Ikki narsa insonning fikrini barbod qiladi: biri mol-dunyo bo'lsa, ikkinchisi, jamoldir.
1. Mol shunday narsaki, u insonning nazdida qancha ko'p bo'lsa, uni sarflab, tezda tugatishi mumkin. Shuning uchun u ko'pincha o'zining asl hojatlarini ko'rmaydi, balki orzu-istaklarini ko'radi.
Ma'lumki, asl hojatlar miqdorining chegarasi bordir. Lekin orzu-istaklarning chek-chegarasi yo'q. Masalan:
– piyoda kishi velosipedda yurishni;
– velosipeddaggi kishi mototsiklda;
– mototsikldagi kishi mashinada;
– mashinadagi kishi esa har yili yangi mashina xarid qilishni xohlaydi.
Velosiped yoki mototsikl hojatimizni qondirishi yoki oddiyroq mashina ham bizni qanoatlantirishi mumkin. Lekin biz aslo bunday fikrlamaymiz. Alloh taolo nimani bergan bo'lsa, unga qanoat qilish o'rniga biz doim bir qadam oldinda yurishni istaymiz. Har doim “Menda bunday mashina bor, falon kishida piston mashina bor”, degan xayolda yuramiz.
Inson zaruriy hojatlarini qondiradigan mablag'ni emas, balki uning barcha xohish-istaklarini qondira oladigan darajada puli bo'lishini xohlaydi. “Pul barcha muammolarini hal qila oladi”, deb o'ylash katta xatodir. Chunki qachon mol-dunyo o'zi bilan birga g'am-tashvishlarni ham olib keladi.
Shunda ushbu muammolar yuzaga kelishi mumkin:
– Alloh taolo mol-dunyo beradi, ammo farzandlar noqobil bo'lishi mumkin;
– Mol-dunyo kelsa, xotin buzuq, yomon yo'lga yuruvchi bo'lishi mumkin;
– Mol-dunyo bo'lsa, hasadchilar paydo bo'lishi mumkin.
– Mol-dunyo bo'lsa, dushmanlar ko'payishi mumkin.
– Mol-dunyo topilganda kasalliklar paydo bo'lishi mumkin.
Bunday holatlarda mol-dunyo egasi nima qila oladi? Mol-davlati qanday yordam beradi? Halovatsiz hayotda mol-dunyoning nima qizig'i bor?” Aksincha, biz Alloh taolodan taqdirimizda nima rizq yozgan bo'lsa, duo qilib u zotdan uni barakotli va ofiyatli qilishini so'raylik. Agar rizq barakotli va ofiyatli bo'lsa, unda halovat bo'ladi.
"Sharm va hayo” kitobidan
Joriy yilning 19-20 avgust kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.
Davlatimiz Rahbari tomonidan har jabhada olib borilayotgan yangilanish va islohotlarga hamohang tarzda Diniy idora tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda jami 700 nafar pedagog va soha mutaxassisi, jumladan, 300 nafar ishtirokchi bevosita anjuman zalida, 400 nafar ishtirokchi esa hududlardan videoselektor orqali qatnashadi.
Anjumandan ko‘zlangan maqsad sohadagi istiqbolli rejalarni muhokama qilish, diniy ta’limda pedagogik va kasbiy mahoratni oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni yanada keng tatbiq etish hamda diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqishdir.
Dastur doirasida soha rahbarlari ishtirokida tahliliy ma’ruzalar, taniqli professorlar tomonidan mahorat darslari, ilmiy-metodik mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishib, Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati