Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Avgust, 2026   |   3 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:05
Quyosh
05:33
Peshin
12:27
Asr
17:19
Shom
19:25
Xufton
20:49
Bismillah
16 Avgust, 2026, 3 Rabi`ul avval, 1448

Farzand – Allohning ne'mati

28.09.2021   3240   7 min.
Farzand – Allohning ne'mati

Alloh taolo insonlarga behisob ne'matlarni bergan, ularning har biri qadrli va fazilatlidir. Avvalo har bir mo'min eng qadrli bo'lgan ne'mat – iymon va ilm ne'matidir. Bu ikki ne'mat mujassam bo'lgan taqdirda ruyobga chiqadigan eng ulug' ne'mat – Allohga qullikni izhor qilishga sabab bo'ladigan ibodatdir. Shuningdek ko'rish, eshitish, gapirish, sezish, tafakkur, aql, farosat, qo'l, oyoq kabi ne'matlarni sanasak, hargiz sanog'iga etib bo'lmaydi. Bu haqda Alloh taolo Qur'oni karimda bunday marhamat qiladi: “Agar sizlar Allohning ne'matlarini sanasangiz, sanog'iga etolmaysizlar” (Ibrohim surasi, 34-oyat)

Ana shunday ne'matlardan biri, bu farzand ne'matidir. Bu ne'matning ulug'ligini, uni Alloh taolodan boshqa zot bera olmasligini to'liq anglab etish uchun befarzandlarning holiga nazar solish kerak. Ana shunda inson farzand ne'mati qanchalik ulug' ne'mat ekanini tushunadi. Demak, har bir ota-ona ularga farzandni Alloh taolodan boshqa hech qanday zot bera olmasligini chuqur his qilishlari zarur. Har bir bolaning sog'-salomat tug'ilishi  butun insoniyat uchun Allohning tengsiz lutfu karami, in'omi va marhamati ekanini anglab etish uchun Qur'oni karimga bir nazar solishning o'zi etarli.

Alloh taolo “Sho'ro” surasida bunday marhamat qiladi: “Osmonlaru erning mulki Allohnikidir. (U zot) xohlagan narsasini yaratur. (U zot) xohlagan kishiga qizlar hadya etur va xohlagan kishiga o'g'illar hadya etur. Yoki ularni juftlab - o'g'il-qiz qilib berur va xohlagan kishisini tug'mas qilur. Albatta, U Aliym va Qodiyrdir”(49-50 oyatlar).

Darhaqiqat, “Osmonlaru erning mulki Allohnikidir”. Tafakkur qilinsa bizni qurshab turgan borliq osmonlar, er, quyosh, oy, yulduzlar, maxluqotlar va o'simliklarni Alloh taolo yaratgan. Demak, borliqdagi hamma narsaning haqiqiy egasi Alloh taolodir. Mulkning egasi Alloh bo'lgani uchun “( U zot) xohlagan narsasini yaratur”. Yo'qdan paydo qilish, yaratish sifati Allohga oiddir. O'g'il yoki qizni ham Alloh yaratadi. Bu yaratishga hech kim aralasha olmaydi.    

 “(U zot) xohlagan kishiga qizlar hadya etur va xohlagan kishiga o'g'illar hadya etur”. Alloh “xohlagan kishiga qizlar hadya etur”. Ayrim oilalar faqat qizlardan iborat bo'ladi. O'g'il farzand ko'rish maqsadida diniy va dunyoviy sabablarni qilishadi. Agar qanday farzand ko'rish irodasi insonga tegishli bo'lsa, o'zi xohlagan vaqtda, xohlagan farzandga ega bo'lar edi.

Demak, o'g'il yoki qiz bo'lishi Allohning irodasiga bog'liq ekan. Inson bu masalada ojiz. Shuningdek, “va xohlagan kishiga o'g'illar hadya etur”. Ayrim oilalar faqat o'g'illardan iborat bo'ladi. Qiz farzandga muhtoj bo'ladi. Insonning qiz farzandga ega bo'lishida ham o'zida ixtiyor yo'q, bu ham Allohning irodasiga bog'liq ekan. “Yoki ularni juftlab - o'g'il-qiz qilib berur”. O'g'il va qizdan iborat oilalar odatda jamiyatda ko'p uchraydi. Aralash farzand ko'rish ham Allohning irodasiga bog'liqdir.

“Va xohlagan kishisini tug'mas qilur”. Er va xotin farzand ko'rish borasida ojizligi va ular bir sabab ekanligini insonlarga bildirish maqsadida Alloh taolo ayrim oilalarni tug'mas qilib qo'yadi. Farzandga zor bo'lib mutaxassislarga ko'rinib yurishadi, lekin insonning farzand ko'rishi Allohning irodasiga bog'liqligi uchun farzand ne'matidan bebahra bo'lib o'tib ketishadi. “Albatta, U A'liym va Qodiyrdir”.

Ya'ni, Alloh hamma ishni bilib qiladi. Hohlagan bandasiga qiz, xohlagan bandasiga o'g'il va xohlagan bandasini tug'mas qilib qo'yadi. Bu ishlar Allohga osondir, chunki U zot barcha ishga qodirdir.

Farzand tug'ilishi ko'p takrorlangani sababli, insonlar orasida er-xotinlik munosabatidan keyin farzand tug'iladi degan noto'g'ri tushuncha mavjud. Homilaning paydo bo'lishi, uning rivojlanib borishi va onadan sog'-omon tug'ilishi bu – Allohning irodasi va insoniyatga qilgan lutfi-karamidir. Homilaning rivojlanishi va sog'lom tug'ilishi insonga bog'liq emasligin eslatish maqsadida Alloh insondan ozgina marhamatini burib qo'ysa, homila ikki, yoki uch oyligida nobud bo'lishi mumkin.

Homila to'qqiz oylik bo'lganidan keyin ham eson-omon tug'ilishiga hech kim kafolat bermaydi. Alloh marhamatini homiladan burib qo'ysa, homila tug'ilish vaqtida vafot etishi mumkin. Ayrim hollarda tug'ruq holatida ayollar vafot etadi. Gohida tug'ruq vaqtida Alloh marhamat qilmasa ayol ham, bola ham vafot etishi mumkin. Demak, homilaning rivojlanishi, bolaning sog'lom holatda dunyoga kelishi Allohning bandasiga qilgan lutfu-karami va marhamati tufaylidir.

Alloh taolo kimga farzand ne'matini bersa, banda o'sha ne'matga shukr qilishi kerak. Shukr qilish uch xil bo'ladi:

  1. Qalb bilan shukr qilish – har bir ne'matni Alloh taolodan boshqa hech kim bera olmasligini inson qalbdan his qilishi lozim. Farzand ne'matini berganligi uchun Allohga qalbi bilan shukr qilishi kerak.
  2. Til bilan shukr qilish – inson o'ziga etgan ne'matga qalbi bilan shukr qilsa, bu shukr keyinchalik tiliga o'tadi. Ya'ni, farzandni bergan Alloh taologa hamd va maqtov so'zlarni aytadi.
  3. Amaliy shukr – ne'matni ne'mat beruvchini rozi qiladigan qilib tasarruf qilishga qilishga amaliy shukr deyiladi. Alloh taolo bir kishiga farzand bersa, unga ne'mat beribdi. Banda Alloh taoloni rozi qilmoqchi bo'lsa, farzandni Allohni taniydigan, Uning buyruqlarini bajaradigan, qaytariqlaridan qaytadigan, chin musulmon qilib tarbiyalashi shart bo'ladi. Demak, inson farzandini e'tiqodli, tarbiyali, insonlar, jamiyat va vatanining manfaatiga xizmat qiladigan inson qilib voyaga etkazsa, Allohning ne'matiga shukr qilgan bo'ladi.

 

I. Valiyev,

Hoja Buxoriy nomli o'rta maxsus Islom bilim yurti o'qituvchisi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Saudiya Arabistonida o‘tkazilayotgan xalqaro Qur’on tanlovida 133 davlat vakillari ishtirok etmoqda

10.08.2026   23548   2 min.
Saudiya Arabistonida o‘tkazilayotgan xalqaro Qur’on tanlovida 133 davlat vakillari ishtirok etmoqda

Qirol Abdulaziz nomidagi Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha qirq oltinchi xalqaro tanlovning saralash bosqichi 7 avgust kuni Makka shahridagi musobaqalar o‘tkaziladigan joyda 133 davlatdan 334 nafar ishtirokchi (erkak va ayollar) ishtirokida boshlandi.

IQNA "Minbar" gazetasiga tayanib xabar berishicha, Qirol Abdulaziz nomidagi Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha qirq oltinchi xalqaro tanlovning saralash bosqichi bir kun avval Makkadagi musobaqalar o‘tkaziladigan joyda boshlangan va final bosqichini Masjidul Haromda o‘tkazish uchun zamin tayyorlagan.

Saudiya Arabistoni Islom ishlari, da’vat va hidoyat vazirligi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirning saralash bosqichida hakamlar hay’atlari eng yuqori aniqlik va shaffoflik standartlariga rioya qilgan holda, Qur’on tilovati uslublari va qoidalariga ixtisoslashgan taniqli xalqaro hakamlar guruhi nazorati ostida erkak va ayol ishtirokchilarning chiqishlarini tinglab, final bosqichiga kimlar o‘tishini aniqladi.

Tanlovning joriy bosqichi 133 mamlakatdan 334 nafar ishtirokchi (erkak va ayollar) ishtirokida o‘tkazilmoqda, ular besh toifa: "Shatibiya" usuli bo‘yicha yetti xil qiroat asosida Qur’oni Karimni to‘liq yodlash (qiroat va nazariy bilimlarni, shuningdek, tajvid qoidalarini a’lo darajada bajarish va rioya qilishni o‘z ichiga oladi); a’lo darajada ijro etish, tajvidga rioya qilish va so‘zlarni sharhlash bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket o‘n beshta juzni yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket beshta juzni yodlash bo‘yicha bellashmoqda.

Vazirlik ushbu global qur’oniy tadbirning muvaffaqiyatini ta’minlash uchun elektron hakamlik tizimini joriy etish, ishtirokchilarni baholashda adolat va aniqlikni ta’minlash uchun tashkiliy va keng qamrovli platformani yaratish, shuningdek, ularga turli xil xizmatlarni taqdim etish kabi barcha imkoniyatlarini ishga solishda davom etadi.

Qirol Abdulaziz nomidagi xalqaro musobaqa dunyodagi eng yirik Qur’on musobaqalaridan biri hisoblanib, uning umumiy pul mukofotlari miqdori 10 million saudiya rialidan oshadi.

Mazkur musobaqada O‘zbekiston sharafini "Mir Arab" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, "Sayyid Muhiddin maxdum" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti hamda "Xadichai Kubro" qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti talabalari himoya qilishi haqida avval xabar berilgan edi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Dunyo yangiliklari