Navoiy viloyatiga safari davomida O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari Ibrohimjon domla Inomov Konimex tumanidagi “Mix Ota”, Navbahor tumanidagi masjidiga tashrif buyurib, "Shukronalik fazilati" mavzusida suhbat qilib berdilar.
Darhaqiqat, Alloh taolo insonni mukarram qilib yaratib, unga son-sanoqsiz ne'matlar va tuganmas yaxshiliklarni ato qildi. Bu ne'mat va yaxshiliklari bilan insonni boshqa yaratilganlardan afzal qildi.
Qur'oni karimda marhamat qilinadi: “Ey, imon keltirganlar! Allohgagina ibodat qiluvchi bo'lsangiz, sizlarga Biz rizq qilib bergan pokiza narsalardan eb, Unga shukr qilingiz!” (Baqara surasi, 172-oyat).
Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shukr haqida bunday deganlar:
“Kim oziga shukr qilmasa, ko'piga ham shukr qilmaydi. Kim insonlarga tashakkur aytmasa, ulardan minnatdor bo'lmasa, Alloh taologa ham shukr qilmaydi. Ne'matlar haqida gapirish – shukrdir. Uni gapirmaslik esa –noshukurlikdir. Jamoat bilan yurish – rahmatdir. Yolg'izlik esa – azobdir”, – dedilar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).
Shukrning fazilatlaridan yana biri shuki, inson shukr qilsa, rizqi yana ziyodalashadi. Bu haqda hazrati Ali raziyallohu anhu shunday deganlar: “Ne'mat shukrga, shukr esa ziyodalikka bog'langandir. Modomiki banda shukr qilishda davom etar ekan, Alloh taolo ham ziyoda qilishda bardavom bo'ladi” (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Shayx Zulfiqor Ahmad Naqshbandiy hafizahulloh bunday deganlar: “Har bir inson o'z holiga, hayotiga, qismatiga, taqdiriga rozi bo'lishni, shukr qilishni o'rganishi kerak. Chunki, bu hayotni unga Alloh subhonahu va taolo ravo ko'rdi va shunday bo'lishini iroda qildi. Shuning o'zi – katta marhamat, shuning o'zi – katta bir ne'mat! Shukr qilsak, Alloh bundan ham ziyoda qiladi. Ammo noshukurlik qiladigan bo'lsak, boshqa hayotlarga havas qiladigan bo'lsak, o'zimizdagi boridan ham mahrum bo'lib qolishimiz mumkin”.
Ma'rifiy suhbat savol-javobga ulanib ketdi. Yakunda xayrli duolar qilindi.





O'zbekiston musulmonlari idorasi matuot xizmati
O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xorijlik ustoz sifatida so‘nggi yillarda bu mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuksak baholashni istardim. Ayniqsa, ma’naviy-ma’rifiy sohani rivojlantirish, diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash va inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan sa’y-harakatlar o‘zining amaliy natijalarini yaqqol namoyon etmoqda.
Xususan, bu yilgi muborak Ramazon oyida Davlat Rahbari tomonidan katta mablag‘ ajratilib, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, joylarda iftorlik va xayriya tadbirlarini keng tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar jamiyatda mehr-shafqat va hamjihatlik ruhini yanada kuchaytirmoqda. Bu kabi ezgu ishlar xalq manfaati yo‘lida davlat va jamoatchilik hamjihatligining yorqin namunasi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Shuningdek, diniy ta’lim muassasalarini rivojlantirish, masjidlar infratuzilmasini yaxshilash, imom-xatiblar va soha mutaxassislarining bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar ham alohida e’tiborga loyiq. Ma’rifiy targ‘ibot ishlarining zamonaviy shakl va usullar asosida yo‘lga qo‘yilayotgani esa aholining, ayniqsa, yoshlarning to‘g‘ri ta’lim olishiga xizmat qilmoqda.
Kuzatuvchi sifatida aytish mumkinki, mazkur izchil islohotlar mamlakatda o‘zaro hurmat, bag‘rikenglik va ijtimoiy barqarorlik muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Bu esa O‘zbekistonning ma’naviy taraqqiyot yo‘lida sobitqadamlik bilan ilgarilayotganini yaqqol ko‘rsatadi.
Shayx Ahmad Muhammad Ali,
Mir Arab Oliy madrasasi o‘qituvchisi