Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Avgust, 2026   |   6 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:09
Quyosh
05:36
Peshin
12:27
Asr
17:16
Shom
19:21
Xufton
20:43
Bismillah
19 Avgust, 2026, 6 Rabi`ul avval, 1448

Jinoyatchilikning yuqori pog'onasida turganlar

23.09.2021   1709   5 min.
Jinoyatchilikning yuqori pog'onasida turganlar

TARAQQIYoTGA TAZYIQ BO'LAYoTGAN TAHDIDLAR

Dunyoda shunday hududlar borki, o'g'rilik, giyohvandlik,  qotillik kabi jinoyatlar sodir etilishi me'yor darajasidan ortib ketgan. Ko'chalardagi o'q ovozlari, nohaq odam o'ldirilishi va  mahalliy aholi uchun oddiy holatga aylangan.  

Dunyoning eng kriminal hududlar asosan Lotin Amerikasi,  Afrika va Yaqin Sharq mintaqalarida joylashgan. Uzoq muddatli harbiy qarama-qarshiliklar, hokimiyat uchun ichki kurashlar, terrorchilik xavfining oshishi, giyohvand moddalar savdosi va boshqa jinoyatlar jinoiy to'dalarni shakllanishiga asos bo'lgan. Bu esa o'z navbatida mazkur davlatlarning iqtisodiy taraqqiyotga erishishiga to'sqinlik qiladi.  

Shahar va mamlakatlarga oid ma'lumotlar asosidagi reytinglarni e'lon qilib boradigan “Numbeo”portali dunyoning eng kriminal davlatlari reytingini e'lon qildi.  

VYeNYeSUELA – jinoyatchilik darajasi yuqoriligi bo'yicha etakchilik mamlakat hisoblanadi. 30 millionga yaqin aholi yashaydigan ushbu hududda qotillik deyarli har kuni sodir etiladi. Mamlakat muntazam ravishda politsiya nazoratiga olingan bo'lsa-da, shavqatsiz to'dalar shahar ko'chalarida shiddatli janglarni boshlaganlarida ular o'z mas'uliyatidan deyarli kechadi. Har 100 ming aholiga o'rtacha 120-200 ta qotillik nisbati to'g'ri keladi. 1998 yilda mamlakatda sodir etilgan qotilliklar soni 4500 ta bo'lib, 2010 yilga kelib bu ko'rsatgich 20 mingga etgani mamlakatda  yil sayin kriminal hayot rivojlanib borayotganini ko'rsatadi.    

PAPUA-YaNGI GVINYeYa – dunyodagi ishsizlik darajasi yuqori bo'lgan mamlakat (aholisining 4/1 qismi ishsiz) hisoblanadi. Jinoyatchilik ko'rsatgichi 2020 yil holatiga ko'ra 80 foizni tashkil etgan. Mamlakatda inson huquqlari himoyasiga qaratilgan qonunlar mavjud bo'lsa-da, ular ijrosi ta'minlanmagan. Mamlakat tabiiy resurslarga boy bo'lsa-da, aholining asosiy qismi qashshoqlikda yashaydi, deyiladi BMT bayonotida.  

 JANUBIY AFRIKA RYeSPUBLIKASI – jinoyatlar ko'rsatgichi ushbu hududda 1980 yillardan boshlab oshdi. 2000 yillar boshida   krimiinal tizim avj oldi. Jinoyatchilikning doimiy o'sib borishi hududda uyushga jinoyatchilarning ko'payishiga sabab bo'lib, demografik o'zgarishlarga, mamlakat adliya tizimiga salbiy ta'sirini ko'rsatdi. Hududda talonchilik, zo'ravonlik va qotillik keng tarqalgan bo'lib, respublika bo'ylab kunlik qotillik soni 50 tadan oshadi.  

MYeKSIKA – jinoyatchilik darajasi yuqori bo'lgan davlatlar reytingining keyingi o'rnini egallagan. Mamlakatning eng kriminal tuman S'yudad-Huares  aynan AQSh bilan chegara hududida joylashgan. 2009 yilda bu tuman qotilliklar bo'yicha dunyoda birinchi o'ringa chiqqan. Giyohvand savdosi o'chog'iga aylangan hududda bir necha yillar avval avtomatdan otilgan o'qlar va jinoiy to'dalar  shovqini tinchlikni buzgan bo'lsa, hozirda esa jinoyatchilar ancha tinch harakatlanmoqda. O'tgan yillarda jinoyat olamida “El chapo” nomi bilan tanilgan meksikalik jinoyatchi Hoakin Gusman AQShga ekstraditsiya qilingan. Bunga sabab Meksika qamoqxonalaridagi xavfsizlik tizimi ishonchsiz ekanligi bo'ldi.  

SURIYa –  2011 yil davlat to'ntarilishi boshlangunga qadar sayyohlar uchun xavfsiz mamlakat hisoblangan.  Hukumat va prezident boshqaruviga qarshi norozilik harakatlarida mamlakatning bir qismi “Islom davlati” teror guruhi tomonidan vayronaga aylantirilgan. Bugungi kunda mamlakatning katta qismi terror guruhlaridan xoli qilingan bo'lsa-da, to'liq bexavotir deb bo'lmaydi.  

“Syrian Observatory for Human Rights” tashkiloti hisobotiga ko'ra, mamlakatda 2011 yil boshlangan notinchliklar oqibatida 100 mingdan ortiq  aholi halok bo'lgan. Minglab odamlar o'z yurtini tashlab ketgan. 2018 yil Suriya tarixida eng ko'p aholi qurbon bo'lgan. 2012 yildan buyon mamlakatda har oy 5 mingtadan ortiq odam halok bo'lmoqda.  

“Numbeo” portalining jinoyatchilik, qotillik eng avj olgan notinch mamlakatlari ro'yxatining keyingi pog'onalaridan Iroq, Liviya, Braziliya, Eron, Rossiya, Buyuk Britaniya kabi nomdor mamlakatlar o'rin olgan.  

Ma'lumot o'rnida, ushbu ro'yxatda 137 ta mamlakat kiritilgan bo'lib, O'zbekiston 101-o'rinda, qo'shni davlatlar – Qozog'iston 40-o'rinda,  Qirg'iziston – 30-o'rinda, Afg'oniston esa 4-o'rinda qayd etilgan.

 

Zuhra MIRZABOYeVA, O'zA

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Maqolalar

“EHSON” TUSHUNCHASI VA BUGUNGI KUNDAGI AHAMIYATI

13.08.2026   28126   8 min.
“EHSON” TUSHUNCHASI VA BUGUNGI KUNDAGI AHAMIYATI

Tasavvuf masalasi ham salafiylar tomonidan qattiq tanqidga olingan va ko‘r-ko‘rona rad etiladigan mavzulardan biridir. Tasavvuf, tariqat, suluk, shayx, murid va shu kabi atamalarni eshitishlari bilan mavzuni inkor qilishga tushib ketadilar. Lekin aslida ham shundaymi?

Ming yillardan beri Islomning ruhi bo‘lib kelgan va Islom ummati og‘ishmay amal qilib kelayotgan bu mavzu rad etilishi kerakmi?!

Tasavvuf – bu Allohni tanish va nafsni poklashni o‘rgatadigan va shu yo‘ldagi harakatlarni ifodalaydigan, ularni anglatadigan va bu holatlarga erishish uchun nima qilish kerakligini tushuntiradigan bir ilmdir. Tasavvuf islomiy ilmlarning eng sharaflisidir. Bu ilmning sharafi, mavzusining sharafi bilandir.

Modomiki, tasavvufning maqsadi, mavzusi ma’rifatulloh – Allohni bilish-tanish ekan, u o‘z-o‘zidan islomiy ilmlarning eng sharaflisi bo‘ladi. Tasavvuf bizga nima qilsak, Alloh bizni sevadi? Nima qilsak, qalbimizda bo‘lishini istaganimiz “Alloh sevgisi” hosil bo‘ladi, kabi savollarga javob beradi va bu maqomga erishish yo‘llarini o‘rgatadi.

Tasavvufga ulamolar tomonidan ko‘plab ta’riflar berilgan. Shayx Ibrohim ibn Muvallid Roqqiy rahmatullohi alayh o‘zining kitoblarida bu ta’riflarni yuzdan oshig‘ini jamlagan.

Shayx Muhammad ibn Ali Qassob rahimahulloh: “Tasavvuf bu – saodat asrida sharafli qavmning eng oliyjanob kishisidan sodir bo‘lgan eng go‘zal xulqlardir”, degan.

Shayx Abu Muhammad Jaririy rahimahulloh: “Tasavvuf – har bir go‘zal xulqni olish va har bir yomon xulqni tark qilishdir”, dedi.

Shayx Muhammad ibn Ali ibn Husayn ibn Ali ibn Abu Tolib rahimahulloh: “Tasavvuf – go‘zal xulq bilan bir ma’noda bo‘lib, kimning xulqi senikidan go‘zal bo‘lsa, tasavvufi ham go‘zaldir”, degan.

Shayx Abu Hafs Naysoburiy rahimahulloh: “Tasavvuf – uning barchasi odobdir. U har bir vaqt, har bir hol va har bir maqomning odobidir”, degan.

Tasavvuf ba’zi kishilar: “Bu narsa hijriy uchinchi asrdan keyin paydo bo‘lgan bid’at, avvalgi davrda bo‘lmagan. Qur’oni karim va hadisi sharifda “Tasavvuf” so‘zi biror marta zikr qilinmagan”, deb da’vo qilayotganidek keyin paydo bo‘lib qolgan bid’at ilm emas, balki u barcha shar’iy ilmlar qatori Islomning avvalidan mavjuddir.

Qur’oni karimda va hadisi shariflarda “Tasavvuf” so‘zini biror marta kelmagani uni islomiy ilm emasligiga dalil bo‘lmaydi. Chunki boshqa islomiy ilmlarning ham nomlari Qur’on va hadisda zikr qilinmagan. Agar Qur’on va hadisda zikr qilinmagan narsalarni inkor qilsak, juda ko‘plab narsalardan voz kechishimizga to‘g‘ri keladi.

Tasavvuf Islomning avvalgi asrlaridan beri mavjud bo‘lib, u ham boshqa islomiy ilmlar qatori Qur’on va sunnatdan olingan. Bunga Qur’on, hadis va tobeinlarning so‘zlarida dalillar bor. Avval aytganimizdek tasavvufning asosiy vazifasi insonning nafsini tarbiyalash, gunohlardan poklash va botiniy amallarini tartibga solishdir.

Alloh taolo An’om surasining 120-oyatida bunday marhamat qilgan:

﴿وَذَرُوا ظَاهِرَ الْإِثْمِ وَبَاطِنَهُ﴾

“Va oshkora hamda maxfiy gunohlarni tark qilinglar!”.

Alloma Alouddin Ali ibn Muhammad Bag‘dodiy rahimahulloh bu oyati karimani tafsir qilib: “Oshkora gunohdan tashqi a’zolar bilan qilinadigan gunohlar nazarda tutilgan. Maxfiy gunohdan qalb bilan qilinadigan gunohlar nazarda tutilgan” degan.

Zohiriy a’zolar bilan qilinadigan gunohlarni tark qilishni va unga beriladigan jazolarni fiqh fani o‘rgatsa, qalb kasalliklarini davolashni aynan tasavvuf o‘rgatadi. Boshqa oyati karimada shunday deyiladi:

﴿قَدْ أَفْلَحَ مَنْ زَكَّاهَا﴾

“Batahqiq, kim u(nafs)ni poklasa, yutuqqa erishdi” (Shams surasi, 9-oyat).

Darhaqiqat, inson oxiratda yutuqqa erishishi uchun, jahannam olovidan omonda bo‘lishi uchun bu dunyoda kufrdan, shirkdan, nifoqdan va turli gunoh va qalb kasalliklaridan o‘zini poklashi kerak.

Alloh taolo bu oyati karimalarda bandalarini kufr, shirk va gunohlardan o‘zlarini poklashga buyurmoqda. Mana shu poklashni o‘rgatadigan fanni “Tasavvuf” deb nomlash insonlar orasida urf bo‘lgan.

Shuningdek, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarida tasavvuf ehson deb nomlangan. “Jabroil hadisi” deb nomlangan mashhur hadisi sharifda “ehson” ayni tasavvuf ekani namoyon bo‘ldi.

Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida edik. Birdan ustimizda oppoq kiyimli, sochlari qop-qora odam paydo bo‘ldi. Unda safarning asari ko‘rinmas edi. Uni birortamiz tanimas ham edik. U kelib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning to‘g‘rilariga o‘tirdi. Ikki tizzasini u zotning ikki tizzalariga tiradi. Ikki kaftini sonlari ustiga qo‘ydi va: “Ey Muhammad, menga Islom haqida xabar ber”, dedi.

Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Islom “Laa ilaaha illallohu Muhammadur Rasululloh”, deb shahodat keltirmog‘ing, namozni to‘kis ado qilmog‘ing, zakot bermog‘ing, Ramazon ro‘zasini tutmog‘ing, agar yo‘liga qodir bo‘lsang, Baytni haj qilmog‘ing”, dedilar.

“To‘g‘ri aytding”, dedi u. Biz undan ajablandik. O‘zi so‘raydi, o‘zi tasdiqlaydi.

“Menga iymon haqida xabar ber”, dedi.

“Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, payg‘ambarlariga va oxirat kuniga iymon keltirmog‘ing, yaxshiyu yomon qadarga iymon keltirmog‘ing”, dedilar.

“To‘g‘ri aytding”, dedi.

“Menga ehson haqida xabar ber”, dedi u.

“Allohga xuddi Uni ko‘rib turganingdek ibodat qilmog‘ing. Agar sen Uni ko‘rmasang, U seni ko‘rib turur”, dedilar.

“Menga Soat (qiyomat)dan xabar ber”, dedi.

“So‘raluvchi bu haqda so‘rovchidan bilimliroq emas”, dedilar.

“Uning alomatlaridan xabar ber”, dedi.

“Cho‘ri o‘z xojasini tug‘ishi, yalangoyoq, yalang‘och, kambag‘al cho‘ponlarning bino qurishda bir-birlaridan o‘zishga urinishlarini ko‘rmog‘ing», dedilar. So‘ngra u (qaytib) ketdi. Bas, birmuncha vaqt o‘tkazdim. So‘ngra u zot menga:

“Ey Umar, so‘rovchi kimligini bildingmi?” dedilar.

“Alloh va Uning Rasuli biluvchidir”, dedim.

“Albatta, u Jabroildir. Sizlarga diningizni o‘rgatgani kelibdi”, dedilar».

Ushbu hadisi sharifda dinning asllari iymon, Islom, ehson, zohiriy va botiniy amallarni isloh qilish va oxirat kuni haqida va bularning barchasi din ekanligini xabari berilmoqda.

Hadisi sharifda zikr qilingan “Islom”ni fiqh ilmi o‘rgatadi. “Iymon” qismini aqoid ilmi o‘rgatadi. Bizning mavzumizga bevosita bog‘liq bo‘lgan “ehson” qismini esa tasavvuf ilmi o‘rgatadi va bu hadisi sharifda bunga amaliy namuna ham bor.

Jabroil alayhissalom: “Menga ehson haqida xabar ber”, deganlarida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Allohga xuddi Uni ko‘rib turganingdek ibodat qilmog‘ing. Agar sen Uni ko‘rmasang, U seni ko‘rib turur”, dedilar.

Tasavvufning asosiy maqsadlaridan biri ham banda qilayotgan har bir ibodatida, amalida Alloh uni ko‘rib turganini va bu amaliga qiyomat kuni albatta savol-javob bo‘lishini qalban his qildirishdir.

“Tasavvuf” so‘zi Islomning dastlabki asrida ishlatilmagan bo‘lsa-da, keyingi davrlarda “so‘fiy” so‘zi ishlatilganini kuzatishimiz mumkin.

Ulamolar mutavotir hadisning qanday bo‘lishi va shartlarini bayon qilib aytadilarki “Mutavotir hadis – uning sanadidagi har bir tabaqada juda ko‘p roviy rivoyat qilgan. Ana shu roviylarning barchasi rivoyat qilingan hadisni o‘zgartirishga kelishib olishlari mumkinligini aql inkor etadi”.

Shunday ekan, tasavvuf ilmi ham ikkinchi asrdan (tobeinlar asridan) to shu kungacha minglab shariatimiz peshvolari orqali ham naqlan, ham amalan mutavotir holatda bizgacha yetib kelgan. Shuning o‘zi ham tasavvuf ilmining shar’iy ilm ekaniga yetarli dalil bo‘ladi.

Mashhur muhaddis olim, Shayx Shoh Valiyyulloh Dehlaviy rahimahulloh: “Suhbatlarimiz va ta’lim-tarbiyamiz Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga sahih va mashhur sanad bilan yetib borgan tariqat odobidir”, degan.

 

 

O‘tkirbek Sobirov

O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi

Toshkent islom instituti o‘qituvchisi

MAQOLA