Bugun, 24 sentyabr' kuni ulamolar Navoiy viloyatidagi jome masjidlarga tashrif buyurib, juma namozini mo'min-musulmonlar bilan ado etib, ma'rifiy suhbat qilib berdilar.
Hususan, O'zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o'rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov Navoiy shahridagi "Alisher Navoiy" jome masjidida mo'min-musulmonlarga “Giyohvandlik – o'zini halokatga tashlashdir!” mavzusida go'zal ma'ruza qilib berdi.
Ma'rifiy suhbat davomida jumladan bunday deyildi: «Insonga zarar keltiruvchi narsalardan, ayniqsa, eng ulug' ne'mat sanalmish aqlni ketkazuvchi, badanni bo'shashtiruvchi va susaytiruvchi narsa dinimizda harom qilingan.
Bu haqda Ummu salama raziyallohu anhodan rivoyat qilinadi, u zot aytadilar:
“Rasululloh sallallohu alayhi vasallam har qanday mast qiluvchi, badanni bo'shashtiruvchi va susaytiruvchi narsalarni iste'mol qilishdan qaytardilar” (Imom Abu Dovud rivoyatlari).
Hozirda ayrim yoshlar orasida psixotrop dori vositalari iste'moliga odatlanish holatlari uchramoqda. Vaholanki, bu dori vositalarida giyohvand moddalaridagi kabi o'ziga o'rgatib qo'yishdek xususiyat bor.
Tabiiyki, bu giyohvandlikning yangicha ko'rinishini paydo qiladi. Dinimizda har qanday bo'shashtiruvchi va mast qiluvchi vositalar harom qilingan!
Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam boshqa bir hadisda bunday deganlar: “Har bir mast qiluvchi narsa xamrdir va har qanday mast qiluvchi haromdir” (Imom Muslim rivoyatlari)».
Juma ma'ruzasidan so'ng Homidjon domla Ishmatbekov namozxonlarga juma namozi xutbasi va namozini o'qib berdi.
Alloh taolo ulamolar safarini xayrli va manfaatli qilsin!
Naqshband.uz
#xabar #tashabbus
Bu yil yurtimizdan hajga borgan yurtdoshlarimiz Arafot vodiysida muftiy, shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiliklarida yurtga qaytgach, «Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari bo‘lamiz» degan ezgu tashabbusni ilgari surgan edilar.
Ana shu ezgu tashabbus amalga ko‘chib, yurtimiz bo‘ylab qizg‘in pallaga kirmoqda. Jumladan, hojilar kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ilm-ma’rifatga homiylikda namuna bo‘lish, to‘ylar, oilaviy tadbir va marosimlarda me’yorga amal qilgan holda kamxarj va ixcham o‘tkazishda bosh-qosh bo‘lish, tarbiyasida muammosi bor yoshlar o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borish, mehr-oqibat kabi xayrli ishlarini amalga oshirishda jonbozlik ko‘rsatishmoqda.
11 iyul, muborak juma kunida Andijon, Namangan viloyatlari hamda Toshkent shahri hojilari, imom-xatiblar, mahalla faollari bilan birgalikda xonadonlarga, oilalarga kirib borishdi. Tashabbus doirasida joylardagi yuzga yaqin ijtimoiy va ma’naviy ko‘makka muhtoj xonadon xolidan xabar olinib, ma’naviy va moddiy yordamlar ko‘rsatildi. Ajrim yoqasida turgan oilalar saqlab qolinib, ularga oila mustahkamligi bo‘yicha tushunchalar berildi, yoshlarga pandu nasihatlar qilindi.
Hojilar ishtirokida o‘tkazilayotgan bunday ezgu tadbirlar tufayli moddiy-ma’naviy ko‘makka muhtoj oilalar vakillari, bemor fuqarolar o‘zlarining yolg‘iz emasliklarini, davlatimiz, xalqimiz har doim ular bilan yelkadosh ekanini teran his etishmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati