Bugun AOKAda o'tkazilgan brifingda «Vaqf» xayriya jamoat fondi axborot xizmati rahbari Saidabror Umarov fond tomonidan 2018-2021 yillarda mamlakatimizdagi diniy ta'lim muassasalarini moddiy qo'llab-quvvatlash yo'nalishida amalga oshirilgan ishlar va xayriya tadbirlari haqida ma'lumot berdi:
Vaqf fondi 2018 yil 16 aprelda Prezident farmoni asosida tashkil etilgan vaqtda, diniy ta'lim muassasalarining binolarini qurish, ta'mirlash, rekonstruktsiya qilish, obodonlashtirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda diniy ta'lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyatini moliyalashtirish, ularning professor-o'qituvchilari, tadqiqotchilari, mutaxassislari va o'quvchi-talabalarini moddiy va ijtimoiy qo'llab-quvvatlash fondning asosiy vazifalaridan qilib belgilangan edi.
O'tgan uch yildan ziyod vaqt mobaynida Fond tomonidan mazkur vazifalarni bajarish uchun salmoqli ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, O'zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi 3 ta oliy: Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti, Mir Arab oliy madrasasi va Hadis ilmi maktabi hamda 10 ta o'rta maxsus Islom bilim yurtlari faoliyatini moliyalashtirish, ularning professor-o'qituvchilari, tadqiqotchilari, mutaxassislari va o'quvchi-talabalarini moddiy va ijtimoiy qo'llab-quvvatlash uchun
– 2018 yilda 723 533 386 so'm;
– 2019 yilda 2 222 700 000 so'm;
– 2020 yilda 1 410 634 244 so'm;
– 2021 yilda 2 272 795 617 so'm.
Shuningdek, pandemiya davrida hukumatimiz tomonidan fondga ajratilgan xayriya mablag'lari hisobidan 3 133 000 000 so'm diniy ta'lim muassasalariga xayriya sifatida yo'naltirildi.
Umumiy hisobda fond o'z faoliyatini boshlagandan bugunga qadar jami 9 762 663 247 so'm diniy ta'lim sohasiga xayriya sifatida yo'naltirilgan.
Ta'kidlash joizki, fond tomonidan ushbu xayrli ishlarni amalga oshirishda xorijiy hamkorlar Saudiya Arabistoni, Germaniya va Turkiya qirolligi kabi davlatlarning ham salmoqli hissalari bor.
“Vaqf” fondi ona-Vatanimizda ilm-fan va diniy ta'lim rivojlanishiga hissa qo'shishda davom etadi va bu xayrli ishda barcha hamyurtlarimizni hamkorlikka chorlab qoladi.
Islom dini biror shaxs, guruh, mol-dunyoga nisbatan va obro‘-e’tibor topish uchun qilinadigan har qanday mutaassiblik va firqalarga bo‘linishni qoralaydi, tarafkashlikni johiliyat holatiga o‘xshatadi.
Mutaassiblikning turli ko‘rinishlari bor bo‘lib, ular kishining o‘zi, mol-dunyosi, farzandlari, millatini boshqalardan afzal bilib, bu yo‘lda ashaddiy ravishda kurashishi demakdir. Mo‘tabar manbalarimizda ota-bobolari va o‘zining nasabi bilan faxrlanish tuyg‘usi kishini do‘zaxga tortadi deb ta’kidlangan.
Mutaassiblik turlaridan biri bu diniy mutaassiblikdir. Diniy mutaassiblik deganda, ma’lum bir dinda asos bo‘lgan, ushbu din vakillari amal qiladigan ta’limot va qoidalarga qarshi chiqish, diniy tushunchalarni shariat ko‘rsatmalariga zid ravishda o‘zicha talqin qilib, boshqalarni unga ergashishga chorlash nazarda tutiladi. Diniy mutaassiblikning eng katta xatarlaridan biri bu, dinlararo muloqotga rahna solishdir.
Dinda mutaassibona harakat, dinda chuqur ketish, haddan oshish, Qur’on va Sunnatda kelgan ta’limotlarga zid ravishda o‘z fikriga ergashishni qattiq qoralanadi. Dinda haddan oshish deganda shariat belgilab qo‘ygan chegaradan chiqib ketish tushuniladi. Bu ish aqidada bo‘lsin, so‘z yoki amalda bo‘lsin, baribir. Bu borada Alloh taolo Baqara surasida “Ushbular Allohning chegaralaridir. Bas, ulardan tajovuz qilmang. Va kim Allohning chegaralaridan tajovuz qilsa, bas, o‘shalar, ana o‘shalar, zolimlardir”, deb marhamat qiladi.
Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallam: “Dinda haddan oshishdan ehtiyot bo‘linglar. Chunki, sizlardan oldin o‘tganlarni dinda haddan oshishlik halok qilgandir” deb uqtirganlar.
Shunday ekan, bugungi kundagi ko‘plab muammolarning ildizi mutaassiblik va haddan oshish ekanligini hammamiz chuqur anglashimiz lozim. Xulosa o‘rnida, bu kabi muammolarning yechimi sifatida Faqih doktor Vahba Mustafo Zuhayliy janoblarining ushbu so‘zlarini keltirish bilan yakunlaymiz: “Islom mo‘tadil din bo‘lib haqiqatlardan birortasida chetga chiqishga yoki haddan oshishga yo‘l qo‘ymasligini anglatadi. Islomda va boshqa dinlarda dinda haddan oshish ham, e’tiqodda bir taraflama va g‘ayritabiiy bo‘lish ham, haddan tashqari qattiq olish ham, juda bo‘sh qo‘yib yuborish ham yo‘q…”.
Alloh ta’olo barchamizni haq yo‘ldan adashtirmasin.
Kosonsoy tumani "Sodod" jome masjidi imom-xatibi
Bahodir Mirfayziyev
Manba: @Softalimotlar