O'zbekiston o'z mustaqilligini qo'lga kiritganidan keyin milliy merosga munosabat tubdan o'zgardi.
Hususan, ilgari qatag'on qilingan diniy ruhdagi merosga mehr-muhabbat ko'zi bilan boqa boshladik. Hayoti va faoliyati diniy-tasavvufiy yo'nalishda bo'lgan ulug' ajdodlarimizga yuz burdik.
Shu yo'nalishdagi ulug' bobolarimizdan birinchi bo'lib 1993 yilning sentyabr' uchinchi juma kuni Hoja Bahouddin Naqshband Buxoriy tavalludining 675 yilligi xalqaro miqyosda keng nishonlandi.
Buxoro viloyati hokimining “O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994 yil 11 yanvardagi “Bahouddin Naqshband ziyoratgohini ta'mirlash, tuzatish va obodonlashtirish to'g'risida”gi bayoni haqida” 1994 yil 4 fevralidagi 17-qarori 4-bandida “O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo'yicha qo'mita, “O'zbekturizm” milliy kompaniyasi, tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda har yili sentyabr' oyining uchinchi payshanba-juma kunlari bo'ladigan Bahouddin Naqshband ziyorati marosimini yuqori darajada o'tkazish” ko'zda tutilgan edi.
Ana shu qaror asosida o'sha 1994 yildan boshlab har yili sentyabr' oyida an'anaviy tarzda naqshbandxonlik Respublika ilmiy-amaliy anjumani o'tkazib kelinyapti.
Bu yilgi 28-an'anaviy anjuman “Naqshbandiya tariqatining musulmon Sharqi ikkinchi renessansidagi o'rni va ahamiyati” mavzusida bo'lib o'tdi. Uni Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi markazi, O'zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi, O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamkorlikda tashkil etdi.
Onlayn tarzda o'tkazilgan anjumanda diniy soha va hamkor tashkilotlar rahbar va xodimlari, Din ishlari bo'yicha qo'mita raisi birinchi o'rinbosari, O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi birinchi o'rinbosari Homidjon Ishmatbekov, taniqli shoir, O'zbekistondagi islom tsivilizatsiyasi markazi bo'limi mudiri Mirzo Kenjabek va boshqalar ma'ruza va nutqlari bilan ishtirok etdi.
Hususan, Mirzo Kenjabek, Mustaqim Jumayev kabi shoirlar irfoniy ruhdagi she'rlaridan o'qidi.
Ilmiy-amaliy anjumandagi ma'ruzalarda Buxoroda tasavvuf tariqatlarining paydo bo'lishi va rivojlanishi, tariqatga peshvolik qilgan avliyolar, xojagon-naqshbandiya tariqatida shariatga munosabat, “Tuhfat uz-zoirin” asarining naqshbandiya tariqati shayxlari bo'yicha muhim manba ekani, Buxorodagi ziyoratgohlar haqida ma'lumot beruvchi etti pir mobil ilovasi mohiyati, etti pir merosiga munosabatning ma'naviy-ma'rifiy ahamiyati, qadim Buxoroda o'tgan etti pir, xattotlik san'atining tasavvuf bilan bog'liq jihatlari, naqshbandiya ‒ Buxoro tasavvuf maktabi mahsuli sifatida kabi muhim-muhim mavzular atroflicha yoritildi.
Anjumanda sara ma'ruzalar matnlarini “Naqshbandiya” ilmiy-irfoniy, adabiy-ma'rifiy jurnali sahifalarida chop etish tavsiya etildi.
Sultonmurod OLIM,
“Naqshbandiya” jurnali bosh muhariri,
O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi
2026 yilning 25 may kuni Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti jamoasi uchun quvonchli voqea yuz berdi. Institut Kengashining yig‘ilishida rektor Uyg‘un G‘afurov tomonidan “Aqoid va fiqhiy fanlar” kafedrasi dots.nt vazifasini bajaruvchisi, islomshunoslik fanlari falsafa doktori (PhD) Ma’murjon Rahmonberdiyevich Erkayevga Fiqh, kalom ilmi (Ilohiyot) ixtisosligi bo‘yicha dots.nt ilmiy unvoni tantanali ravishda topshirildi.
Ma’murjon Erkayev 2005 yilda Toshkent islom institutini, so‘ngra O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi magistraturasini muvaffaqiyatli tamomlagan. Olim 2024 yilda “Burhoniddin Mahmud Buxoriyning “Muhitul Burhoniy” asarida ijara shartnomalari” mavzusidagi dissertatsiyasini yuksak saviyada himoya qilgan edi. Jonkuyar pedagog sifatida u so‘nggi uch yilda “Faroiz ilmi” va “Fiqh ilmiga kirish” o‘quv qo‘llanmalari hamda “Hidoyatul muhtor” asarini nashr ettirdi, shuningdek, mahalliy va xalqaro jurnallarda o‘nlab ilmiy maqolalari e’lon qilindi.
Muhtaram ustozni ushbu yuksak ilmiy unvon va e’tirof bilan muborakbod etib, ularning ilm yo‘lidagi xayrli izlanishlariga zafarlar va kuch-quvvat tilab qoladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati