Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Avgust, 2026   |   15 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:21
Quyosh
05:45
Peshin
12:24
Asr
17:06
Shom
19:07
Xufton
20:26
Bismillah
28 Avgust, 2026, 15 Rabi`ul avval, 1448

Haqiqiy olimni qanday taniymiz?

24.09.2021   2131   5 min.
Haqiqiy olimni qanday taniymiz?

 

Din ilmlarini o'rganmoqchi bo'lgan odam olimlarni tanlashda ekstremizm yoki boshqa oqimlar to'riga tushib qolmasligi uchun jiddiy yondashishi kerak. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: “Albatta, ushbu ilm dindir. Bas, har biringiz dinini kimdan olayotganiga qarasin” (Imom Hokim va Ibn Adiy rivoyati).

Ho'sh, haqiqiy olimni qanday tanib olamiz?

Belgilari

Haqiqiy olim har doim ma'naviy qadriyatlarni moddiy narsalardan, abadiy hayotni esa oddiy narsalardan afzal ko'radi. U dinni o'ziga moslab olmaydi va o'zining manfaati yo'lida foydalanmaydi.

Nafaqat olimning ilmiga, balki uning odob-axloqiga ham e'tibor qaratish lozim. Ya'ni, uning amali, xulq-atvori shariatga mos bo'lishi kerak. Alloh taolo marhamat qiladi: «Odamlarni yaxshilikka chorlab, o'zlaringizni unutasizlarmi? Holbuki, o'zlaringiz Kitob tilovat qilasizlar. Aqlingizni yurgizmaysizlarmi?» (Baqara surasi, 44-oyat).

Haqiqiy olim – amali so'zlariga mos keladigan, boshqalarga qanday hukm, fatvo chiqarsa, o'ziga ham xuddi shunday adolatli hukmni ravo ko'ra olishi kerak.

Ka'b ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Kim ilmni ulamolar bilan mojaro qilish uchun, esipastlarga g'olib kelish uchun yoki u bilan odamlarni o'ziga qaratish uchun o'rgansa, Alloh uni do'zaxga kiritadi”, dedilar (Imom Termiziy va Imom Ibn Moja rivoyati).

Ehtiyotkorlik

Haqiqiy olim eb-ichish va kiyinishda kamtar bo'ladi. Hatto ruxsat berilgan narsalarda ham ehtiyotkordir. Uning uchun dunyo ne'matlari shunchaki vosita, xolos, mazmun emas.

Amal va obro'ga intilmaydi

Olim inson boy va nufuzli odamlar bilan yaqin munosabatda bo'lishga intilmaydi. Moddiy foyda olish uchun boy va obro'li odamlarga yaqinlashish orqali ularning salbiy harakat va xatolarini oqlab beradigan hukmlarni chiqarish ehtimoli bor.

Bu degani olimlar amaldorlarni yomon ko'rishi yoki ulardan uzoq bo'lishi kerak, degani emas. Lekin haqiqiy olim o'zini amal va shuhrat vasvasasidan himoyalashga harakat qilgan odamdir.

E'tibor bering, olimlar fatvo berishda shoshma-shoshar qaror qabul qilmaydi va da'vogarlarning gaplariga ehtiyotkorlik bilan yondashadi. Chunki ular odamlar so'ragan masalani to'la bilish imkoniyati cheklangani sababli adolatsizlik qilishdan qo'rqishadi.

Abu Hafs Nishopuriy aytgan: “Haqiqiy olim – diniy masalalarda hukm chiqarib, qiyomat kuni o'z fatvolari uchun javob berishdan qo'rqqan va xavotir olgan kishi”.

Nafsini tergab turadi

Haqiqiy olim yuqoridagi gaplar bilan cheklanib qolmaydi, har doim o'zini o'nglash, nafsini tergash bilan band bo'ladi. U o'zini nurli qilmasa, boshqalarga yorug'lik bera olmaydi. Ushbu jihat bilan boshqalardan ajralib turadi:

 – tavakkul, ya'ni Allohga tavakkul;

– rizo, o'z taqdiri va Alloh bergan barcha ishlarga;

– taslim, Allohning irodasiga bo'ysunish.

Kamtarlik

Agar odamning bilimi g'azab, takabburlik, balandparvozlik va behudalik bilan qorishgan bo'lsa, demak, ilm Allohning roziligiga emas, balki dunyo manfaatlariga erishishga qaratilgan bo'ladi. Allohning diniga xizmat qilgan va Uning roziligiga erishish uchun ilm olgan kishi xotirjamlik, kamtarlik va do'stlik sifatlari bilan ajralib turadi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: “Ilmni o'rganinglar. Ilm uchun sokinlik va viqorni o'rganinglar. O'zingiz ta'lim olayotgan zotga tavozeli bo'linglar” (Imom Tabaroniy rivoyati).

Ishonchli ilm

Haqiqiy olim o'z dinini chuqur tushunadi, ilmning turli sohalarini qamrab olishga intiladi va faqat ishonchli manbalarga asoslanadi, suyanadi. Agar olim faqat diniy bilimlar bilan chegaralanib qolmasa, yanada yaxshi. Chunki ba'zi masalalar bo'yicha fatvo, qaror qabul qilishda nafaqat diniy bilim, balki hayotning boshqa sohalaridan ham xabardor bo'lishi zarur.

 

Po'latxon KATTAYeV,

Imom Buxoriy nomidagi

Toshkent islom instituti katta o'qituvchisi

 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Diniy ta’lim sohasida ilk bor Respublika anjumani bo‘lib o‘tadi

19.08.2026   48714   1 min.
Diniy ta’lim sohasida ilk bor Respublika anjumani bo‘lib o‘tadi

Joriy yilning 19-20 avgust kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.

Davlatimiz Rahbari tomonidan har jabhada olib borilayotgan yangilanish va islohotlarga hamohang tarzda Diniy idora tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda jami 700 nafar pedagog va soha mutaxassisi, jumladan, 300 nafar ishtirokchi bevosita anjuman zalida, 400 nafar ishtirokchi esa hududlardan videoselektor orqali qatnashadi.

Anjumandan ko‘zlangan maqsad sohadagi istiqbolli rejalarni muhokama qilish, diniy ta’limda pedagogik va kasbiy mahoratni oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni yanada keng tatbiq etish hamda diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqishdir.

Dastur doirasida soha rahbarlari ishtirokida tahliliy ma’ruzalar, taniqli professorlar tomonidan mahorat darslari, ilmiy-metodik mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishib, Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari