Alloh taolo insonlarga behisob ne'matlarni bergan, ularning har biri qadrli va fazilatlidir. Avvalo har bir mo'min eng qadrli bo'lgan ne'mat – iymon va ilm ne'matidir. Bu ikki ne'mat mujassam bo'lgan taqdirda ruyobga chiqadigan eng ulug' ne'mat – Allohga qullikni izhor qilishga sabab bo'ladigan ibodatdir. Shuningdek ko'rish, eshitish, gapirish, sezish, tafakkur, aql, farosat, qo'l, oyoq kabi ne'matlarni sanasak, hargiz sanog'iga etib bo'lmaydi. Bu haqda Alloh taolo Qur'oni karimda bunday marhamat qiladi: “Agar sizlar Allohning ne'matlarini sanasangiz, sanog'iga etolmaysizlar”(Ibrohim surasi, 34-oyat)
Ana shunday ne'matlardan biri, bu farzand ne'matidir. Bu ne'matning ulug'ligini, uni Alloh taolodan boshqa zot bera olmasligini to'liq anglab etish uchun befarzandlarning holiga nazar solish kerak. Ana shunda inson farzand ne'mati qanchalik ulug' ne'mat ekanini tushunadi. Demak, har bir ota-ona ularga farzandni Alloh taolodan boshqa hech qanday zot bera olmasligini chuqur his qilishlari zarur. Har bir bolaning sog'-salomat tug'ilishi butun insoniyat uchun Allohning tengsiz lutfu karami, in'omi va marhamati ekanini anglab etish uchun Qur'oni karimga bir nazar solishning o'zi etarli.
Alloh taolo “Sho'ro” surasida bunday marhamat qiladi: “Osmonlaru erning mulki Allohnikidir. (U zot) xohlagan narsasini yaratur. (U zot) xohlagan kishiga qizlar hadya etur va xohlagan kishiga o'g'illar hadya etur. Yoki ularni juftlab - o'g'il-qiz qilib berur va xohlagan kishisini tug'mas qilur. Albatta, U Aliym va Qodiyrdir”(49-50 oyatlar).
Darhaqiqat, “Osmonlaru erning mulki Allohnikidir”. Tafakkur qilinsa bizni qurshab turgan borliq osmonlar, er, quyosh, oy, yulduzlar, maxluqotlar va o'simliklarni Alloh taolo yaratgan. Demak, borliqdagi hamma narsaning haqiqiy egasi Alloh taolodir. Mulkning egasi Alloh bo'lgani uchun “( U zot) xohlagan narsasini yaratur”. Yo'qdan paydo qilish, yaratish sifati Allohga oiddir. O'g'il yoki qizni ham Alloh yaratadi. Bu yaratishga hech kim aralasha olmaydi.
“(U zot) xohlagan kishiga qizlar hadya etur va xohlagan kishiga o'g'illar hadya etur”. Alloh “xohlagan kishiga qizlar hadya etur”. Ayrim oilalar faqat qizlardan iborat bo'ladi. O'g'il farzand ko'rish maqsadida diniy va dunyoviy sabablarni qilishadi. Agar qanday farzand ko'rish irodasi insonga tegishli bo'lsa, o'zi xohlagan vaqtda, xohlagan farzandga ega bo'lar edi.
Demak, o'g'il yoki qiz bo'lishi Allohning irodasiga bog'liq ekan. Inson bu masalada ojiz. Shuningdek, “va xohlagan kishiga o'g'illar hadya etur”. Ayrim oilalar faqat o'g'illardan iborat bo'ladi. Qiz farzandga muhtoj bo'ladi. Insonning qiz farzandga ega bo'lishida ham o'zida ixtiyor yo'q, bu ham Allohning irodasiga bog'liq ekan. “Yoki ularni juftlab - o'g'il-qiz qilib berur”. O'g'il va qizdan iborat oilalar odatda jamiyatda ko'p uchraydi. Aralash farzand ko'rish ham Allohning irodasiga bog'liqdir.
“Va xohlagan kishisini tug'mas qilur”. Er va xotin farzand ko'rish borasida ojizligi va ular bir sabab ekanligini insonlarga bildirish maqsadida Alloh taolo ayrim oilalarni tug'mas qilib qo'yadi. Farzandga zor bo'lib mutaxassislarga ko'rinib yurishadi, lekin insonning farzand ko'rishi Allohning irodasiga bog'liqligi uchun farzand ne'matidan bebahra bo'lib o'tib ketishadi. “Albatta, U A'liym va Qodiyrdir”.
Ya'ni, Alloh hamma ishni bilib qiladi. Hohlagan bandasiga qiz, xohlagan bandasiga o'g'il va xohlagan bandasini tug'mas qilib qo'yadi. Bu ishlar Allohga osondir, chunki U zot barcha ishga qodirdir.
Farzand tug'ilishi ko'p takrorlangani sababli, insonlar orasida er-xotinlik munosabatidan keyin farzand tug'iladi degan noto'g'ri tushuncha mavjud. Homilaning paydo bo'lishi, uning rivojlanib borishi va onadan sog'-omon tug'ilishi bu – Allohning irodasi va insoniyatga qilgan lutfi-karamidir. Homilaning rivojlanishi va sog'lom tug'ilishi insonga bog'liq emasligin eslatish maqsadida Alloh insondan ozgina marhamatini burib qo'ysa, homila ikki, yoki uch oyligida nobud bo'lishi mumkin.
Homila to'qqiz oylik bo'lganidan keyin ham eson-omon tug'ilishiga hech kim kafolat bermaydi. Alloh marhamatini homiladan burib qo'ysa, homila tug'ilish vaqtida vafot etishi mumkin. Ayrim hollarda tug'ruq holatida ayollar vafot etadi. Gohida tug'ruq vaqtida Alloh marhamat qilmasa ayol ham, bola ham vafot etishi mumkin. Demak, homilaning rivojlanishi, bolaning sog'lom holatda dunyoga kelishi Allohning bandasiga qilgan lutfu-karami va marhamati tufaylidir.
Alloh taolo kimga farzand ne'matini bersa, banda o'sha ne'matga shukr qilishi kerak. Shukr qilish uch xil bo'ladi:
I. Valiyev,
“Hoja Buxoriy” nomli o'rtamaxsus Islom bilim yurti o'qituvchisi.
"Vaqf" xayriya jamoat fondining Xorazm viloyati filiali tomonidan kam ta’minlangan hamda boquvchisini yo‘qotgan 35 nafar bolajonlarning sunnat to‘yi bayramona ko‘tarinki ruhda tashkil etildi.
Tadbirda "Vaqf" xayriya jamoat fondi rahbari o‘rinbosari Oybek domla Xushvaqtov, mahalliy mutasaddilar, nuroniylar, homiylar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar. So‘zga chiqqanlar yurtimizda insonparvarlik, mehr-oqibat va xayr-saxovat qadriyatlarini mustahkamlash, ayniqsa, yetim va ehtiyojmand bolalarga quvonch ulashish eng ulug‘ va savobli amallardan biri ekanini ta’kidladi.
Bayram dasturi bolalar uchun tayyorlangan maxsus shoudasturlar va qiziqarli o‘yinlar bilan boyitildi. Tadbir yakunida barcha bolajonlarga qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Shuningdek, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlashdagi fidokorona xizmatlari uchun "Vaqf" fondi Xorazm viloyati filiali rahbari Alijon domla Matyaqubovga tashakkurnoma topshirildi.
Fayzli o‘tgan tadbir yakunida ushbu saxovat tadbiriga hissa qo‘shgan barcha homiylar va saxovatpesha insonlar haqqiga duoi xayrlar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati