O'zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Namangan viloyati bosh imom-xatibi Musoxon domla Abbasitdinovning padari buzrukvorlari Anasxon hoji otaning vafoti munosabati bilan u kishining yaqinlariga chuqur ta'ziya izhor etadi.
Oxirat safariga kuzatilgan otaxon el koriga yaraydigan, dinu diyonat yo'lida xizmat qiladigan farzand va nevaralarni o'stirdilar, chiroyli tarbiya qildilar.
Alloh taolo marhum otaxonning barcha solih amallarini o'zlariga hamroh aylab, O'z mag'firatiga olsin. Haq taolo marhum otaxonning yaqinlari, farzandu arjumandlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlariga ajru mukofotlar ato etsin.
O'zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o'qituvchi-mudarrislari nomidan Musoxon domla Abbasitdinovga, u kishining oila a'zolari, yor-birodarlari, yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Janoza bugun peshin namozidan so'ng "Mahdum eshon" masjidida o'qiladi.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji'uun.
«Musibat etganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O'zbekiston musulmonlari idorasi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi poytaxti O‘mon shahridagi Qirollik islom strategik tadqiqotlar markazi tomonidan har yili e’lon qilinadigan reytingda dunyoning eng nufuzli 50 nafar musulmoni ro‘yxatiga kiritildi.
Unda muhtaram Yurtboshimiz rahbarligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xalqaro hamkorlik va mintaqaviy diplomatiyani rivojlantirish, ta’lim va madaniyat sohalarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, boy islomiy merosni asrab-avaylash va jahon miqyosida targ‘ib etish borasidagi sa’y-harakatlar alohida qayd etilgan.
Mazkur e’tirof Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, xususan, diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish, milliy va diniy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash borasidagi ishlar xalqaro miqyosda tan olinayotganining yana bir amaliy ifodasidir.
Zero, bugun mamlakatimizda haqiqatdan ham diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, soha vakillarining ilmiy salohiyatini oshirish hamda xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xalqaro islom akademiyasi, diniy ta’lim muassasalari, ilmiy maktab va markazlar faoliyati tobora kengayib bormoqda.
Ulug‘ allomalarning boy ilmiy merosini chuqur o‘rganish, tarixiy qadamjolarni obodonlashtirish, ziyorat turizmini rivojlantirish ishlari izchil davom etmoqda. Mamlakatimizda turli diniy konfessiyalarning erkin faoliyat yuritishi ta’minlanib, millatlararo va dinlararo totuvlikni mustahkamlash yo‘lida muntazam muloqotlar olib borilmoqda.
Namozlarni emin-erkin ado etish, hayit bayramlarini nishonlash, haj va umra ziyoratlarini tashkil etish uchun yaratilgan keng imkoniyatlar ham ushbu islohotlarning ajralmas qismiga aylangan.
Yurtboshimizning mana shunday e’tirofga sazovar bo‘lishlari yaxshilik amallarning bu olamda ham javobsiz qolmasligiga bir ishoradir. Zero Alloh taolo ham Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:
“Albatta, iymon keltirgan va solih amallarni qilganlarga Rohman (odamlar qalbida) muhabbat paydo qilur” (Maryam surasi, 96-oyat).
Inson Alloh roziligi uchun xayrli ish qilsa, Alloh uning yaxshiligini bandalari qalbiga solib qo‘yadi. Odamlar uni yaxshi ko‘rib, e’tirof etadi.
Mamlakatimiz rahbarining nafaqat mana shu yurt, xalq, balki boshqa xalqlar tinchligi, farovonligi yo‘lida qilayotgan beqiyos xayrli amallariga Alloh taolo ulkan ajr-mukofotlar ato etsin!
Zayniddin domla ESHONQULOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari