Din ilmlarini o'rganmoqchi bo'lgan odam olimlarni tanlashda ekstremizm yoki boshqa oqimlar to'riga tushib qolmasligi uchun jiddiy yondashishi kerak. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: “Albatta, ushbu ilm dindir. Bas, har biringiz dinini kimdan olayotganiga qarasin” (Imom Hokim va Ibn Adiy rivoyati).
Ho'sh, haqiqiy olimni qanday tanib olamiz?
Belgilari
Haqiqiy olim har doim ma'naviy qadriyatlarni moddiy narsalardan, abadiy hayotni esa oddiy narsalardan afzal ko'radi. U dinni o'ziga moslab olmaydi va o'zining manfaati yo'lida foydalanmaydi.
Nafaqat olimning ilmiga, balki uning odob-axloqiga ham e'tibor qaratish lozim. Ya'ni, uning amali, xulq-atvori shariatga mos bo'lishi kerak. Alloh taolo marhamat qiladi: «Odamlarni yaxshilikka chorlab, o'zlaringizni unutasizlarmi? Holbuki, o'zlaringiz Kitob tilovat qilasizlar. Aqlingizni yurgizmaysizlarmi?» (Baqara surasi, 44-oyat).
Haqiqiy olim – amali so'zlariga mos keladigan, boshqalarga qanday hukm, fatvo chiqarsa, o'ziga ham xuddi shunday adolatli hukmni ravo ko'ra olishi kerak.
Ka'b ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Kim ilmni ulamolar bilan mojaro qilish uchun, esipastlarga g'olib kelish uchun yoki u bilan odamlarni o'ziga qaratish uchun o'rgansa, Alloh uni do'zaxga kiritadi”, dedilar (Imom Termiziy va Imom Ibn Moja rivoyati).
Ehtiyotkorlik
Haqiqiy olim eb-ichish va kiyinishda kamtar bo'ladi. Hatto ruxsat berilgan narsalarda ham ehtiyotkordir. Uning uchun dunyo ne'matlari shunchaki vosita, xolos, mazmun emas.
Amal va obro'ga intilmaydi
Olim inson boy va nufuzli odamlar bilan yaqin munosabatda bo'lishga intilmaydi. Moddiy foyda olish uchun boy va obro'li odamlarga yaqinlashish orqali ularning salbiy harakat va xatolarini oqlab beradigan hukmlarni chiqarish ehtimoli bor.
Bu degani olimlar amaldorlarni yomon ko'rishi yoki ulardan uzoq bo'lishi kerak, degani emas. Lekin haqiqiy olim o'zini amal va shuhrat vasvasasidan himoyalashga harakat qilgan odamdir.
E'tibor bering, olimlar fatvo berishda shoshma-shoshar qaror qabul qilmaydi va da'vogarlarning gaplariga ehtiyotkorlik bilan yondashadi. Chunki ular odamlar so'ragan masalani to'la bilish imkoniyati cheklangani sababli adolatsizlik qilishdan qo'rqishadi.
Abu Hafs Nishopuriy aytgan: “Haqiqiy olim – diniy masalalarda hukm chiqarib, qiyomat kuni o'z fatvolari uchun javob berishdan qo'rqqan va xavotir olgan kishi”.
Nafsini tergab turadi
Haqiqiy olim yuqoridagi gaplar bilan cheklanib qolmaydi, har doim o'zini o'nglash, nafsini tergash bilan band bo'ladi. U o'zini nurli qilmasa, boshqalarga yorug'lik bera olmaydi. Ushbu jihat bilan boshqalardan ajralib turadi:
– tavakkul, ya'ni Allohga tavakkul;
– rizo, o'z taqdiri va Alloh bergan barcha ishlarga;
– taslim, Allohning irodasiga bo'ysunish.
Kamtarlik
Agar odamning bilimi g'azab, takabburlik, balandparvozlik va behudalik bilan qorishgan bo'lsa, demak, ilm Allohning roziligiga emas, balki dunyo manfaatlariga erishishga qaratilgan bo'ladi. Allohning diniga xizmat qilgan va Uning roziligiga erishish uchun ilm olgan kishi xotirjamlik, kamtarlik va do'stlik sifatlari bilan ajralib turadi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: “Ilmni o'rganinglar. Ilm uchun sokinlik va viqorni o'rganinglar. O'zingiz ta'lim olayotgan zotga tavozeli bo'linglar” (Imom Tabaroniy rivoyati).
Ishonchli ilm
Haqiqiy olim o'z dinini chuqur tushunadi, ilmning turli sohalarini qamrab olishga intiladi va faqat ishonchli manbalarga asoslanadi, suyanadi. Agar olim faqat diniy bilimlar bilan chegaralanib qolmasa, yanada yaxshi. Chunki ba'zi masalalar bo'yicha fatvo, qaror qabul qilishda nafaqat diniy bilim, balki hayotning boshqa sohalaridan ham xabardor bo'lishi zarur.
Po'latxon KATTAYeV,
Imom Buxoriy nomidagi
Toshkent islom instituti katta o'qituvchisi
Imom Buxoriy majmuasi nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami uchun ulug‘ va muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.
Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.
Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.
Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.
Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.
Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.
Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.
Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati