Yamanda Abraha bin as-Sobah ismli habashiston podshosi bo'lib, u Payg'ambarimiz sollalohu alayhi vasallam davridagi habashiston podshosi Ashama an-Najjoshiyning bobosi bo'lgan. Abraha “Qullays” nomli kanisa qurdirgan edi. Maqsadi arab hojilarini yo'lini unga burish bo'lgan. Kunlarning birida Kinonalik bir kishi kechasi kanisaga kirib hojat qiladi. Bu holat podshoni qattiq g'azabini keltiradi va shu sababli Ka'bani buzishga qasam ichadi. Bu bilan Makkani fath qilib, Yamanni Shom bilan bog'lash va nasroniylarning shahrini kengaytirishga erishmoqchi bo'ladi.
Podsho bu maqsadini amalga oshirish uchun katta qo'shinni qurollantiradi va arablarni qo'rqitish maqsadida ularga bahaybat fillardan o'n ikkitasini (bir rivoyatda 1000 ta) qo'shib oladi. Makkaga yaqin bo'lgan “Mag'ommas” degan joyga etib kelgach, Makka ahliga chopor yuborib, ularga ular bilan jang qilgani emas balki Ka'bani buzishga kelganini xabarini berdiradi. Arablar Abraha va uning qo'shini bilan jang qilishga kuchlari etmasligini bilib, tog'larga bekinishadi. Arablar Ka'bani himoya qiluvchi Robbisi borligiga ishonib, Abraha va uning qo'shiniga nima bo'lishini kuzatish uchun tog'dan nazar tashlay boshladilar.
Qo'shin Makkaga yaqinlashgach, Abraha arablarning mol-mulklarini talon-taroj qilishga buyurdi. Payg'ambarimiz sollalohu alayhi vasallamning bobolari Abdulmuttalib bin Hoshimning ikki yuzta tuyasi bor edi. Abrahaning askarlari u tuyalarni o'zlari bilan olib ketdilar. Podsho Hannata al-Humayri degan kishini Makkaga yubordi. Unga o'zini jang qilish uchun emas balki ularni Baytullohdan to'sqinlik qilish uchun kelganini va qurayshliklarning eng hurmatli kishisini olib kelishni buyurdi. Arablar Hannataga Abdulmuttalibni ko'rsatishdi. Abdulmuttalib unga jang qilishni istamasliklarini, hatto bu ishga ularda kuch yo'qligini, Ka'ba Allohning bayti ekanligini, uni Baytning egasi himoya qilishini aytdi. Hannata uni o'zi bilan podshoning oldiga olib ketdi. Abraha Abdulmuttalibni ko'rgach hurmat ko'rsatdi. Abdulmuttalib kelishgan va xushbichim kishi edi. Abraha tahtidan tushib, gilamda birga o'tirdi. Abraha Abdulmuttalibdan hojati haqida so'ragan edi, unga ikki yuzta tuyasini qaytarib berishligini aytdi.
Abraha bu holatdan ta'ajjublanib: dining va ota-bobolaring dini bo'lgan Ka'bani buzishga kelgan bo'lsamu sen, men sendan olib qo'ygan tuyalar haqida gapirayapsanmi? dedi.
Abdulmuttalib: men tuyalarning egasiman, Ka'baning egasi bor, u Uni sendan o'zi himoya qiladi dedi. Abraha uning Robbisi meni himoya qilaolmaydi dedi. Abdulmuttalib ko'ramiz dedi. Abdulmuttalib va u bilan kelgan kishilar Abrahaga Tihomaning mol-mulklaridan uchdan bir qismini olish evaziga ortga qaytishlarini aytdilar. Abraha bu talabdan bosh tortdida, Abdulmuttalibning tuyalarini esa qaytib berdi. Abdulmuttalib va u bilan kelganlar ortga qaytdilar, o'zlari va bir qancha qurayshliklar Ka'baning eshigi oldiga kelib, unin xalqasidan ushlab, Abraha va uning qo'shini ustidan g'olib bo'lishlarini so'rab duo qildilar.
Qo'shin Bayt tomon yura boshladi va Makkaga kirdilar. Ularda “Mahmud” isimli bahaybat fil bor edi. Ular filni Haram tarafga qarab yuzlantirsalar erga cho'kkalab olar, Yamanga yuzlantirsa, yugirgilab ketar edi.
Abdulmuttalib duo qilib turar ekan Yaman tarafdan qushlarga ko'zi tushdi. Allohga qasamki, u qushlar ajoyib, ular na Najdlik va na Tihomalik qushlar edi. Har bir qushning tumshug'i va oyoqlarida tosh bor, ularning ustidan tashlaganlarida, ularni halok qilar edi. Qo'shin Yaman tarafga qocha boshlar ekan, yo'l yo'lakay bo'laklarga bo'linib ketishdi. U toshlardan biri Abrahaga tegdi va barmoqlari birin ketin uzilib tusha boshladi. Tanasidagi go'shi esa burda-burda bo'lib uzulib tushur ekan, uni San'oga olib kelganlarida yomon va sharmandalik o'lim topdi.
Alloh taolo bu hodisa ila baytini maqomi va sha'nini oliy qildi hamda arablarni butun dunyoga Islom risolasini tarqatishlari uchun tayyorladi.
Tarjimon: Yahyo Ubaydulloh o'g'li
Bugunning gapi
“Uch xonali xonadonimni ta’mirlatish uchun ikki oy muddatga kelishib usta tushirgandim, olti oyda zo‘rg‘a chala-chulpa qilib ishini tugatdi...”
“Ustalar nega bunaqa-a? Uyini ta’mirlatib, ustalardan roziman, degan odamni uchratmadim...”
“Ko‘pchiligi odamga firib beradi: ishni vaqtida bajarmaydi, ta’mir ishlari tugagach, boshida kelishilgan narxdan ikki barobar ko‘p mablag‘ so‘raydi...”
Yuqoridagi gaplar – uyini, xonadonini ta’mirlatib, ustalardan kuygan kishilarning dod-faryodlari.
Bugungi kunda jamiyatda ayrim ustalarning o‘z ishini vijdonan bajarmasligi, sifatsiz materiallar ishlatishi, vaqtni cho‘zishi yoki turli nayranglar bilan buyurtmachini aldashi, afsuski, ko‘pchilikni tashvishga solish barobarida shu kasb egalariga nisbatan ishonchning susayishiga yoki butunlay yo‘qolishiga olib kelyapti.
Yaxshi niyatda uyini, xonadonini ta’mirlatmoqchi bo‘lgan kishi usta ishlatgan tanishlaridan so‘rab-surishtirishi tayin. Yaqinda men ham xonadonimni ta’mirlatmoqchi bo‘lib usta izladim. Tanish-bilishlardan, do‘stlarimdan so‘rasam, yarmidan ko‘pi ustalardan nolidi. Bu holat nafaqat moliyaviy zarar, ayni paytda insonlar o‘rtasidagi ishonchning yo‘qolishiga ham sabab bo‘lmyaptimi?!
Islom ta’limotida halol mehnat, omonatdorlik va rostgo‘ylik yuksak fazilat ekani ta’kidlanadi. Alloh taolo Qur’oni karimda: “Darhaqiqat, Alloh omonatni o‘z egalariga topshirishingiz va odamlar o‘rtasida hukm qilganingizda adolat bilan hukm qilishingizga buyurar. Albatta, Alloh sizlarga yaxshigina nasihat qilur. Albatta, Alloh eshituvchi va ko‘ruvchi Zotdir” (Niso surasi, 58-oyat).
Ustalik – yaxshi kasb. Usta omonatdor bo‘lsa, odamlarning hojatini ravo qiladi, ko‘pga foydasi tegadi. Buyurtmachi o‘z molini, mablag‘ini ustaga ishonib topshiradi. Usta shu ishonchni oqlashi, ishni puxta va vijdonan bajarishi shart.
Uy – insonning boshpanasi. Uning har bir g‘ishti ezgu niyat bilan qo‘yiladi, har bir devori umid bilan ko‘tariladi. Ammo, afsuski, ba’zan ayrim ustalar imorat qurish yoki ta’mirlashda nayrang qiladilar. Usta tashqi tomondan devorni silliq suvaydi, ammo ichidagi yoriqlarni berkitadi. Bo‘yoqning yaltirog‘i ko‘zni quvnatadi, lekin ortidagi nuqson vaqt o‘tishi bilan ko‘zga tashlanadi.
Yangi ta’mirlangan xonadondan hali bo‘yoq hidi ketmay turib shiftda yoriqlar paydo bo‘ladi, eshiklar qiyshayib qoladi, pol esa g‘ichirlab imorat egasining asabini buzadi. Buyurtmachi ustaga bergan mablag‘iga ichi achiydi.
Ba’zi ustalar sifatli qurilish materiali olish uchun berilgan pulga arzon mahsulot sotib oladi. Qolgan mablag‘ni esa “mehnat haqim” deb o‘maradi. Sementga qumni ortiqcha qo‘shadi, temir yoki armaturani ingichkarog‘iga almashtiradi, mis simlar o‘rniga alyuminini tortadi.
Yana shunday ustalar ham borki, bir haftada tugatishga kelishilgan ishni bir oygacha cho‘zadi. Bahona ham tayyor: “Material kelmadi”, “Yordamchim betob bo‘lib qoldi”, “Ertaga tugatib beramiz” va hokazo.
Eng yomoni, ustaning qo‘lidan chiqqan uy bir yil o‘tar-o‘tmas yana ta’mirga muhtoj bo‘lib qoladi. Bu hunar emas, hiyladir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim bizni aldasa, bizdan emas”, deganlar (Imom Muslim rivoyati). Bu hadis har qanday sohadagi firibgarlikni qamrab oladi. Agar usta arzon yoki sifatsiz materialni qimmatbaho deb ko‘rsatsa, ishni ataylab chala bajarsa yoki keyin yana ta’mirga muhtoj bo‘ladigan qilib ishlasa, bu aldamchilikdan, firibgarlikdan boshqa narsa emas. Afsuski, bugun ko‘pchilik ustalar hiyla va nayrangni kasb qilib olganlar. Buning oqibatida na o‘zlari baraka topadilar, na buyurtmachi ularga bergan mablag‘iga rozi bo‘ladi.
Haqiqiy usta, o‘z ishini vijdonan qiladigan kishi boshqacha bo‘ladi. U har bir ishini bekamu ko‘st bajaradi. Chunki u odamlardan yashirgan nuqsonni, albatta, Alloh taolo ko‘rib, bilib turishini yaxshi anglaydi. Unday ustalar o‘zlariga Alloh taoloning: “Albatta, Alloh chiroyli (ish) qiluvchilarni yaxshi ko‘radi” (Baqara surasi, 195) oyatini hamda Nabiy alayhissalomning: “Alloh taolo o‘z ishini chiroyli, puxta qiladigan kishini yaxshi ko‘radi” (Imom Tabaroniy rivoyati), degan muborak hadislarini o‘zlariga shior qilib olgan bo‘ladilar. Lekin, afsuski, hozir bunday ustalarni topish amrimahol. Borlari ham “qo‘lma-qo‘l”.
Omonatdor ustalar qurgan uylar, yillar o‘tsa ham, yaxshilik bilan eslanadi. Ularning haqlariga xayrli duolar qilinadi. Birgina misol, bizning Sangijumon qishlog‘imizdagi ko‘p uylarni pachirlik usta Turdimurod bobo (Alloh makonini jannat qilsin!) qurgan. O‘sha paytlarda (1960–1990 yillar) vassajuft qilingan shiftlarga ustaning imoratni qurib bitirgan sanasini bitish an’ana bo‘lgan. Har safar qishloqqa borib uyga kirsam, usta boboning “imzosi”ga ko‘zib tushadi va Qur’oni karim oyatlaridan tilovat qilib, u kishining ruhlariga bag‘ishlayman.
Bugun ba’zi ustalarning ishni kelishilgan muddatda tugatmasligi; sifatsiz qurilish materiallaridan foydalanishi; narxni asossiz oshirishi; kamchiliklarni yashirishi; bir necha oy o‘tib yana ta’mir qilishga majbur bo‘ladigan darajada ish tutishi katta gunohdir. Bunday xatti-harakatlar oqibatida buyurtmachi moddiy zarar ko‘radi, asabiylashadi, vaqt yo‘qotadi va eng achinarlisi, odamlar o‘rtasidagi ishonch susayadi.
Halol rizqning barakasi uning ko‘pligida emas, balki pokligidadir. Aldamchilik bilan, hiyla-nayrang ishlatib topilgan mablag‘ foyda bo‘lib ko‘rinsa-da, unda baraka bo‘lmaydi. Shuning uchun har bir usta o‘z qo‘li bilan topayotgan rizqining halolligi haqida o‘ylashi, har bir mix, har bir g‘isht, har bir sim yoki har bir ta’mir uchun qiyomat kuni hisob berilishini unutmasligi kerak.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh:
O‘ttiz foiz haqiqiy ustalar bor. Ular o‘z kasbi bilan faxrlanadi. Guruhlari bor, shogirdlari, ustozlari bor. Hammasini qoyillatib, asbob-anjomlarini chiroyli qilib qo‘yishgan. Shartnopmani tuzadi, vaqtida ishga keladi, belgilangan muddatda qurilishni yoki ta’mir ishlarini tugatadi, ish haqini olib ketadi. Buyurtmachi ham rozi, usta ham rozi. Bunday kishilarning ishida unum, baraka bo‘ladi. Topgan pullari barakali bo‘ladi.
Haqiqiy usta faqat qurilish yoki ta’mirlashni emas, balki odamlarning ishonchini ham qozonadi. Vijdon bilan qilingan har bir ish ibodatga aylanadi. Aldamchilik va nayrang bilan bajarilgan ish esa vaqtinchalik foyda keltirsa ham, dunyoda obro‘ni to‘kadi, rizq qiyilishiga sabab bo‘ladi, oxiratda esa javobgarlikni keltiradi.
Tolibjon NIZOM