Dinimiz Islomda sabrga targ'ib qilingan ekan, sabrli bo'lish, ushbu maqtalgan sifat sohibiga aylanish yo'l-yo'riqlari ham ko'rsatilgan. Zero Alloh bir dardni tushirsa, uning davosini ham nozil qiladi. U Zot bandalarni bir ishga buyursa, unga etishish uchun vositalarni ham joriy qiladi. Sabrli bo'lishga xizmat qiladigan omillardan biri bu ilmdir. Jumladan, sabrli bo'lish uchun sabr fazilatini to'liq anglab etib, sabrlilarga Alloh tarafidan beriladigan mukofot va darajalarni, sabrsizlik oqibatida kelib chiqadigan yomon oqibatlarni, gunoh-ma'siyat, afsus-nadomat va qabihliklarni xayolga keltirish kerak. Agar banda shu ishni qilsa, uning qalbida sabrga nisbatan xohish, iroda, qat'iyat va asl insoniylik ruhi paydo bo'ladi. Shunda uning mashaqqatlari rohatga, hayotning achchiq sinovlari lazzatga aylanadi.
Boshga tushgan musibat va qo'ldan ketgan narsalarga sabr qila olish uchun dunyo hayoti o'tkinchi, Alloh dargohida uning biron qadri yo'q ekanini eslash kifoya.
Ibodatlarga sabr qilish uchun o'sha ibodat fazilati, uni tark qilish oqibatlarini yaxshi bilib olish kerak bo'ladi.
Sabr insonning fitriy fazilati bo'lib, bu unga bolalikdan xos bo'ladi. Hayotda ko'rib turganimizdek, ba'zilar sabrli, yana ba'zilar besabr bo'ladilar. Lekin shu bilan birga sabrni o'ziga odat qilish, uni nafsga singdirib borish mumkin. Aks holda shariatda sabrga targ'ib qilinmagan bo'lardi.
Kishi besabr bo'lsa, u o'zini sekin-asta sabrga o'rgatib borsa bo'ladi. Bunda bandaning xohish va harakati muhim sanaladi. Sabr fazilatini egallash mumkin ekani nabaviy hadisda bayon qilingan. Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kim sabrli bo'lishga harakat qilsa, Alloh uni sabrli qilib qo'yadi”, deganlar. Ushbu hadisdan ma'lum bo'ladiki, banda nafsini sabrga o'rgatishi mumkin. Zero kim biron narsani ko'p takrorlasa va unga odatlansa, o'sha ish bora-bora banda uchun qiyin bo'lmay qoladi. Sabr ham xuddi shunday. Kishi ibodat, musibat va harom ishlarga sabrli bo'lishga harakat qilgan sari uning uchun sabr odatiy holga aylanib qoladi. Keyinchalik u ibodatlarni qiynalmay xushu' bilan bajarishi, musibatlarga sabr qila olishi, harom ishlardan tiyilishi mumkin.
Odilxon qori Yunusxon o'g'lining
“Jannat kaliti” kitobidan olindi
Inson hayotida eng qimmatbaho ne’matlardan biri vaqtdir. U nihoyatda tez o‘tadi, biror narsaga bog‘lab, to‘xtatib, ortga qaytarib bo‘lmaydi. Har lahza inson umridan bir bo‘lakdir. Shuning uchun vaqtni samarali o‘tkazish, uni qadrlash har bir aqlli inson uchun juda muhim.
Har insonga bir umr berilgan. U yillar, oylar, kunlar, daqiqalar bilan hisoblanadi. Bir soat bekorga ketsa, umrimizdan bir qism bekor ketgan bo‘ladi. Ko‘pincha biz "ertaga qilib qo‘yaman", "keyinroq boshlayman" deya o‘zimizni aldab qo‘yamiz. Aniq reja asosida hayot kechirish, har bir kunni maqsadli va mazmunli o‘tkazish vaqtdan unumli foydalanishning asosiy yo‘lidir. Ilm o‘rganish, mehnat qilish, sog‘liqqa e’tibor qaratish, oila va yaqinlarga vaqt ajratish — bularning bari vaqtning to‘g‘ri taqsim qilinishi bilan bo‘ladi.
Tan olish kerak, zamonaviy texnologiyalar, ijtimoiy tarmoqlar va axborot oqimi vaqtimizni o‘g‘irlab, bizni chalg‘itmoqda. Lekin ayb o‘zimizda. Ba’zan keraksiz narsalarga soatlab vaqt sarflaymiz, keyin esa "vaqtim yetmadi" deb shikoyat qilamiz. Shuning uchun ham hayotda "nimalar muhim, nimalar esa vaqt sarflashga arzimaydi" degan savolga aniq javob topib olish lozim. Vaqtga e’tiborli inson – mas’uliyatli insondir. U har bir vazifani o‘z vaqtida bajaradi, orzulari sari qat’iyat bilan intiladi va hayotini nazorat qila oladi.
Islom dinida ham vaqtga alohida ahamiyat berilgan. Qur’oni karimdagi Asr surasida Alloh taolo asr (vaqt)ga qasam bilan insonning zararda ekani ta’kidlagan. Bu esa vaqtning beqiyos ekanini yana bir bor yodga soladi. Faqat iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan, bir-birlariga Haq (yo‘li)ni tavsiya etgan va bir-birlariga (mana shu Haq yo‘lida) sabr-toqat qilishni tavsiya etgan zotlargina najot topishi aytilib, ulgurib qolishga da’vat etilgan. Demakki, vaqtni to‘g‘ri sarflay olgan insongina yutuqqa erishadi. Hayotimizdagi har bir daqiqa – bebaho xazina. Undan oqilona foydalanib qolish kerak, azizlar.
Abdulvohid ISAQOV,
Namangan shahridagi
“Miryoqubboy Mirhakimboy”
jome masjidi imom xatibi