Sayt test holatida ishlamoqda!
02 Sentabr, 2026   |   20 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:27
Quyosh
05:50
Peshin
12:23
Asr
17:00
Shom
18:59
Xufton
20:17
Bismillah
02 Sentabr, 2026, 20 Rabi`ul avval, 1448

Yaxshi-yomon qadarga iymon

28.11.2023   6210   4 min.
Yaxshi-yomon qadarga iymon

 

 

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.

«Qadar» so'zi «o'lchov» ma'nosini anglatadi. Islom aqiydasida esa Alloh taolo azalda O'z ilmi va irodasi ila har bir narsani o'lchovli qilib qo'yganiga e'tiqod qilishni bildiradi.

Ulamolar qazo va qadarni quyidagicha ta'riflaydilar:
«Qazo – Alloh taolo hamma narsalarning kelajakda qanday bo'lishini azaldan bilishidir».

«Qadar – o'sha narsalar Allohning azaliy ilmiga muvofiq ravishda vujudga kelishidir».

Ahli sunna val jamoa mazhabiga binoan, balog'atga etgan musulmon Alloh taolo bandalarning hamma ishlarini, maxluqotlarga bog'liq narsalarning barchasini avvaldan bilishiga iymon keltirishi vojib bo'ladi.

Qazo va qadar aqiydasi Allohga iymon keltirish asosidagi Islom aqiydalaridan biri hisoblanadi. Bu aqiyda to'g'ri ma'rifat asosida Alloh taoloni kamol sifatlari bilan sifatlashga asoslangan.

Ana o'sha sifatlarning biri – Allohning ilmi, u ilmning cheksizligi, Alloh irodasining shomilligi va qudratining komilligidir.

Qazo va qadar aqiydasi Alloh taoloning ana shu sifatlariga asoslangan aqiydadir. Shuning uchun ham qazoi qadarga iymon bo'lmasa, Allohga bo'lgan iymon tugal bo'lmaydi.
Darhaqiqat, Alloh taolo hamma narsani biladi. Uyasi ichida g'imirlayotgan chumolining harakatiyu o'z yo'lida harakat qilayotgan sayyoralardan ham boxabar. U Zotning ilmidan hech narsa chetda qolmaydi. Alloh taolo dunyodagi har bir zarra va uning harakatini ham bilib turadi.

Shuningdek, qiyomatgacha nima bo'lishi ham Allohga ma'lum. Agar ularni bilmasa, U Zotning barkamollik sifatiga nuqson etgan bo'lardi.

Qadarga bo'lgan ishonch o'z egasini doimo harakatda bo'lishga chorlaydi. U o'z foydasini harakatdan topadi. «Bu ishim besamar bo'lmasa, keyingisi natija berar», deb doimo yaxshi umidda ish olib boradi, chunki unga nima taqdir qilingani ma'lum emas, belgilari ham yo'q. Qadarga bo'lgan ishonchning hikmatlaridan yana biri inson boshiga musibat tushganida qayg'uni engillashtirishidir. Shuningdek, qazo va qadarga iymon keltirgan inson o'z hayotida muvaffaqiyatlarga erishgan chog'ida ham o'zini yo'qotib qo'ymaydi. Barcha narsani Allohdan deb bilib, musibat etganda sabr qiladi, yaxshilikka erishganda shukr qiladi.

Albatta, iymonning boshqa ruknlari kabi qadarga iymon ham inson baxt-saodati uchun xizmat qiladigan muhim omillardan biridir.

Islomda insonning aqiydasi borasidagi barcha masalalar allaqachon hal bo'lgan. Bu borada musulmonlar boshqalarga o'xshab hardamxayol bo'lmaydilar. Dunyodagi eng to'g'ri e'tiqodda, Alloh taoloning O'zi bayon qilib bergan aqiydada ekanliklariga to'liq ishonch bilan saodatli hayot kechirib boraveradilar. O'zlarining tashvishga, xavotirga va ikkilanishga qolmasliklarini yaxshi biladilar.


«Islom tarixi» birinchi juzi asosida tayyorlandi

 

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekiston delegatsiyasi Misrdagi xalqaro anjumanda ishtirok etadi

02.09.2026   6914   1 min.
O‘zbekiston delegatsiyasi Misrdagi xalqaro anjumanda ishtirok etadi

Joriy yilning 2–3 sentyabr kunlari Qohira shahrida Butunjahon fatvo idoralari va hay’atlari Bosh kotibiyati tashabbusi bilan nufuzli xalqaro anjuman bo‘lib o‘tadi.

Mazkur tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi ishtirok etadi. Ma’lumki, joriy yil iyul oyida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Butunjahon Fatvo idoralari va hay’atlari Bosh kotibiyati a’zoligiga qabul qilingan edilar.

Xalqaro yig‘inda dunyoning taniqli muftiylari, fatvo va fiqh markazlari ulamolari, xalqaro tashkilotlar vakillari, Al-Azhar dorulfununi kabi nufuzli oliygohlar professorlari hamda soha mutaxassislari jam bo‘ladi.

Kun tartibida sun’iy intellekt, jadal raqamlashtirish va zamonaviy bioetika zamonida oila instituti mustahkamligini ta’minlash, ayollar huquqlarini muhofaza qilish, yoshlarni zararli illatlardan asrash hamda ma’naviy inqirozlarga islomiy qadriyatlar asosida shar’iy va ilmiy yechimlar topish masalalari atroflicha muhokama qilinadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari