Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Iyul, 2025   |   1 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:36
Quyosh
05:13
Peshin
12:35
Asr
17:36
Shom
19:50
Xufton
21:19
Bismillah
26 Iyul, 2025, 1 Safar, 1447

Munosabat: Hayrli ishning g'arazli talqini

17.09.2021   1915   4 min.
Munosabat: Hayrli ishning g'arazli talqini

 Shu kunlarda ba'zi internet tarmog'ida “O'ttiz ming o'zbekcha-turkcha Qur'oni karim tarjima kitobi O'zbekistonda tarqatildi” degan mazmundagi xabarlar keng tarqatilmoqda. Ayrim ijtimoiy tarmoq yurituvchilari xayriya tariqasida ulashilayotgan mazkur kitoblar do'konlarda sotuvga chiqarilishi mumkinligi haqidagi asossiz axborotlarni ham yoyishga urinmoqdalar.

Ta'kidlash zarurki, marhum muftiy Usmonxon Temirxon o'g'li hazratlari tomonidan nashr etilgan “Tafsiri Irfon” kitobining muxtasar shaklda ta'lif etilgan – “Qur'oni karim va o'zbek tilidagi ma'nolari tarjimasi” kitobi muallifning sa'yi-xarakatlari bilan Turkiya Diyonat ishlari boshqarmasi homiyligida chop etilgan edi.

Ayni kunlarda ushbu Qur'oni karim kitobining ilk nusxalarini diniy idora tasarrufidagi oliy va o'rta maxsus islom bilim yurtlari ustoz-talabalari va diniy soha xodimlariga xayriya sifatida ulashish boshlandi. Bu to'g'risida O'zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi ijtimoiy tarmoqlarda ma'lumotlar e'lon qilindi   https://t.me/muhaddisuz/5315,   https://t.me/oliymahad/13779,   https://t.me/oliymahad/13795.

Yaqin kunlarda masjidlar imom-xatiblari, imom noiblari, otinoyilar, shuningdek, Qur'oni karim o'qishga ishtiyoqi bor, lekin imkoniyati yo'q fuqarolarga ham ushbu Qur'oni karim kitoblaridan bepul tarqatish boshlanadi. Respublikadagi barcha masjidlarda namozxonlar ushbu kitobni mutloaa qilish imkoniyatiga ega bo'ladilar.

Qayd etish lozimki, Qur'oni karimning ushbu nashri vaqf mulki sifatida chop etilgan bo'lib, diniy idora uni tekinga tarqatish uchun nashr etdi. Kitobni sotish mutlaqo joiz emas. Shu sababli diniy idoraning talabi bilan ushbu kitobning ichki muqovalarida “Qur'on sovg'a qilaman” va “Sotish mumkin emas” degan qaydlar yozilgan.

Shu nuqtai-nazardan, O'zbekiston musulmonlari idorasi kelgusida, mazkur “Qur'oni karim va o'zbek tilidagi ma'nolari tarjimasi” kitobi keng tarqatila boshlagandan so'ng kim ushbu nashrni savdoda ko'rsa 71-240-39-33 telefoni orqali xabar berishlarini yoki O'MIning Internetdagi “Muslim.uz” saytidagi elektron manziliga ma'lumot yuborishini iltimos qiladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan xabarda yana bir noto'g'ri yoritilgan jihat shuki, ushbu Qur'oni karim tarjimasi faqat o'zbek tilida bo'lib, oyatlarning turk tilidagi tarjimalari bayon etilmagan.

Ho'sh, shunday ekan, mazkur xabarni aniqlashtirmasdan turib, ijtimoiy tarmoqqa atayin qo'yib yuborgan kimsa yolg'onchi, musulmon birodariga ziyon-zahmat etkazgan, uni obro'sizlantirgan bo'lib qolmaydimi?!

Har bir mo'min-musulmon kishi bunday yolg'on-yashiqlarga, asossiz gaplarga uchmasligi darkor. Alloh taolo bunday ogohlantiradi: «Ey iymon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab ko'ringiz, bilmay bir qavmga musibat etkazib qo'yib, qilganingizga nadomat chekuvchi bo'lmangiz» (“Hujurot” surasi, 6-oyat). Hadisi shariflarda esa: “Eshitgan narsasini gapiraverish kishining yolg'onchiligiga kifoya qiladi”(Imom Muslim rivoyati),  deyilgan.

Mufassirlar oyati karimani sharhlab, keltirilgan har qanday xabarga ishonavermaslikni, agar fosiq kishi biror gap olib kelsa, uni yaxshilab tekshirib ko'rish zarurligini ta'kidlashadi.

Hulosa o'rnida aytish joizki, har bir mo'min-musulmon kishi bunday yolg'on-yashiqlarga, haqiqatdan yiroq gaplarga uchmasligi, fitnalardan ogoh bo'lishi darkor. Shuningdek, to'g'ri axborot olish, uni to'g'ri etkaza bilish bugungi kun kishisining shiori bo'lishi kerak.

Alloh taolo hammamizga insofi tavfiq bersin.

 

O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Bunday holatda namoz qaytadan o‘qiladimi?

21.07.2025   5077   1 min.
Bunday holatda namoz qaytadan o‘qiladimi?

Savol: O‘qilgan namozimdan ko‘nglim to‘lmadi. Shu namozni qayta o‘qishim kerakmi?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu masalaning biroz tafsiloti bo‘lib, unga ko‘ra namoz quyidagi holatlarda qayta o‘qilishi lozim:
•  Namozda biror farz amal bajarilmay qolib ketgan bo‘lsa;
•  Namozda biror vojib amal qasddan bajarilmay qolib ketsa;
•  Namozda biror vojib amal unutib bajarilmasa va namoz oxirida sajdai sahv ham qilinmay tugatilgan bo‘lsa.

Agar namozda sunnat amallar tark qilingan bo‘lsa yoki namoz makruhlik bilan o‘qilgan bo‘lsa, u holda namozni qayta o‘qish vojib emas, balki mustahab  (chiroyli sanalgan) ish hisoblanadi. Ushbu holatda qaytadan o‘qimasa ham gunohkor sanalmaydi.
Savolda so‘ralgan holatga kelsak, ko‘ngil to‘lmasligi yuqorida sanab o‘tilgan farz yoki vojib amal tark qilingan holatlar sababli bo‘lsa, namoz qayta o‘qilishi kerak. Ammo haqiqatda sobit bo‘lmagan shubha-gumonlar, vasvasalar sababli ko‘ngil to‘lmayotgandek bo‘lsa, u holda namozni qayta o‘qilmaydi. Chunki ko‘p hollarda “ko‘nglim to‘lmayapti”, deb namozni qayta-qayta o‘qiyverish insonni o‘ziga bo‘lgan ishonchini yo‘qotadi va vasvasa kasaliga chalinishiga olib keladi.

Shunday ekan, namozda bajariladigan farz, vojib, sunnat amallar haqida yaxshi o‘rganish, eng asosiysi turli xayollarga chalg‘imasdan namozni e’tibor bilan ado etish lozim bo‘ladi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.