Sayt test holatida ishlamoqda!
06 Iyul, 2025   |   11 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:13
Quyosh
04:56
Peshin
12:33
Asr
17:42
Shom
20:03
Xufton
21:39
Bismillah
06 Iyul, 2025, 11 Muharram, 1447

Islom moliyasi asoslari

23.09.2021   3104   5 min.
Islom moliyasi asoslari

Har qanday muassasaviy tarmoq uni tartibga soluvchi qoida va nizomlar, o'rnatilgan qonunlar mavjud bo'lgan taqdirda faoliyat ko'rsatadi. Musulmonlar turmush tarzini tartibga soluvchi qoidalar islom qonunlari majmui – shariatda ifodalangan. 

Ushbu qonunlar to'rt manbaga ega. Birinchisi – muqaddas Qur'on bo'lib, u diniy bilimlarning asl va o'zgarmas manbasi hisoblanadi. Qur'on Payg'ambar sallollohu alayhi vasallam orqali Jabroil (alayhissalom) vositasida etkazilgan Allohning vahiylarini o'z ichiga olgan bo'lib, butun insoniyatga yo'llangan ilohiy ko'rsatma hisoblanadi.
Mazkur qonunlarning ikkinchi manbasi hadislar hisoblanadi. Ular Payg'ambar Muhammad sallollohu alayhi vasallamning qavllari va tutumlari yoki ular bilan bog'liq voqealar to'g'risidagi qisqa rivoyatlar bo'lib, Payg'ambar sallollohu alayhi vasallam sunnatlari asosini tashkil etadi.
Shariat qonunini shakllantiruvchi uchinchi manba «ijmo» deb ataladi. Ijmo – obro'li musulmon olimlar tomonidan aniq bir masala yoki holat uchun ishlab chiqilgan echimlardir. Islom an'analarida Qur'on va sunnatdan mustaqil xulosa chiqarish huquqiga ega ulamolar mujtahidlar deb ataladi. 
To'rtinchi manba «qiyos» deb nomlanadi. Ushbu atamaning dastlabki ahamiyati «o'lchash» yoki «ikki ashyo o'rtasida taqqoslash o'tkazish» so'zlaridan kelib chiqadi. Qiyos – murakkab va munozarali masalalar bo'yicha Qur'on va hadislarda bayon etilgan asoslarga ko'ra, mujtahidlar tomonidan yangi echimlarni ishlash va monandligi asosida hukm chiqarishdir.
Islom huquqshunosligida Qur'on va hadislarga asoslangan dalillar shar'iy (qonuniy) dalillar deyiladi, ularning ishonchliligi har qanday gumonlardan xolidir, chunki mazkur ikki manba islom ta'limotining mutlaq haqqoniy va mustahkam asosini tashkil etadi. Ijmo va qiyosga asoslangan dalillar, shuningdek, «furu» – shariat huquqining tarmog'i sifatida ham ma'lum.

Shunday qilib, islom yo'l-yo'riq ko'rsatuvchi tartiblarni taklif etadi va inson hayotining barcha jabhalari, shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar (muomala) uchun qoidalar majmuiga rioya etishga amr qiladi. Islom tamoyillariga muvofiq shakllantirilgan moliyaviy va iqtisodiy tizim zamonaviy va umumqabul qilingan tizim bilan qanday qilib va qay darajada uyg'unlashishi mumkin? Mana shunday tizim iqtisodiy resurslarni joylashtirish, taqsimlash va ayirboshlash masalalari bilan qay tarzda shug'ullanishi mumkin? Uning asosiy qoidalaridan ayrimlari qay yo'sinda lozim darajada tahliliy sinchkovlik ila izohlanishi mumkin? Islom tamoyillariga asoslangan moliyaviy, ijtimoiy va iqtisodiy tizimni shakllantirish yoki ko'rib chiqishga jalb etilgan tadqiqotchilar mazkur va boshqa ko'plab masalalarni tadqiq etadilar. 
Faqat so'nggi bir necha o'n yillikda ushbu moliyaviy va iqtisodiy nizom hamda me'yorlarni zamonaviy tahliliy atamalar nuqtai nazaridan izohlash uchun jiddiy sa'y-harakatlar amalga oshirilganiga qaramay va ko'plab tadqiqotlar chop etilgan bo'lsa-da, baribir «islom moliyasi» yoki «islom iqtisodiyoti» singari «islom» atamasi qo'shilgan turli ijtimoiy fanlarga nisbatan aniq ta'rifni qo'llash yuzasidan ayrim chalkashliklar saqlanib turibdi. Mana shunday tizimning turli jabhalarini bir butun sifatida emas, balki alohida ko'rib chiqish tendentsiyasi buning asosiy sabablaridan biri hisoblanadi. Masalan, «islom moliyasi» atamasi ko'pincha «foizni man etuvchi» tizimni ta'riflash uchun ishlatiladi. Lekin mana shunday sodda bayon etish nafaqat noto'g'ri, balki qo'shimcha chalkashliklarning manbasi ham hisoblanadi.

Islom moliyasi industriya o'laroq global moliyaviy aktivlarning qariyb 1% ini tashkil etadi va 2002–2012 yillarda yiliga 20% ga o'sdi. Islom moliyaviy xizmatlarga korporativ va ulgurji bozorda talabning ortib borishi tarmoq o'sishini rag'batlantirib turgan omillardan biri hisoblanadi. Ushbu tarmoqda banklar asosiy bo'g'imni tashkil etmoqda va global bank sanoatida u qadar katta bo'lmagan, lekin o'sib borayotgan tarmoqni o'zida aks ettirmoqda. XX asr oxiri – XXI asr boshlarida islom banklari o'sishidagi ulkan o'zgarishlar yirik an'anaviy banklarning ham diqqat-e'tiborini, «islomiy darcha» deb ataladigan muqobil mahsulotlarni taqdim etishga qaratishiga turtki bo'ldi. Chunki islom banklari umumiy moliyaviy muhitda vujudga keladi va ishlaydi, ular bozorda raqobatbardoshlikni qo'llab-quvvatlash bilan bog'liq muammolarga ro'baro' bo'ladi. Bundan tashqari, mazkur banklar shariat ko'rsatmasi talablarini bajarishlari lozim bo'ladi.

2008 yilgi jahon moliyaviy inqirozidan keyingi davrlarda muqobil moliyalarning o'sishi yanada kuchaydi. Dastavval islom moliyaviy mahsulotlari hammabop bo'lmagan bo'lsa-da, oxirgi yillarda u ko'plab mijozlarni o'ziga jalb etib, kengaydi. Global iqtisodiyot panasida qolib ketgan islom moliyasi endi oldingi saflarga chiqib qoldi. Hozirgi vaqtda aksariyat yirik moliyaviy muassasalar konsalting, buxgalteriya hisobi, shuningdek, axborot tadbirlari tufayli muqobil moliyalar sohasiga u yoki bu darajada jalb etilmoqda. Tadqiqotchilarning hisob-kitoblariga ko'ra, hozirgi vaqtda islom moliyasi 105 ta mamlakatda ishlab turibdi, aksariyat mamlakatlar qonunchiligida mazkur soha uchun me'yoriy-huquqiy asosni yaratishga muvaffaq bo'lindi. Islom dunyosining o'zida mazkur moliyaviy muassasalar moliyaviy munosabatlarning asosiy ishtirokchilari bo'lib qolmoqdalar.

Manba: «Islomiy moliya asoslari», Ye.A. Baydaulet, tarjimon B. Jo'rayev
Kitob O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo'yicha qo'mitaning 391-xulosasi asosida tayyorlangan

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Mo‘tadillik - saodat

04.07.2025   5002   2 min.
Mo‘tadillik - saodat

Islom dini biror shaxs, guruh, mol-dunyoga nisbatan va obro‘-e’tibor topish uchun qilinadigan har qanday mutaassiblik va firqalarga bo‘linishni qoralaydi, tarafkashlikni johiliyat holatiga o‘xshatadi.

Mutaassiblikning turli ko‘rinishlari bor bo‘lib, ular kishining o‘zi, mol-dunyosi, farzandlari, millatini boshqalardan afzal bilib, bu yo‘lda ashaddiy ravishda kurashishi demakdir. Mo‘tabar manbalarimizda ota-bobolari va o‘zining nasabi bilan faxrlanish tuyg‘usi kishini do‘zaxga tortadi deb ta’kidlangan.

Mutaassiblik turlaridan biri bu diniy mutaassiblikdir. Diniy mutaassiblik deganda, ma’lum bir dinda asos bo‘lgan, ushbu din vakillari amal qiladigan ta’limot va qoidalarga qarshi chiqish, diniy tushunchalarni shariat ko‘rsatmalariga zid ravishda o‘zicha talqin qilib, boshqalarni unga ergashishga chorlash nazarda tutiladi. Diniy mutaassiblikning eng katta xatarlaridan biri bu, dinlararo muloqotga rahna solishdir.

Dinda mutaassibona harakat, dinda chuqur ketish, haddan oshish, Qur’on va Sunnatda kelgan ta’limotlarga zid ravishda o‘z fikriga ergashishni qattiq qoralanadi. Dinda haddan oshish deganda shariat belgilab qo‘ygan chegaradan chiqib ketish tushuniladi. Bu ish aqidada bo‘lsin, so‘z yoki amalda bo‘lsin, baribir. Bu borada Alloh taolo Baqara surasida  “Ushbular Allohning chegaralaridir. Bas, ulardan tajovuz qilmang. Va kim Allohning chegaralaridan tajovuz qilsa, bas, o‘shalar, ana o‘shalar, zolimlardir”, deb marhamat qiladi.

Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallam: “Dinda haddan oshishdan ehtiyot bo‘linglar. Chunki, sizlardan oldin o‘tganlarni dinda haddan oshishlik halok qilgandir” deb uqtirganlar. 

Shunday ekan, bugungi kundagi ko‘plab muammolarning ildizi mutaassiblik va haddan oshish ekanligini hammamiz chuqur anglashimiz lozim. Xulosa o‘rnida, bu kabi muammolarning yechimi sifatida Faqih doktor Vahba Mustafo Zuhayliy janoblarining ushbu so‘zlarini keltirish bilan yakunlaymiz: “Islom mo‘tadil din bo‘lib haqiqatlardan birortasida chetga chiqishga yoki haddan oshishga yo‘l qo‘ymasligini anglatadi. Islomda va boshqa dinlarda dinda haddan oshish ham, e’tiqodda bir taraflama va g‘ayritabiiy bo‘lish ham, haddan tashqari qattiq olish ham, juda bo‘sh qo‘yib yuborish ham yo‘q…”. 

Alloh ta’olo barchamizni haq yo‘ldan adashtirmasin.

Kosonsoy tumani "Sodod" jome masjidi imom-xatibi

Bahodir Mirfayziyev

Manba: @Softalimotlar

MAQOLA