demagan.

Muxtasar aytganda, bashariyat uchun ham, taraqqiyot uchun ham, tamaddun uchun ham faqat bir narsa kerak: bu – ilm, bilim va tafakkur. Shunday ekan, sharafli kasb egalari har qancha tahsinga sazovor.

Bayramingiz muborak bo'lsin, aziz USTOZLAR!

 

Nuriddin domla HOLIQNAZAROV,

Toshkent shahar bosh imom-xatibi

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

“Rasululloh, sizga salavot qanday aytiladi?”

16.07.2025   7207   1 min.
“Rasululloh, sizga salavot qanday aytiladi?”

حدثنا عباس الدوري نا محمد بن بشر العبدي نا مجمع بن يحيى عن عثمان بن موهب عن موسى بن طلحة عن طلحة قال: قلت: يا رسول الله كيف الصلاة عليك ؟ قال: قل :اللهم صل على محمد كما صليت على إبراهيم إنك حميد مجيد وبارك على محمد وعلى آل محمد كما باركت على إبراهيم إنك حميد مجيد.

Muso ibn Talha roziyallohu anhu Talha roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: “Yo Allohning Rasuli, sizga salavot qanday aytiladi?” deb so‘radim.

U zot alayhissalom: “Allohumma solli ’alaa Muhammadin kamaa sollayta ’alaa Ibrohiyma innaka hamiydun majiyd. Va baarik ’alaa Muhammadin va ’alaa aali Muhammadin, kamaa baarakta ’alaa Ibrohiyma innaka hamiydun majiyd”, deb ayt”, dedilar.

Salavotning ma’nosi: “Allohim! Ibrohimga salavot yo‘llaganingdek, Muhammadga ham salavot yo‘llagin. Albatta, Sen maqtovga loyiq va ulug‘vor Zotsan. Ibrohimga barakot berganingdek, Muhammad va Muhammadning oilasiga ham barakot bergin. Albatta, Sen maqtovga loyiq va ulug‘vor Zotsan”.


Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD