Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Iyul, 2025   |   29 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:34
Quyosh
05:11
Peshin
12:35
Asr
17:37
Shom
19:52
Xufton
21:21
Bismillah
24 Iyul, 2025, 29 Muharram, 1447

Qanday qilib sabrli bo'lish mumkin?

27.09.2021   1513   3 min.
Qanday qilib sabrli bo'lish mumkin?

Dinimiz Islomda sabrga targ'ib qilingan ekan, sabrli bo'lish, ushbu maqtalgan sifat sohibiga aylanish yo'l-yo'riqlari ham ko'rsatilgan. Zero Alloh bir dardni tushirsa, uning davosini ham nozil qiladi. U Zot bandalarni bir ishga buyursa, unga etishish uchun vositalarni ham joriy qiladi. Sabrli bo'lishga xizmat qiladigan omillardan biri bu ilmdir. Jumladan, sabrli bo'lish uchun sabr fazilatini to'liq anglab etib, sabrlilarga Alloh tarafidan beriladigan mukofot va darajalarni, sabrsizlik oqibatida kelib chiqadigan yomon oqibatlarni, gunoh-ma'siyat, afsus-nadomat va qabihliklarni xayolga keltirish kerak. Agar banda shu ishni qilsa, uning qalbida sabrga nisbatan xohish, iroda, qat'iyat va asl insoniylik ruhi paydo bo'ladi. Shunda uning mashaqqatlari rohatga, hayotning achchiq sinovlari lazzatga aylanadi.

Boshga tushgan musibat va qo'ldan ketgan narsalarga sabr qila olish uchun dunyo hayoti o'tkinchi, Alloh dargohida uning biron qadri yo'q ekanini eslash kifoya.

Ibodatlarga sabr qilish uchun o'sha ibodat fazilati, uni tark qilish oqibatlarini yaxshi bilib olish kerak bo'ladi.

Sabr insonning fitriy fazilati bo'lib, bu unga bolalikdan xos bo'ladi. Hayotda ko'rib turganimizdek, ba'zilar sabrli, yana ba'zilar besabr bo'ladilar. Lekin shu bilan birga sabrni o'ziga odat qilish, uni nafsga singdirib borish mumkin. Aks holda shariatda sabrga targ'ib qilinmagan bo'lardi.

Kishi besabr bo'lsa, u o'zini sekin-asta sabrga o'rgatib borsa bo'ladi. Bunda bandaning xohish va harakati muhim sanaladi. Sabr fazilatini egallash mumkin ekani nabaviy hadisda bayon qilingan. Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kim sabrli bo'lishga harakat qilsa, Alloh uni sabrli qilib qo'yadi”, deganlar. Ushbu hadisdan ma'lum bo'ladiki, banda nafsini sabrga o'rgatishi mumkin. Zero kim biron narsani ko'p takrorlasa va unga odatlansa, o'sha ish bora-bora banda uchun qiyin bo'lmay qoladi. Sabr ham xuddi shunday. Kishi ibodat, musibat va harom ishlarga sabrli bo'lishga harakat qilgan sari uning uchun sabr odatiy holga aylanib qoladi. Keyinchalik u ibodatlarni qiynalmay xushu' bilan bajarishi, musibatlarga sabr qila olishi, harom ishlardan tiyilishi mumkin.

 

Odilxon qori Yunusxon o'g'lining

Jannat kalitikitobidan olindi

 

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Mo‘min va fojir vafot etsa

21.07.2025   4076   1 min.
Mo‘min va fojir vafot etsa

Abu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilaridan bir janoza olib o‘tildi, shunda u zot alayhissalom: "Tin oluvchi va undan tin olinuvchi"dedilar.

"Yo Allohning Rasuli, tin oluvchi va undan tin olinuvchi nima?" deyishdi.

U zot alayhissalom: "Mo‘min banda (vafot etsa) dunyoning qiyinchiliklaridan istirohat oladi. Fojir banda (o‘lsa) undan bandalar, elu yurtlar, dov-daraxtlar va jonzotlar qutuladilar"dedilar» (Imom Buxoriy va imom Muslim rivoyati).

 

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Birortangiz vafot etganida unga o‘rni ertayu kech ko‘rsatib turiladi: agar jannat ahlidan bo‘lsa, jannat ahlidan ekani, do‘zax ahlidan bo‘lsa, do‘zax ahlidan ekani. "Alloh seni qiyomat kuni qayta tiriltirgunicha sening o‘rning mana shudir", deyiladi", dedilar» (Imom Buxoriy va imom Muslim rivoyat qilishgan).