O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo'yicha qo'mita, O'zbekiston musulmonlari idorasi, O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi bilan hamkorlikda yangilanyotgan O'zbekistonda diniy-ma'rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni keng targ'ib etish, tinchlik va osoyishtalikni qadrlash, dinlararo bag'rikenglik va hamkorlik g'oyalarini ommalashtirish, xalqimiz, ayniqsa, o'sib kelayotgan yosh avlodni yot g'oyalardan himoya qilishda faollik ko'rsatgan ijodkorlarni qo'llab-quvvatlash va munosib rag'batlantirish maqsadida «Sarhisob» tanlovini o'tkazadi.
Tanlovning hududiy bosqichida 2021 yilning 1 yanvaridan 2021 yilning 1 noyabrgacha gazeta va jurnallarda bosilgan, radio orqali efirga uzatilgan, televideniyeda ko'rsatilgan va Internet tarmog'ida e'lon qilingan materiallar 2021 yilning 10 noyabriga qadar qabul qilinadi. Hududiy bosqich g'oliblari respublika bosqichida qatnashish huquqini qo'lga kiritishadi.
Tanlovning hududiy bosqichi 20 noyabrgacha o'tkazilishi ko'zda tutilgan.
Respublika bosqichi g'oliblari hududiy bosqichda g'olib chiqqan ishtirokchilar orasidan hakamlar hay'ati tomonidan tanlov asosida saralanadi. Tanlov g'oliblari OAVda e'lon qilinadi.
Tanlovning respublika bosqichida g'olib deb topilganlar quyidagi yo'nalishlar bo'yicha taqdirlanadi:
Bosh mukofot: «Jaholatga qarshi – ma'rifat» mavzusidagi eng yaxshi ijodiy ish.
Folib maxsus diplom va tashkilotchilarning qimmatbaho sovg'alari bilan taqdirlanadi.
Asosiy mukofotlar:
eng yaxshi ijodiy ish uchun mukofot (televideniye – I, II, III o'rinlar);
eng yaxshi ijodiy ish uchun mukofot (radio – I, II, III o'rinlar);
eng yaxshi ijodiy ish uchun mukofot (davriy matbuot – I, II, III o'rinlar);
eng yaxshi ijodiy ish uchun mukofot (Internet – I, II, III o'rinlar);
eng faol targ'ibotchi (I, II, III o'rinlar);
Tanlovga tele-, radio-, bosma materiallar hamda Internetda e'lon qilingan ishlar taqdim etiladi (3 tadan kam bo'lmasligi kerak).
Televideniye bo'yicha videomateriallar, axborot tashuvchi vositaning qanday ko'rinishda bo'lishidan qat'i nazar, 5 minutdan 30 minutgacha bo'lishi kerak.
Radioeshittirishlar (audiokasseta yoki sistemali disk) 5 minutdan 30 minutgacha bo'lishi kerak.
Matbuot va Internet materiallari davriy nashrning asl nusxasi yoki ko'chirma nusxasida taqdim etilishi lozim.
Tanlovga yuborilgan materiallarga quyidagilar ilova qilinadi:
– muallifning ismi-sharifi, turar joyi, uy va ish telefonlari;
– o'z sohasida olib borayotgan faoliyati to'g'risida qisqacha ma'lumot;
– pasport nusxasi.
Tanlovda ishtirok etuvchilarning materiallari har bir hudud bo'yicha O'zbekiston musulmonlari idorasining hududiy vakilliklariga topshiriladi. Murojaat uchun ma'lumotlar:
Andijon viloyati (74) 228-01-58
Buxoro viloyati (65) 224-40-51
Jizzax viloyati (72) 223-85-30
Navoiy viloyati (36) 225-17-47
Namangan viloyati (69) 226-10-01
Samarqand viloyati (66) 235-34-18
Sirdaryo viloyati (67) 227-23-00
Surxondaryo viloyati (76) 225-52-00
Farg'ona viloyati (73) 226-72-44
Horazm viloyati (62) 228-44-38
Toshkent viloyati (95) 142-14-54
Toshkent shahri (95) 146-77-00
Qashqadaryo viloyati (75) 225-56-32
Qoraqalpog'iston Respublikasi (61) 229-02-64
«Sarhisob» tanlovida ishtirok eting va g'olib bo'ling!
Tashkiliy qo'mita
Samarqandning yuragi boʻlgan Registon maydoni hududidagi Shayboniyxon va uning sulolasi dafn etilgan maskan ziyoratgohga aylantiriladi.
Registon majmuasi rahbari Xonqul Samarovning soʻzlariga koʻra,1960–1962-yillarda hozirgi Islom Karimov koʻchasini kengaytirish, obodonlashtirish ishlari jarayonida mazkur daxma shu hududda boʻlgan Shayboniyxon madrasasi hovlisidan Registon maydoniga – Tillakori va Sherdor madrasalari yoniga koʻchirilgan.
“Maʼlumki, mazkur hudud Amir Temur bobomiz davrida Samarqand shahrining eng muhim markazlaridan biri boʻlgan, bu hududda koʻplab madrasa va masjidlar bunyod etilgan. Jumladan, Amir Temur masjidi va uning roʻparasida Bibixonim madrasasi qad rostlagan. Keyinchalik Mirzo Ulugʻbek bobomiz tomonidan ulkan madrasa qurilgan. Balki Shayboniyxon ham ana shu ulugʻvor madrasa va masjidlarga havas qilib, ularning yonida madrasa qurgandir. Chunki, tarixiy manbalardan bilamizki, Muhammad Shayboniyxon ham ulugʻ hukmdor boʻlish bilan birga ilm-maʼrifat homiysi, ilmli inson va ijodkor sifatida Samarqandda ulkan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirgan, koʻplab masjid va madrasalar qurdirgan. Amir Temurdan keyin qudratli davlat tashkil etib, uning chegaralarini kengaytirgan, obod qilgan”, deydi Registon majmuasi rahbari.
Tarixiy manbalarda Shayboniyxon 1510-yilda Eron shohi Ismoil Safaviy bilan boʻlgan jangda halok boʻlgach, uning boshsiz tanasi Samarqandga keltirilib, Baland Sufaga dafn qilingani yozilgan.
Baland Sufa oʻz vaqtida Shayboniyxon madrasasida boʻlgan va keyinchalik (1960–1962-yillarda) oʻz holicha Registon hududiga koʻchirilgan daxmadir.
Xonqul Samarovning qoʻshimcha qilishicha, shu paytgacha Muhammad Shayboniyxon shaxsiga munosabat ortidan bu joyga ham yetarli darajada eʼtibor qaratilmagan.
Shuningdek, u oltmish yildan ortiq vaqtdan buyon ushbu hududda turgan bu ziyoratgoh haqida oddiy odamlar, hatto koʻpchilik tarixchilarda ham ma'lumot yo'qligini, bunga sabab esa hududda hech qanday koʻrgazmali vosita yoki yozuv mavjud emasligini taʼkidlaydi.
“Yillar davomida xalqimiz ongiga Bobur ijobiy, Shayboniyxon salbiy shaxs sifatida singdirildi. Aslida esa davlatchilik tariximiz, qolaversa, adabiyotimiz rivojida bu ikki buyuk bobomizning ham oʻz munosib oʻrni, hissasi bor. Zahiriddin Muhammad Boburning oʻzi ham “Boburnoma”da bu zotning nomi haqida toʻxtalib, “Shayboq”, yaʼni “kuch-qudratli” degan taʼrif bergan. Shayboniyxon va shayboniylar tomonidan Samarqandda, umuman, ushbu mintaqada katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgani haqida tarixiy manbalarda koʻplab maʼlumotlar uchraydi. Masalan, Shayboniyxon bir necha bosqichli oʻqitish tizimi joriy etib, barcha ilmlardan xabardor boʻlish uchun bola 26-yil taʼlim olishi kerak, deb hisoblagan. Ikki yillik maktab taʼlimidan soʻng har biri 8-yildan iborat uch bosqichli madrasa taʼlimini olish zarur boʻlgan”, deya maʼlumot beradi Registon majmuasi rahbari Xonqul Samarov.
Maʼlumot uchun, Shayboniyxon kuchli sarkarda, hukmdor boʻlish bilan birga ijodkor sifatida nafis gʻazal va ruboiylar, dostonlar yozgan. Jumladan, “Bahr-ul xudo” nomli dostoni va oʻgʻli valiahd Temur sultonga atalgan pand-nasihatlardan iborat kitobi mavjudligi qayd etiladi.
Tarixiy manbalarda keltirilishicha, u bobosi Abulxayrxon vafotidan keyin parokanda boʻlib ketgan qabilalarni birlashtirib, koʻchmanchi oʻzbeklar davlatini qayta tiklagan. Movarounnahr, Xorazm va Xurosonni egallab, qudratli davlat barpo qilgan. Muhammad Shayboniyxon butun mintaqani yagona bir markaz – Samarqand qoʻl ostida birlashtirgan.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati