Dunyoda shunday hududlar borki, o'g'rilik, giyohvandlik, qotillik kabi jinoyatlar sodir etilishi me'yor darajasidan ortib ketgan. Ko'chalardagi o'q ovozlari, nohaq odam o'ldirilishi va mahalliy aholi uchun oddiy holatga aylangan.
Dunyoning eng kriminal hududlar asosan Lotin Amerikasi, Afrika va Yaqin Sharq mintaqalarida joylashgan. Uzoq muddatli harbiy qarama-qarshiliklar, hokimiyat uchun ichki kurashlar, terrorchilik xavfining oshishi, giyohvand moddalar savdosi va boshqa jinoyatlar jinoiy to'dalarni shakllanishiga asos bo'lgan. Bu esa o'z navbatida mazkur davlatlarning iqtisodiy taraqqiyotga erishishiga to'sqinlik qiladi.
Shahar va mamlakatlarga oid ma'lumotlar asosidagi reytinglarni e'lon qilib boradigan “Numbeo”portali dunyoning eng kriminal davlatlari reytingini e'lon qildi.
VYeNYeSUELA – jinoyatchilik darajasi yuqoriligi bo'yicha etakchilik mamlakat hisoblanadi. 30 millionga yaqin aholi yashaydigan ushbu hududda qotillik deyarli har kuni sodir etiladi. Mamlakat muntazam ravishda politsiya nazoratiga olingan bo'lsa-da, shavqatsiz to'dalar shahar ko'chalarida shiddatli janglarni boshlaganlarida ular o'z mas'uliyatidan deyarli kechadi. Har 100 ming aholiga o'rtacha 120-200 ta qotillik nisbati to'g'ri keladi. 1998 yilda mamlakatda sodir etilgan qotilliklar soni 4500 ta bo'lib, 2010 yilga kelib bu ko'rsatgich 20 mingga etgani mamlakatda yil sayin kriminal hayot rivojlanib borayotganini ko'rsatadi.

PAPUA-YaNGI GVINYeYa – dunyodagi ishsizlik darajasi yuqori bo'lgan mamlakat (aholisining 4/1 qismi ishsiz) hisoblanadi. Jinoyatchilik ko'rsatgichi 2020 yil holatiga ko'ra 80 foizni tashkil etgan. Mamlakatda inson huquqlari himoyasiga qaratilgan qonunlar mavjud bo'lsa-da, ular ijrosi ta'minlanmagan. Mamlakat tabiiy resurslarga boy bo'lsa-da, aholining asosiy qismi qashshoqlikda yashaydi, deyiladi BMT bayonotida.
JANUBIY AFRIKA RYeSPUBLIKASI – jinoyatlar ko'rsatgichi ushbu hududda 1980 yillardan boshlab oshdi. 2000 yillar boshida krimiinal tizim avj oldi. Jinoyatchilikning doimiy o'sib borishi hududda uyushga jinoyatchilarning ko'payishiga sabab bo'lib, demografik o'zgarishlarga, mamlakat adliya tizimiga salbiy ta'sirini ko'rsatdi. Hududda talonchilik, zo'ravonlik va qotillik keng tarqalgan bo'lib, respublika bo'ylab kunlik qotillik soni 50 tadan oshadi.

MYeKSIKA – jinoyatchilik darajasi yuqori bo'lgan davlatlar reytingining keyingi o'rnini egallagan. Mamlakatning eng kriminal tuman S'yudad-Huares aynan AQSh bilan chegara hududida joylashgan. 2009 yilda bu tuman qotilliklar bo'yicha dunyoda birinchi o'ringa chiqqan. Giyohvand savdosi o'chog'iga aylangan hududda bir necha yillar avval avtomatdan otilgan o'qlar va jinoiy to'dalar shovqini tinchlikni buzgan bo'lsa, hozirda esa jinoyatchilar ancha tinch harakatlanmoqda. O'tgan yillarda jinoyat olamida “El chapo” nomi bilan tanilgan meksikalik jinoyatchi Hoakin Gusman AQShga ekstraditsiya qilingan. Bunga sabab Meksika qamoqxonalaridagi xavfsizlik tizimi ishonchsiz ekanligi bo'ldi.
SURIYa – 2011 yil davlat to'ntarilishi boshlangunga qadar sayyohlar uchun xavfsiz mamlakat hisoblangan. Hukumat va prezident boshqaruviga qarshi norozilik harakatlarida mamlakatning bir qismi “Islom davlati” teror guruhi tomonidan vayronaga aylantirilgan. Bugungi kunda mamlakatning katta qismi terror guruhlaridan xoli qilingan bo'lsa-da, to'liq bexavotir deb bo'lmaydi.
“Syrian Observatory for Human Rights” tashkiloti hisobotiga ko'ra, mamlakatda 2011 yil boshlangan notinchliklar oqibatida 100 mingdan ortiq aholi halok bo'lgan. Minglab odamlar o'z yurtini tashlab ketgan. 2018 yil Suriya tarixida eng ko'p aholi qurbon bo'lgan. 2012 yildan buyon mamlakatda har oy 5 mingtadan ortiq odam halok bo'lmoqda.

“Numbeo” portalining jinoyatchilik, qotillik eng avj olgan notinch mamlakatlari ro'yxatining keyingi pog'onalaridan Iroq, Liviya, Braziliya, Eron, Rossiya, Buyuk Britaniya kabi nomdor mamlakatlar o'rin olgan.
Ma'lumot o'rnida, ushbu ro'yxatda 137 ta mamlakat kiritilgan bo'lib, O'zbekiston 101-o'rinda, qo'shni davlatlar – Qozog'iston 40-o'rinda, Qirg'iziston – 30-o'rinda, Afg'oniston esa 4-o'rinda qayd etilgan.
Zuhra MIRZABOYeVA, O'zA
Halollik va rostgo‘ylik insonning shaxsiy fazilatlari bo‘lish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydigan muhim milliy, diniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlardir.
Islom dinida halollik va rostgo‘ylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgo‘y va adolatli bo‘lish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham belgilaydi.
Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgo‘ylikka da’vat qilish, har doim halol bo‘lishga undash, aldov va yolg‘on guvohlik berishdan qaytarishga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, halollik va rostgo‘ylik insonning ma’naviy kamolotini, imoni mustahkam va axloqi go‘zalligini namoyon etuvchi eng muhim fazilatlardir. Harom va yolg‘on esa nafaqat shaxsning obro‘si va unga ishonchini yemiradi, balki jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, adovat va nizolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.
Alloh taolo "Nahl" surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”.
Bu o‘rinda yolg‘onning qanchalik og‘ir ma’naviy illat ekani bayon qilinib, uning Allohning oyatlariga munosabat bilan bog‘liq jihati ko‘rsatib berilyapti. Oyatning nozil bo‘lish sababi Makka mushriklarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz da’volarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolg‘onchilikda ayblaganidir. Ular Qur’oni karimni go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib chiqargani to‘g‘risida asossiz da’volarni ilgari surgan. Qur’oni karim esa bunday iddaolarni ochiq-oydin rad etgan.
Aslida yolg‘onni faqat imonsiz kishilargina to‘qiydi. Chunki, mo‘min kishi yolg‘onni katta gunoh deb biladi. Yolg‘on sababli qiyomatda azobga qolishdan qo‘rqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hatto o‘z manfaatiga zid bo‘lgan holatlarda ham haqiqatni aytishni afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.
Islom ta’limotida halollik va to‘g‘riso‘zlik maqtalgan, yolg‘on gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Nabiysollallohu alayhi vasallam:“Rostgo‘ylikni o‘zingizga lozim tutingiz (rostgo‘y bo‘lingiz)! Chunki, rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (o‘ta rostgo‘y) deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning! Chunki, yolg‘on fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (o‘ta yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning inson axloqi, ma’naviy hayoti va oxiratiga qay darajada ta’sir qilishini ochiq tarzda bayon qilib beryaptilar. Hadis mazmunidan anglashiladiki, insonning jannatga yoki do‘zaxga tushishida uning tili, ya’ni rostgo‘yligi yo yolg‘onchiligi hal qiluvchi omillardan ekan.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam halol va harom o‘rtasidagi shubhali narsalardan saqlangan kishi dini va obro‘yini pok saqlashi borasida bunday marhamat qilganlar: No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: “Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka da’vat etmoqdalar. Chunki, halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, so‘zida, oilaviy munosabatlarida, ta’lim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgo‘ylikka intiladi. O‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq bo‘lishga harakat qiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan birga jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi.
Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgo‘ylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar o‘rtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim ma’naviy-axloqiy asosdir. Islom ta’limotidagi halollik, rostgo‘ylik, adolat va omonatdorlikka oid ko‘rsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyatida halollik, rostgo‘ylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi.
Yo‘ldoshxon Isayev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati