BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasida global va mintaqaviy xavfsizlik, COVID-19 pandemiyasi sharoitida barqaror taraqqiyot va uning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini engib o'tish, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish hamda rag'batlantirishning muhim masalalari yuzasidan fikr almashildi. O'zbekistonning bu boradagi pozitsiyasini mantiqiy jihatdan uchta yirik va asosiy yo'nalishga ajratish mumkin.
Inson tabiatan tinchliksevar etib yaratilgan. Insoniyat tarixiy taraqqiyotning har bir bosqichida tinchlikni saqlash, xavfsizlikni mustahkamlash, pirovardida, emin-erkin yashash uchun kurashib kelgan. Bashariyatning bu oliy maqsadi mangu, zero, dunyodagi barcha ne'matlarning eng a'losi ham osoyishtalik va tinchlikdir.
O'zbekiston bunyodkor xalqi bilan birga, avvalo, o'z hududida, qolaversa, mintaqada xavfsizlikni ta'minlash, kengroq doirada esa jahon hamjamiyati e'tiborini global tahdid va xatarlarga qarshi hamjihatlikda kurashishga qaratib, taraqqiyot yo'lida shaxdam odimlab bormoqda.
O'zbekiston Prezidenti dunyodagi eng yirik tashkilot minbaridan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli demokratik islohotlar ortga qaytmas tus olganini alohida ta'kidladi. Bu o'rinda gap inson huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlarini, so'z va ommaviy axborot vositalari, din va vijdon erkinligini, gender tenglikni, millatlararo totuvlikni ta'minlash bilan birga kambag'allikni kamaytirish, har bir kishi uchun kafolatli daromad manbaini yaratish haqida boryapti.
Asosiy maqsadimiz — 2030 yilga borib, aholi jon boshiga to'g'ri keladigan daromadlar miqdori bo'yicha “daromadi o'rtachadan yuqori bo'lgan davlatlar” qatoriga kirishdir, dedi O'zbekiston Prezidenti.
Har qanday davlatda olib borilayotgan islohotlarning samarasi global innovatsion indeks bilan o'lchanadi. Bu indeks dunyo mamlakatlarining innovatsion rivojlanish darajasini belgilaydi. O'zbekiston jahon bo'yicha bu reytingda 132 davlat o'rtasida 86-o'rinda qayd etildi. Bu natija mamlakatimizning reytingdagi o'tgan yilgi o'rnidan 7, 2015 yilgi o'rnidan esa 36 pog'ona yuqorilagani bilan e'tiroflidir. Bu reytingni chiqarish jarayonida 2 ta subindeks, 7 ta yo'nalish, 21 ta guruh va 81 ta ko'rsatkich orqali turli iqtisodiy taraqqiyot darajasidagi o'lkalarning innovatsion imkoniyatlari, amalga oshirgan ishlari o'lchanadi, kuchli va kuchsiz tomonlariga qiyosiy baho beriladi.
Har yili dunyo miqyosida katta qiziqish bilan kuzatib boriladigan bu reytingda mamlakatlar 4 ta daromad guruhiga bo'lingan (yuqori, yuqori o'rta, quyi va past daromad) va O'zbekiston o'z guruhida (quyi o'rta daromad) 34 davlat orasidan 10-o'ringa loyiq topilgan.
Yana bir muhim jihat shuki, bu yilgi hisobotda O'zbekiston eng ko'p pog'ona yuqorilagan mamlakatlar 10 taligiga kirdi. Istiqboldagi pirovard maqsad va ustuvor vazifalardan biri esa 2030 yilga qadar respublikamizni global innovatsion baholash reytingida etakchi 50 davlat qatoriga kiritishdan iborat. Chunki O'zbekistonda yaratilayotgan imkoniyatlar, qulay investitsion muhit, tadbirkorlik sohasiga qaratilayotgan e'tibor va davlatimizning cheksiz salohiyati shundan darak beradi.
Muhimi, hech kimni e'tiborsiz qoldirmaslik
Sir emas, yaqin bir yarim yil ichida butun dunyo jiddiy sinovdan o'tdi. COVID-19 pandemiyasi hayotning har bir jabhasi, ayniqsa, iqtisodiyotga salbiy ta'sirini o'tkazmasdan qolmadi. Bugun jahonning eng yirik va qudratli davlatlari ham pandemiya oqibatlariga qarshi kurashishda davom etmoqda. O'zbekiston tomoni bu kurashda BMT tomonidan e'lon qilingan “Hech kimni e'tiborsiz qoldirmaslik, hamma uchun va barcha joyda” tamoyili asosida birgalikda engib o'tish masalasiga ham to'xtalib, pandemiyadan keyingi davrda jahon iqtisodiyotini qayta tiklash muammolarini o'rganish, kambag'allikni qisqartirish bo'yicha ilg'or tajribalarni hayotga tatbiq etishga bag'ishlangan xalqaro konferentsiyani Toshkentda o'tkazishni taklif qildi. Mazkur taklif bilan chiqishga bizda barcha asoslar etarli.
Mamlakatimizda pandemiya oqibatlarini yumshatish nuqtai nazaridan belgilangan qat'iy choralar samara jihatidan o'zini ko'p kuttirgani yo'q. Shunday ekan, butun dunyoga iqtisodni qayta tiklash borasida ayta oladigan so'zimiz va o'rganadigan jihatlarimiz bisyor. Maqsad jahonning etakchi iqtisodchilari bilan dunyo miqyosidagi vaziyatni oqilona baholab, odilona qarorlar qabul qilish, barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishga to'g'anoq bo'layotgan omillarni bartaraf etish yo'lida sa'y-harakatlarni birlashtirish orqali muttasil taraqqiyot umumstrategiyasini belgilab olishdan iborat.
O'zbekistonning butun dunyoga nisbatan yuritayotgan ochiqlik siyosati bu kabi takliflarni baralla ilgari surishga imkoniyat yaratmoqda. Ayniqsa, yaqin qo'shnilar bilan o'rnatilgan yaxshi munosabatlar davlatimiz tashqi siyosatining asosiy mezonlaridan biriga aylandi. Avvalo, qo'shni davlatlar bilan chegaralar ochilib, o'zaro qardosh va o'zagi bir xalqlar yanada yaqinlashdi.
Galdagi vazifa — o'zaro manfaatli hamkorlik ko'lamini kengaytirish. Shuning uchun ham O'zbekiston Markaziy va Janubiy Osiyoning o'zaro bog'liqligini mustahkamlash to'g'risidagi BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusini ilgari surgani ma'lum qilindi.
Transmilliy tendentsiyalar bashariyat diqqati markazida
Halqimizda “Qo'shning tinch — sen tinch” degan naql bor. Shu nuqtai nazardan, Afg'onistondagi vaziyatga nisbatan O'zbekiston pozitsiyasi doim insonparvarlik g'oyalariga yo'g'rilgan. Ayni paytda mazkur mamlakatda davlat boshqaruvi tizimi qanday bo'lishidan qat'i nazar, davlatimiz qo'shni mamlakatlar ichki siyosatiga aralashmaslik tamoyiliga to'la amal qiladi. Afg'on xalqining orzu-istaklarini ro'yobga chiqarishni, avvalo, tinchlik o'rnatish va osoyishtalikni ta'minlashdan boshlash lozim.
“Bu davlatda tinchlik va osoyishtalik o'rnatilishidan nafaqat biz, qo'shni mamlakatlar, balki butun dunyo manfaatdordir”, “Hozirgi qiyin davrda Afg'onistonni yakkalab, uni muammolar girdobiga tashlab qo'yish mumkin emas”, “Afg'on masalasida Birlashgan Millatlar Tashkilotining ta'siri va ovozi har qachongidan ham kuchliroq yangrashi lozim”, deya ta'kidladi O'zbekiston Prezidenti.
Davlatimiz Afg'onistonga nisbatan nafaqat so'zda, balki amalda ham yaxshi qo'shnichilik munosabatlari o'rnatilishi tarafdori. Aynan shuning uchun bu mamlakat bilan chegaralar ochilib, birlamchi ehtiyoj buyumlari va oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat insonparvarlik yordamlari yuborilib, elektr energiyasi va yoqilg'i bilan ta'minlash davom ettirilmoqda. Mazkur davlatning yangi boshqaruv tizimiga kelgan qatlam vakillari ushbu yordamdan samimiy minnatdor ekanligini bildirib, afg'on xalqi bu yaxshiliklarni unutmasligini ta'kidladi.
Bugun dunyoda xavf-xatar va ziddiyatlar, transmilliy tahdidlar tobora ortib borayotgani tufayli joriy yilning noyabr' oyida Toshkentda BMT ning Global aksilterror strategiyasi Markaziy Osiyo uchun rejasining o'n yillik natijalari va istiqbollariga bag'ishlangan Halqaro konferentsiya o'tkazilishi xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Darhaqiqat, mintaqada xavfsizlikni ta'minlashga faqat qo'shni davlatlar bilan yaxshi munosabat orqali erishish qiyin. Shu nuqtai nazardan, bu borada davrani kengroq olib, masalaga Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlarini jalb qilgan holda, erishilgan natijalarni sarhisob qilib, galdagi vazifalarni belgilab olish maqsadlari ko'zlangan.
Yuqoridagi taklifning mantiqiy davomi sifatida O'zbekiston tomonidan ilgari surilgan yana bir muhim tashabbus — mazkur konferentsiya doirasida BMTning giyohvandlik va jinoyatchilik bo'yicha boshqarmasi bilan 2022-2025 yillarga mo'ljallangan Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun mintaqaviy dasturni imzolash hamda Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlarini qamrab oladigan Giyohvandlikka qarshi umumiy Harakatlar rejasini ishlab chiqish. Ta'kidlanganidek, bu muhim hujjatlar mazkur yo'nalishdagi ishlarga mustahkam huquqiy asos bo'lib xizmat qiladi.
Transmilliy tendentsiyalarga o'zining bevosita ta'sirini o'tkazmay qolmaydigan yo'nalish — bu ekologiya sohasi. O'zbekiston Prezidenti iqlim o'zgarishlariga qarshi kurash, atrof-muhit va bioxilma-xillikni muhofaza qilish va qayta tiklanadigan energiya manbalariga o'tish borasida ko'rilayotgan choralarga alohida to'xtaldi va jahon hamjamiyati e'tiborini yana bir bor Orolbo'yi mintaqasiga qaratib, 2022 yilda Nukus shahrida “yashil” energetika bo'yicha BMT bilan hamkorlikda yuqori darajadagi xalqaro forum o'tkazish tashabbusini bildirdi.
Bundan tashqari, BMT shafeligida global ekologik siyosatning ustuvor yo'nalishlarini batafsil muhokama qilish maqsadida 2023 yilda O'zbekistonda Atrof-muhit bo'yicha BMTning yuqori darajadagi Oltinchi Assambleyasini o'tkazish taklifi aytildi.
“Assambleya ishtirokchilari Orol dengizining qurishi natijasida yuzaga kelgan, ekologik ofat markazi bo'lgan Orolbo'yi mintaqasidagi og'ir vaziyat bilan bevosita tanishish va zarur xulosalar chiqarish imkoniyatiga ega bo'ladilar. Bundan tashqari, Assambleyada Birlashgan Millatlar Tashkilotining yangi ekologik siyosati asoslarini tashkil etishga qaratilgan Butunjahon ekologiya Hartiyasini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surmoqchimiz”, dedi O'zbekiston Prezidenti.
E'tibor qilgan bo'lsangiz, O'zbekiston tomoni har doim yuksak minbarlarda mintaqaviy va global muammolarni ko'tarib, bu jarayonlarda yoshlar ishtirokiga ham alohida urg'u berib kelmoqda. Bunda har jarayonga yoshlarni jalb qilib, ular ishtirokini ta'minlash masalasini ilgari suradi. Bu safar ham global harakatlarga yoshlarni jalb qilish bo'yicha Butunjahon konferentsiyasi mamlakatimizda muvaffaqiyatli o'tkazilgani ta'kidlandi hamda ushbu yo'nalishdagi sa'y-harakatlarning davomi sifatida Samarqand shahrida muntazam o'tkazilayotgan Inson huquqlari muloqotlari doirasida Global ta'lim forumini tashkil etish rejalashtirilgani ma'lum qilindi.
Agar bu borada ilgari surilayotgan ezgu tashabbuslar mag'zini to'la chaqib ko'radigan bo'lsak, ilm ahliga qaratilayotgan e'tibor va rag'bat taraqqiyot poydevorining yanada pishiq bo'lishiga ishoradir.
Bildirilgan taklif va ilgari surilgan tashabbuslar son va salmoq jihatidan keng miqyos kasb etyapti. Asosiysi, bularning barchasi jahon hamjamiyati tomonidan ma'qullanib, hayotga izchil tatbiq etilayotgani kishida qoniqish va mamnunlik hissini uyg'otadi.
Dunyodagi eng yirik muassasa — Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining avvalgi sessiyalarida O'zbekiston nomidan ko'tarilgan masalalar e'tibordan chetda qolgani yo'q. Bosh Assambleyaning 2020 yil sentyabr' oyida o'tkazilgan 75-sessiyasida O'zbekiston bildirgan taklif inobatga olinib, Pandemiya davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to'g'risidagi mamlakatimizda ishlab chiqilgan kodeks bu boradagi global sa'y-harakatlarga O'zbekistonning munosib hissasi sifatida BMT tomonidan rasmiy hujjat shaklida tarqatildi. Bundan tashqari, joriy yilning may oyida davlatimizning yana bir tashabbusi qo'llab-quvvatlanib, BMT Bosh Assambleyasi Orolbo'yini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e'lon qilish to'g'risida maxsus rezolyutsiyani qabul qildi. BMT shafeligida tashkil etilgan Orolbo'yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo'yicha ko'p tomonlama sheriklik transjamg'armasi samarali faoliyat yuritmoqda.
Ta'kidlash joizki, barcha sohalarda amalga oshirilgan ijtimoiy-siyosiy o'zgarishlar, tub islohotlar, bu borada erishilgan ulkan yutuqlar qiyos sifatida mustaqil O'zbekiston tarixida misli ko'rilmagan burilish yasadi va xalqaro munosabatlar, tashqi siyosiy va iqtisodiy aloqalarda yangi davrni boshlab berdi. Ayni paytda muvaffaqiyat bilan amalga oshirilayotgan muhim tashqi siyosiy tashabbuslar natijasi o'laroq, xalqaro maydonda yuksak natijalarga erishilmoqda.
Ma'lumki, zamonaviy xalqaro munosabatlar ularda ko'p tomonlama diplomatiyaning roli ortib borayotgani bilan ham xarakterlanadi. Ko'p tomonlama diplomatiya xalqaro hayotning BMT faoliyati bilan bog'liq ko'plab muhim jabhalarini qamrab oladi. O'zbekiston tashqi siyosatining asosiy yo'nalishlaridan biri — o'zaro hamkorlikni mustahkamlash borasida BMT bilan sheriklik aloqalarimiz sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarildi. Bugun mamlakatimiz ushbu tashkilot va uning ixtisoslashgan tizimlari ishida faol qatnashmoqda.
Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning xalqaro hayotda ham munosib o'rni borligi, O'zbekiston so'zi jahon hamjamiyatining doimiy nigohida ekani barchamizga faxr va iftixor bag'ishlaydi.
Ayoli vafot etganidan keyin eri juda mayus bo‘lib qoldi. Bir kuni uning yaqin do‘sti uni koyidi:
– Haliyam uylanmadingmi?
– Yo‘q, – dedi u.
– Nega, nahotki boshqa ayollar ichida senga yoqadigani bo‘lmasa?
– Rahmatli ayolimga o‘xshagani topilmasa kerak...
– Qo‘ysang-chi, ayollarning bari bir-biriga o‘xshaydi-ku!..
– Men zohirini aytmayapman. Ichki olamini, botinini aytyapman.
Yigit hayron bo‘lib qarab turgan do‘stiga hayotida bo‘lgan birgina voqeani gapirib berdi:
“Bir kuni ayolim jahlimni chiqardi. Qattiq urishdim va uni ota uyiga haydadim. Jimgina ketdi. Oradan bir necha kun o‘tgach, qilgan ishimdan pushaymon bo‘ldim. Aslida ayb o‘zimdan o‘tganini angladim. Ming andisha bilan qaynotamnikiga bordim. Eshik oldida biroz turib qoldim. So‘ng eshikni taqillatdim. Ayolim ochdi va meni hayratda qoldirib, xuddi oramizda hech gap o‘tmaganday, baland ovozda:
– Assalomu alaykum dadajonisi, safaringiz yaxshi o‘tdimi? – deya tabassum bilan ko‘zini qisib qo‘ydi. Unga bir nimalar demoqchi bo‘lgan edim, u meni qattiq bag‘riga bosib, bunday dedi:
– Gapirmang, ota-onamga sizni “safarga ketdilar”, dedim...
Ana shunday fahmli, oqila edi ayolim. Shuning uchun ham unga hech birini o‘xshatolmay, uylanolmay yuribman, do‘stim”.
Ha, azizlar! Alloh taolo erkakni ayol uchun, ayolni erkak uchun ne’mat qilib bergan. To‘g‘ri, ba’zilar bir-birlarining kamchiliklaridan shikoyat qilib qolishadi. Ammo hech kim benuqson emas. Mukammal ayolni ham, erkakni ham axtarmang bu dunyoda. Hikoyada kelganidek, ba’zida er uchun bir jufti halol butun dunyodagi ayollardan afzal bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, ahli ayolimizni qadrlaylik. Zero, u ham kimningdir farzandi, bolalarimizning onasi. Eng muhimi, Allohning bizga bergan omonatidir.
Akbarshoh RASULOV