Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi va sallamga: “Menga nasihat qiling”, dedi. U zot alayhissalom: “g'azab qilma!”, deya bir necha marta aytdilar. Sharh: Imom Buxoriy ushbu 5765-xadisni g'azabdan ehtiyot bo'lish bobida keltirgan.
Hadisning ahamiyati
Imom Jardaniy aytadi: “Bu hadis juda ulug' hadisdir. Chunki unda dunyo va oxirat yaxshiligining barchasi jam qilingan”. Hadisda kelgan “bir kishi”dan murod Abu Dardo roziyallohu anxudir.
Tabaroniy Abu Dardodan rivoyat qilgan hadisda: Aytdim: “Ey Rasulalloh, meni jannatga kiritadigan amalga dalolat qiling?”. Nabiy alayhissalom aytdilar: "G'azab qilma va sen uchun jannat bordir".
Hadisda kelgan “g'azab qilma” nazmidan murod shuki, inson g'azabga sabab bo'ladigan ishlardan uzoqlashishi kerak. Agar inson g'azablansa, hech narsa qilmaslik kerak bo'ladi.
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: O'sha kishi Nabiy sollallohu alayhi va sallamdan so'radi: “Allohning g'azabidan meni uzoq qiladigan narsa nima?” U zot alayhissalom dedilar: “G'azab qilma!”.
Hasan Basriy aytadi: kimda to'rt narsa bo'lsa, Alloh uni shaytondan saqlaydi va unga do'zaxni harom qiladi: istak, qo'rqinch, shahvat va g'azab kelganda uni tiyish.
Manbalar asosida Toshkent islom instituti 4-bosqich talabasi
Muhammadisoxon Mahmudxonov tayyorladi
1991 yildan buyon faoliyat yuritayotgan Jinna ilmiy-tajriba stansiyasi Antarktika qit’asidagi ilk namozgoh sifatida rasman tasdiqlangan maskan hisoblanadi. Stansiya Pokistonning ilmiy bazaci bo‘lib, mamlakatning qutb mintaqasini tadqiq etishga qaratilgan sa’y-harakatlar doirasida tashkil etilgan.
Sharqiy Antarktika hududida joylashgan mazkur stansiya 1991 yilda tashkil etilgan bo‘lib, ilmiy va logistik markaz sifatida xizmat qilib kelmoqda. Stansiya Pokistonning Okeanografiya milliy instituti tomonidan boshqariladi va muzshunoslik, dengiz biologiyasi hamda iqlimshunoslik bo‘yicha tadqiqotlar olib boriladi.
Stansiya faoliyati boshlangan ilk kunlardanoq Antarktikadagi musulmon mutaxassislar o‘zlarining ibodatlarini bajarib kelmoqdalar. Qattiq sovuq, oylab davom etuvchi tunda ham ular namozlarini muntazam ado etib kelishgan. Ilgari vaqtinchalik ekspeditsiyalarda ham ayrim odamlar Antarktikadada namoz o‘qigan bo‘lishi mumkin, lekin ilk jamoaviy namozlar aynan Jinna stansiyasi doimiy faoliyat boshlashi bilan yo‘lga qo‘yilgan.
Stansiyaning asosiy yashash joyi ichida kichik namozgoh tashkil etilgan bo‘lib, Antarktika mintaqasiga mos hisob-kitoblar asosida qibla yo‘nalishi aniqligida qurilgan.
Antarktika shartnomasi bandlarida barcha tadqiqot stansiyalarida diniy erkinlik va ibodat huquqini ta’minlash va hurmat qilish qayd etilgan. Pokiston hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, Jinna Antarktika stansiyasi hozir ham faoliyat yuritmoqda, ilmiy izlanishlar bilan birga mutaxassislarning diniy ehtiyojlar uchun ham sharoit yaratilgan.
Mazkur stansiya Pokiston Respublikasining asoschisi — Muhammad Ali Jinna nomi bilan atalgan.
Toshkent islom instituti katta o‘qituvchisi
Po‘latxon Kattayev tayyorladi