Avval xabar qilganimizdek, Hiva shahrida "Markaziy Osiyo jahon tsivilizatsiyalari chorrahasida" xalqaro madaniy forumi bo'lib o'tdi.
Madaniy meros haftaligi doirasida o'tkazilayotgan ushbu forumda dunyoning 60 mamlakatidan 300 dan ortiq ishtirokchi qatnashdi. O'zA muxbirining Istanbul universiteti doktori Emek Ushenmez bilan suhbati "Markaziy Osiyo jahon tsivilizatsiyalari chorrahasida" xalqaro madaniy forumi ahamiyati va O'zbekiston olimlari bilan hamkorliklarga bag'ishlandi.
– Avvalo, xalqaro madaniy forumda ishtirok etayotganimdan juda xursandman. Chunki bu xalqaro tadbir ko'plab davlatlar madaniy-tarixiy yodgorliklaridan xabardor etish va bu borada o'zaro muloqot maydoni vazifasini o'taydi.
Haftalik doirasida men Toshkentda bo'lib o'tgan yirik anjumanda Buyuk Britaniya kutubxonalarida saqlangan Chig'atoy qo'lyozmalari haqidagi ma'ruzam bilan qatnashdim.
Aytish joizki, bugungi kunda London shahridagi kutubxonada 200 dan ziyod Chig'atoy qo'lyozmalari saqlanadi. Unda Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Mansur Chig'atoy, Atoiy, Sakkokiy kabi ijodkorlarning qo'lyozmalari bor. Biz ularni o'rgandik, tahlil qildik. Muhimi, ularning har birini qo'limiz bilan ushlab ko'rganimizning o'zi biz uchun sharafdir.
– Ta'kidlaganingizdek, Chig'atoy qo'lyozmalarini chop ettirishda O'zbekiston olimlari bilan hamkorlik qilinadi. Bu borada qanday ishlar amalga oshiriladi?
– Hozir Chig'atoy qo'lyozmalari asosida 200 sahifani jamlagan kitob ingliz tilida tayyor turibdi. O'zbekiston olimlari bilan mana shu kitobni avval ingliz, so'ngra o'zbek tilida chop ettirishda hamkorlik qilamiz. O'zbek olimi shu kitobni tarjima qiladi.
– Siz o'zbek adabiyotini ancha yillardan buyon o'rganasiz. Bu sizning ilmiy ishlaringiz bilan bog'liqmi yoki qiziqishingiz tufaylimi?
– 2007 yildan buyon o'zbek tili va adabiyotini o'rganaman. 2008 yil tadqiqotchi sifatida Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan qo'lyozmalarni o'rganganman. So'ngra Londonda tadqiqotlarimni davom ettirdim. So'ngra AQShning Harvard universitetida o'zbek tili, Usmoniylar tarixi va O'rta Osiyo qo'lyozmalari haqida bir yarim yilga yaqin dars berganman.
– "Markaziy Osiyo jahon tsivilizatsiyalari chorrahasida" xalqaro madaniy forumi ishtirokchilar faoliyatida qanday ahamiyat kasb etadi?
– Halqaro madaniy forum doirasida tarixiy Hiva shahrida ushbu katta tadbir tashkil etildi. Bu forum nafaqat Markaziy Osiyo madaniy-ilmiy boyliklarini targ'ib qilishda, balki ko'pgina davlatdan kelgan shu soha vakillarini bir maqsadda birlashtirib, katta muloqot maydoniga aylanadi. Yana bir yangilikni aytishni istar edimki, buyuk mutafakkir Alisher Navoiyning 580 yilligi munosabati bilan 800 sahifalik "Zamonaviy o'zbek adabiyoti" kitobini nashrga tayyorladik. Tez kunlarda bu kitob chop etiladi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Savol: Chatgpt (sun’iy intellekt) orqali diniy savollarimizga javob olsak bo‘ladimi, shu javoblarga amal qilsak bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Yo‘q, bu joiz emas. To‘g‘ri, Chatgpt platformasi ayrim sohalarda insonlarga foyda bermoqda. Ammo diniy savollarga to‘g‘ri javob berishga ojizlik qiladi. Chunki u ham inson omili tomonidan ishlab chiqilgan bir mahsulot. Qolaversa, ba’zan savollarga taxminiy javoblar, hatto bu masala falon kitobda bor deb, arabiy iboralar ham berishi mumkin. Lekin u keltirgan iboralar na u aytgan kitobda va na boshqa fiqhiy manbalarda uchramaydi. Shu bois shar’iy masalalarga ahli ilm, mutaxassislarga murojaat qilish orqali yechim topish darkor. Alloh taolo oyati karimada bunday marhamat qilgan:
فَاسْأَلُوا أَهْلَ الذِّكْرِ إِنْ كُنْتُمْ لَا تَعْلَمُونَ
“Agar bilmaydigan bo‘lsangiz, zikr ahlidan so‘rangiz!” (Anbiyo surasi, 7-oyat).
Musulmon odam biror narsani bilmay qolsa, uni biladigan kishidan, o‘sha sohaning «zikr ahli»dan o‘rganishi lozim bo‘ladi. Shunday ekan, e’tiqod va dinu-diyonatga tegishli narsalarni ham shu sohaning bilimdonlaridan so‘rash talab etiladi. Buyuk tobeiy Ibn Sirin rahimahulloh bunday deganlar:
إن هذا العلم دين فانظروا عمن تأخذون دينكم. رواه مسلم
“Albatta, bu ilm dindir. Bas, diningizni kimdan olayotganingizga qaranglar” (Imom Muslim rivoyati).
Mazkur iboraning sharhida Mulla Ali Qori rahimahulloh bunday deganlar:
“Bu ilm” so‘zidan murod Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatga olib kelgan Qur’oni karim va hadisi sharifdan iborat bo‘lgan ta’limotdir. Uni ishonchli va adolatli zotlardan olmoqdamisiz yoki yo‘q, shunga nazar solinglar, ya’ni qayerdan, kimdan ilm olayotgangizni aniq bilinglar”. (“Mirqotul mafotih” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.