Buxoro viloyatida qator masjidlar mo'min-musulmonlar ixtiyoriga topshirilyapti. Jumladan, bugun G'ijduvon tumanidagi “Imom Buxoriy” jome masjidi ochilganidan ko'plab mo'min-musulmonlar behad shod.
So'nggi yillarda masjidda ham namozxonlar soni oshib, eski uslubda qurilgan masjid torlik qilib qolayotgan edi. Shu bois mazkur masjidni homiy va saxovatpesha tadbirkorlar ko'magida qayta qurildi. Bu jome ko'p yillar mo'min-musulmonlarga xizmat qiladi, inshoalloh.
Masjid ochilishida Buxoro viloyati hokimining o'rinbosari E.Majidov, G'ijduvon tuman bosh imom-xatibi Orif domla Amonov, Mir Arab oliy madrasasi rektori ustoz Haydarxon domla Yo'ldoshxo'jayev va masjid imom-xatibi O.Ruziyev qatnashdi.
Ma'lumot uchun, masjidning eski binosi 150 kishiga mo'ljallangan edi. Yomg'irli, qorli-qirovli kunlarga to'g'ri keladigan juma va ikki hayit bayramida namozxonlar ibodat qilish uchun qiynalib qolishayotgan edi. Yangi jome o'z bag'riga 1 000 kishidan ziyod namozxonni sig'diradi.
Jome masjidning yangi binosiga issiq pol yotqizildi. Endilikda sovuq kunlarda namozxonlar emin-erkin, xotirjam ibodatlarni ado etadi.
Alloh taolo bu masjidni doimo obod baytlardan qilsin. Uning qurilishiga hissa qo'shgan barchaga ulug' ajrlar ato etsin, bunday xayrli ishlar yurtimizda bardavom bo'lsin.














Anvar Nurullayev,
UMI Buxoro viloyati vakilligi mutaxassisi.
Shu yilning 27 yanvar kuni Misr Arab Respublikasining Qohira shahrida “Al-Azhar” majmuasi qoshidagi Imom Ash’ariy markazi tomonidan birinchi xalqaro ilmiy forum tashkil etildi.
Anjuman “Imom Ash’ariyning islomiy firqalarga oid fikriy yondashuvlari: aqidaviy ixtilofdan muloqot va mo‘tadillik sari” mavzusiga bag‘ishlanib, unda islom olamining yetuk ulamolari va tadqiqotchilari ishtirok etdi.
Forumda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti vakillari, jumladan, institut rektori Uyg‘un domla G‘afurov va “Hadis va islom tarixi fanlari” kafedrasi katta o‘qituvchisi Faxriddin domla Mamanasirov faol qatnashdi.
Tadbir ochilish marosimida Al-Azhar va Imom Ash’ariy markazi rahbarlari, Misr muftiysi hamda xalqaro ilmiy muassasalar vakillari so‘zga chiqdi.
Mazkur forum islom olamida ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, ma’rifat orqali mo‘tadillikni targ‘ib etish va sof islom aqidasini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati