Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Avgust, 2026   |   12 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:17
Quyosh
05:42
Peshin
12:25
Asr
17:10
Shom
19:12
Xufton
20:32
Bismillah
25 Avgust, 2026, 12 Rabi`ul avval, 1448

DUO QABUL BO'LADIGAN VAQT VA HOLATLAR

17.09.2021   8000   5 min.
DUO QABUL BO'LADIGAN VAQT VA HOLATLAR

1. Saharda duo qilish. Alloh taolo: “Saharlarda ular (Allohdan) mag'firat so'rar edilar”, deb marhamat qilgan (Zoriyot surasi, 18-oyat).

Sahar vaqtida qalb sof, ixlosli va chalg'itadigan narsalardan xoli bo'ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Alloh taolo har kecha, kechaning oxirgi uchdan biri qolganida “Kim menga duo qiladi, Men unga ijobat qilay, kim Mendan so'raydi, Men unga (so'ragan narsasini) beray, kim Mendan kechirim so'raydi, Men uni kechiray”, deydi»(Imom Buhoriy, Imom Muslim rivoyati).

 2. Azon va iqomatdan keyin duo qilish. Nabiy (alayhissalom): “Azon va iqomat orasidagi duo rad qilinmaydi”, dedilar (Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati)

 3. Iftorlik va saharlikda duo qilish. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ro'zadorning duosi qaytarilmaydi” (Imom Termiziy, Imom Ibn Moja rivoyati), deganlar.

 4. Qalblar “erigan” vaqtda duo qilish. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qalblar yumshagan vaqtda duo qilib qolinglar, chunki u rahmatdir!” dedilar.

 5. Faqat musibat etganidagina emas, balki, tinch-osuda vaqtda ham duo qilish. Agar Banda kengchilik vaqtida Allohni zikr qilsa, Alloh uni torchilik vaqtida zikr qiladi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimni shiddatlar paytida Alloh uni istijobat qilishi masrur qilsa, oroyish paytida duoni ko'paytirsin”, dedilar.

 6. Sajdada duo qilish. Abu Hurayra roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bunday deganlarini rivoyat qiladi: “Banda Robbisiga eng yaqin bo'ladigan holati sajda qilgan vaqtidir. Bas, shu vaqtda duoni ko'paytiring”(Imom Muslim rivoyati).

 7. Har namozdan so'ng duo qilish. Abu Umoma roziyallohu anhu: “Yo Rasululloh, qaysi duo eshitiluvchiroq (ko'proq qabul bo'ladi)?”, dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kechaning oxiridagi va farz namozlar ortidagi lahzalarda”, deya javob berdilar dedi (Imom Termiziy rivoyati).

Mujohid (rahmatullohi alayhi) aytadi: “Namoz eng yaxshi vaqtga belgilangan. Shuning uchun namozlardan so'ng duo qilishni qo'ymang”.

 8. Yomg'ir yoqqanda duo qilish. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Saflar Alloh yo'lida jipslashganida, yomg'ir yoqqanda, farz namozlari ado etiladigan vaqtlarda osmon eshiklari ochiladi. Bu paytlarda duo qilishni g'animat biling”.

 9. Juma tuni va kunduzi duo qilish. Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam juma kuni haqida bunday dedilar: “Unda bir soat borki, unga tik turib namoz o'qiyotgan musulmon banda Allohdan biron narsani tilab to'g'ri kelib qolsa, Alloh unga bu tilagini beradi”(Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

10. Safarda duo qilish. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Uchta duo, shubhasiz, ijobatdir: mazlumning duosi, musofirning duosi va otaning bolasiga qilgan duosi”, dedilar (Imom Termiziy, Imom Abu Dovud rivoyati).

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Mehr-saxovat va inson qadri — ezgulikka yo‘g‘rilgan xayrli tashabbus

14.08.2026   51243   3 min.
Mehr-saxovat va inson qadri — ezgulikka yo‘g‘rilgan xayrli tashabbus

Insonga mehr ko‘rsatish, muhtojning holidan xabar olish, bemorga tasalli berish va ehtiyojmandlarga ko‘mak qo‘lini cho‘zish xalqimiz ma’naviyatining azaliy fazilatlaridandir. Islom ta’limotida ham saxovat, mehr-oqibat va inson qadrini ulug‘lash eng ulug‘ amallardan biri sifatida e’tirof etilgan. Chunki bir insonning ko‘nglini ko‘tarish, uning qalbiga umid va ishonch bag‘ishlash jamiyatda mehr-muhabbat, hamjihatlik va totuvlikni mustahkamlaydi.

Shu ezgu qadriyatlarni hayotga tatbiq etish, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va yurtdoshlarimiz qalbida mehr-shafqat tuyg‘ularini yanada kuchaytirish maqsadida 2026 yil 13 avgust kuni Samarqand viloyati Urgut tumanida keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy hamda xayr-saxovat tadbirlari o‘tkazildi.

Mazkur xayrli tadbirlarda Samarqand viloyati bosh imom-xatibi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Nursultonxon domla Abdumannonov, viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrullo domla Sattarov, VAQF xayriya jamoat fondi Samarqand viloyati filiali rahbari Yoqubjon domla Mansurov, uning o‘rinbosari A.Sultonov, shahar va tuman bosh imom-xatiblari, «Haj–2026» ziyoratchilari, mahalla faollari va nuroniylar ishtirok etdilar.

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan ushbu xayrli aksiya doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan va boquvchisidan ayrilgan 300 ta oila holidan xabar olindi. Ularning xonadonlariga tashrif buyurilib, turmush sharoitlari o‘rganildi, oilalarga zarur oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.

Tashriflar davomida bemor va keksalarning holidan xabar olinib, ular bilan samimiy suhbatlar o‘tkazildi. Ularning haqqiga shifo, xonadonlariga fayzu baraka, yurtimizga tinchlik-xotirjamlik tilab duolar qilindi. Zero, muhtojning ko‘nglini ko‘tarish va uni yolg‘iz emasligini his ettirish ham insonparvarlikning yuksak ko‘rinishidir.

Shu bilan birga, hayotida turli ijtimoiy qiyinchiliklarga duch kelgan hamda yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolish xavfi mavjud bo‘lgan ayrim fuqarolar bilan yakka tartibda muloqotlar tashkil etildi. Suhbatlarda sof e’tiqod, oila muqaddasligi, farzand tarbiyasi, halol mehnat, Vatanga sadoqat, milliy va diniy qadriyatlarga hurmat, shuningdek, turli buzg‘unchi g‘oyalarga nisbatan ma’naviy immunitetni mustahkamlash masalalari hayotiy misollar asosida tushuntirildi.

Tadbirlar doirasida Urgut tumanidagi jome masjidlarda peshin namozidan so‘ng ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar ham o‘tkazildi. Ularda mehr-oqibat, qo‘ni-qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, yoshlarni milliy va diniy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash, oila tinchligini asrash, jamiyatda o‘zaro hurmat va ahillik muhitini qaror toptirish kabi dolzarb mavzular atroflicha yoritildi.

Uchrashuvlar yakunida mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, Vatanimiz ravnaqi va yosh avlodning ilmli, odobli hamda vatanparvar insonlar bo‘lib voyaga yetishi haqida xayrli duolar qilindi.

Bugun yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, aholining ehtiyojmand qatlamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda mehr-saxovat va o‘zaro g‘amxo‘rlik muhitini qaror toptirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Urgut tumanida o‘tkazilgan mazkur xayrli tadbirlar ham ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilib, aholi o‘rtasida hamjihatlik, bag‘rikenglik va insonparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.

Mehr bor joyda ishonch, saxovat bor joyda baraka, inson qadri ulug‘langan jamiyatda esa tinchlik va farovonlik qaror topadi. Ana shunday ezgu amallar xalqimiz o‘rtasidagi birdamlik rishtalarini mustahkamlab, yurtimizning yanada obod va fayzli bo‘lishiga xizmat qiladi.

Samarqand viloyati vakilligi matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari