— Duo qilganimizdan so'ng “omin”, deymiz. Buning ma'nosi nima?
— “Omin”ning ma'nosi: – “Duoyimizni ijobat ayla!”, – “Ey, Allohim! Ijobat qil!” yoki – “Huddi shunday bo'lsin!” yoxud “Umidimizni muvaffaqiyatsizlikka uchratma!” kabilardir.
Ibn Hajar Asqaloniy rahimahulloh o'zining “Matolib al-oliya” asarida zikr qilishicha, bir yahudiy musulmonlardan “Omin” so'zini eshitib, imon keltirgan ekan: “Bir yahudiy “Omin” deyishayotgan masjid ahli yonidan o'tib ketayotgan edi. Shunda yahudiy: "Sizlarga “Omin”ni o'rgatgan zotga qasamki, sizlar haqqning ustidasizlar!” dedi”.
Yahudiy o'z dinida ham “Omin” so'zi borligi va u haq payg'ambarlardan meros qolganini bilgani bois musulmonlardan bu so'zni eshitib, ushbu dinning haqligiga amin bo'lgan.
“Omin” aytilganida, farishtalar ham uni aytishlari haqida sahih hadislar bor.
Muhammad Ayyub HOMIDOV
Saudiya Arabistonining turizm va sayohatlarga ixtisoslashgan “Arab Tourist” elektron nashrida “Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan va Buyuk ipak yo‘li bilan bog‘langan mamlakat” sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Maqolada Buyuk ipak yo‘li tarixida o‘zbek shaharlarining tutgan o‘rni alohida e’tirof etiladi. Xususan, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlar asrlar davomida Sharq va G‘arb o‘rtasidagi savdo, fan va madaniyat markazlari sifatida xizmat qilgani ta’kidlanadi. Registon maydoni, Ichan-qal’a va Buxorodagi me’moriy obidalar islom sivilizatsiyasi hamda jahon madaniy merosining bebaho durdonalari sifatida tilga olinadi.
Bundan tashqari, nashr O‘zbekistonning rang-barang tabiati va geografik relefiga to‘xtalib o‘tgan. Qizilqum cho‘li, serhosil Farg‘ona vodiysi, Tyan-Shan va Pomir-Oloy tog‘ tizmalari aholi joylashuvi va qishloq xo‘jaligi rivojida muhim o‘rin tutishi qayd etiladi.
Nashr, shuningdek, Buyuk Mirzo Ulug‘bek kabi donishmandlarning astronomiya va matematika sohasidagi buyuk kashfiyotlarini alohida e’tirof etgan.
Xulosada ta’kidlanganidek, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Namangan va Andijon kabi shaharlar bugungi kunda nafaqat ma’muriy va iqtisodiy, balki jadal rivojlanayotgan yirik madaniy-turistik markazlar sifatida dunyo sayyohlari e’tiborini o‘ziga jalb etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati