Fikrni buzadigan narsalarning ikkinchisi “jamoldir”. Insonning ko'zi chiroyli narsalarni ko'rishga o'ch bo'ladi. Masalan, uy, libos, ulov, ayollar va hokazo.
Hozirgi zamonda inson nigohini nazorat qilishi qiyin. Agar inson nigohini nomahramga qarashdan tiysa, bu ishidan uning qalbida nur paydo bo'ladi. Bu borada Rasulloh sollallohu alayhi va sallamdan hadis bor. Agar qaysi banda o'z nigohini nomahramdan olib qochsa, Alloh taolo uning ibodatiga lazzat kiritib qo'yadi. Ibodatning lazzatini tuymoq esa komil imondan darak. Aksariyat insonlar ko'p narsalarda parhezkorlik qiladilar. Lekin nomahramdan ko'zlarini to'smaganlari uchun Alloh taolodan uzoqdadirlar. Bu gunohdan saqlanish lozim. Chunki Alloh taolo ba'zi narsalarni ko'rishga buyurib, boshqalariga nazar solishdan qaytaradi.
Alloh taolo marhamat qiladi:
«O'zingni ertayu kech Rabbilariga duo qilib, Uning yuzini iroda qiluvchilar ila sabr etib tut. Hayoti dunyo ziynatini xohlab, ulardan ikki ko'zingni burma» (Kahf surasi, 28-oyat).
Ba'zi narsalarga nigoh qaratishdan qaytaradi. Ulardan biri nomahramga qarashdir.
Alloh taolo marhamat qiladi: «Sen mo'minlarga ayt ko'zlarini tiysinlar» (Nur surasi, 30-oyat). Rabbimiz shu kabi fitnalaridan saqlanishga buyuradi.
"Sharm va hayo” kitobidan
Sayyor yig‘ilish
Bir kishiga ko‘maklashsangiz, u qanchalik shod bo‘ladi.
Endi bir emas, o‘n emas, yuzdan ziyod oilaga ham ma’naviy, ham ma’rifiy, ham moddiy ko‘mak berilsa, qancha kishining ko‘ngli ko‘tarilishini, sizni alqashini tasavvur qilib ko‘ring-a.
Bugun Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov boshchiliklarida poytaxtimizning Yangi hayot tumanidagi «Niyozmat ota» jome masjidida ma’naviy-ma’rifiy sayyor yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirda Toshkent shahar bosh imom-xatibi o‘rinbosari Ergashali domla Rustamov, Toshkent shahar tumanlari bosh imomlari, imom-domlalar, «Haj 2026» ishtirokchilari qatnashdilar.
Tumandagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish maqsadida mahallalarga tashrif buyurildi. Adashib aqidasi buzuq turli oqimlar ta’siriga tushib qolgan shaxslar, ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar bilan ham suhbatlar olib borildi.
Katta hayot tajribasiga ega hoji otalar, hoji onalar imom-xatiblar, otinoyilar bilan birgalikda olib borgan ma’rifiy targ‘ibotlari o‘z samarasini berdi: yuzdan ziyod xonadonga ham ma’naviy, ham moddiy yordam ko‘rsatildi.
* * *
Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov Yangi hayot tumanidagi mahallalarga tashrif buyurib, u yerdagi bir qancha xonadonlarga kirib, xonadon egalarining qalblariga xursandchilik ulashdilar.
Quvonarlisi, yangi o‘quv yili arafasida homiylarni jalb qilgan holda 30 ta haqdor xonadon sohiblari farzandlariga sumka, o‘quv qurollari hadya etildi.
Yuzdan ziyod xonadon egalarining ko‘ngli ko‘tarilib, ular ezgu ishlarning boshida turgan barcha aziz insonlarning haqlariga xayrli duolar qilishdi.
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati