XX asr boshida Qirg'izistonning shimoli-sharqida joylashgan Issiqko'l viloyatining Qorako'l shahrida mixsiz qurilgan Ibrohim hoji masjidi hanuzgacha me'moriy ko'rinishi bilan mamlakat aholisi va mehmonlarni hayratga solib kelmoqda. Sababi ushbu masjid qurilishida birorta mix ishlatilmagan.
Ushbu me'moriy yodgorlikni qurish paytida Hitoy me'morchiligi usullaridan foydalanilgan. Mahalliy aholi Ibrohim hoji masjidini Hoji Dungan masjidi deb ham atashadi.
Yog'och me'morchilikning eng yaxshi namunalarini o'zida mujassam etgan ushbu ziyoratgoh Qorako'l shahrining ramzi va diqqatga sazovor joyiga aylandi. Masjid bezagida gulli shakllar ustunlik qiladi, lekin qush, baliq, haqiqiy va hayoliy hayvonlarning tasvirlari ham bor.
Qirg'iziston diniy turizmida muhim o'rin egallaydigan bu masjid 1910 yilda chor Rossiyasi davrida qurilgan.
Ma'lumot uchun, XIX asr oxirida Dungan qochqinlari Hitoydagi bosim va zo'ravonliklardan qochib Qorako'l shahriga ko'chib o'tgan. Ular Qirg'izistonda o'z jamiyatini tuzdi va xitoylik me'mor Chou Seuni Qorako'lga taklif qildi, u masjidni uch yilda qurdi. Tyanshan archa, qarag'ay va terak masjidda qurilish materiallari sifatida ishlatilgan. Masjid dungan xalqining etakchilaridan biri Ibrohim hoji tashabbusi bilan barpo etilgan. U Hitoydagi ta'qiblarga dosh berolmay, O'rta Osiyoga ko'chib o'tishga majbur bo'lgan.
Masjidning poydevori va tosh ishlari mahalliy hunarmandlar tomonidan, yog'och naqshlari qismi esa xitoyliklar tomonidan qilingan.
Masjid 42 ta ustundan iborat bo'lib, binoni o'rab turgan ko'p bosqichli yog'och kornis uzum, anor, nok va shaftoli kabi o'simliklarning tasvirlari bilan bezatilgan.
Masjid tomi yashil rangga bo'yalgan, ustunlar va shifti sariq, minorasi ko'k rangga bo'yalgan. Masjid imom-xatibi Rustam Bubukeyevning “Anadolu” matbuot vakolatiga aytishicha, 1910 yilda asos solingan Ibrohim hoji masjidi o'ziga xos me'morchiligi bilan diqqatni o'ziga tortadi. Masjid o'zining g'ayrioddiy arxitekturasi va tarixiy motivlari tufayli ko'plab tashrif buyuruvchilarni o'ziga jalb qiladi, deya qo'shimcha qildi imom-xatib.
O'MI Halqaro aloqalar bo'limi
Bu ummat boshidan oxirigacha bir aqida – ash’ariy-moturidiylik aqidasida edi. Mufassirlar, hadis shorihlari, fuqaholar, navh va lug‘at ulamolari, bularning deyarli barchasi e’tiqodda bir yo‘lni tutishgan edi. Bu gapni isbotlashga hojat yo‘q, bu haqiqat ekani kundek ravshan aksiomadir. Ulamolarning tarjimayi hollari haqida yozilgan kitoblar olimlarni bu mazhablarga madh va maqtov o‘laroq nisbat berganini ko‘rasiz. Buyuk ulamolar haqida ma’lumotlar keltirilganda Imom Falonchi, mazhabi shofe’iy, yo hanafiy, aqidada ash’ariy yo moturidiy, deyilgan. Ko‘pincha olimning tasavvufdagi tariqatiga ham to‘xtab o‘tiladi. Masalan, Imom Junayd tariqatida bo‘lsa, Junaydiy nisbati beriladi.
Bu odat yaqin-yaqingacha davom etib kelayotgan edi. Bunga birov e’tiroz ham bildirmagan, inkor ham qilmagan. Biron olim haqida gapirilar ekan, fiqhda to‘rt mazhabda qaysiga ergashishi, aqidada ash’ariymi moturidiymi qaysi manhajda ekani va tariqatdagi yo‘li bayon qilinmay qolmagan.
Bu dastur ummatni sharqiyu g‘arbini, shimoliyu janubini ming yildan beri yagona qalbga, yagona fikr atrofiga jamlab keladi. Biron odam og‘risa, butun tana o‘sha kasal a’zo uchun qayg‘urib, davolashga kirishardi.
Tariximizni ziynatlab turgan, bugungi sharmandaliklarni bir muncha to‘sib turgan tarixiy g‘alabalarimiz ham shu aqida, shu tafakkur vositasida qo‘lga kiritilgan.
Hittinda salibchilarni yer tishlatib, Quddusni qaytarib olgan Salohiddin Ayyubiy va uning qo‘shini ayni shu mazhab va tariqatlarda bo‘lishgan. Birontalari bugungi salafiylikni bilgan emas.
Muzaffar Qutz, Zohir Beybars va ular bilan yelkadosh bo‘lgan Izz ibn Abdussalom kabi ulamolar mazhabda bo‘lishgan. Ayni Jolutda mo‘g‘ullarni tor-mor keltirishda ham asosiy qurolimiz birlik edi. O‘sha paytda boshini baland kerib: “Bid’atchisizlar, shirk keltiryapsizlar, qabrlarni ziyorat qilish shirk”, deb qichqiradigan shallaqilar bo‘lmagandi.
Sulton Muhammadxon Fotih va uning qatoridagi olim va murshidlar dinda bir manhajni tutishgan edi. Kofirlar qo‘lida qolib ketgan shahar (Qustantiniya)ni fath qilib, mashhur hadisda kelgan bashoratga* noil bo‘lishdi. Ammo hadis musulmon ash’ariy-moturidiy qo‘mondon va uning qo‘shini haqida ekanidan qalblari yonib, hasad qilayotgan bugungi bemazhab toifalar hadisning tasdig‘ini buzib talqin qilishmoqda. (davomi bor)
Doktor Ahmad Muhammad Fozil,
Istanbuldagi Sulton Muhammad Fotih jome’asi,
islomiy ilmlar kulliyasi doktori
*Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Qustantiniya, albatta, fath qilinajak. Uning amiri naqadar yaxshi amir, qo‘shini naqadar yaxshi qo‘shin!”. (Imom Ahmad va Hokim rivoyati).
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi
Abdulbosit Abdulvohid o‘g‘li tarjimasi