DUO QABUL BO'LADIGAN VAQT VA HOLATLAR
17.09.2021
3406
5 min.
1. Saharda duo qilish. Alloh taolo: “Saharlarda ular (Allohdan) mag'firat so'rar edilar”, deb marhamat qilgan (Zoriyot surasi, 18-oyat).
Sahar vaqtida qalb sof, ixlosli va chalg'itadigan narsalardan xoli bo'ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Alloh taolo har kecha, kechaning oxirgi uchdan biri qolganida “Kim menga duo qiladi, Men unga ijobat qilay, kim Mendan so'raydi, Men unga (so'ragan narsasini) beray, kim Mendan kechirim so'raydi, Men uni kechiray”, deydi»(Imom Buhoriy, Imom Muslim rivoyati).
2. Azon va iqomatdan keyin duo qilish. Nabiy (alayhissalom): “Azon va iqomat orasidagi duo rad qilinmaydi”, dedilar (Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati)
3. Iftorlik va saharlikda duo qilish. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ro'zadorning duosi qaytarilmaydi” (Imom Termiziy, Imom Ibn Moja rivoyati), deganlar.
4. Qalblar “erigan” vaqtda duo qilish. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qalblar yumshagan vaqtda duo qilib qolinglar, chunki u rahmatdir!” dedilar.
5. Faqat musibat etganidagina emas, balki, tinch-osuda vaqtda ham duo qilish. Agar Banda kengchilik vaqtida Allohni zikr qilsa, Alloh uni torchilik vaqtida zikr qiladi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimni shiddatlar paytida Alloh uni istijobat qilishi masrur qilsa, oroyish paytida duoni ko'paytirsin”, dedilar.
6. Sajdada duo qilish. Abu Hurayra roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bunday deganlarini rivoyat qiladi: “Banda Robbisiga eng yaqin bo'ladigan holati sajda qilgan vaqtidir. Bas, shu vaqtda duoni ko'paytiring”(Imom Muslim rivoyati).
7. Har namozdan so'ng duo qilish. Abu Umoma roziyallohu anhu: “Yo Rasululloh, qaysi duo eshitiluvchiroq (ko'proq qabul bo'ladi)?”, dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kechaning oxiridagi va farz namozlar ortidagi lahzalarda”, deya javob berdilar dedi (Imom Termiziy rivoyati).
Mujohid (rahmatullohi alayhi) aytadi: “Namoz eng yaxshi vaqtga belgilangan. Shuning uchun namozlardan so'ng duo qilishni qo'ymang”.
8. Yomg'ir yoqqanda duo qilish. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Saflar Alloh yo'lida jipslashganida, yomg'ir yoqqanda, farz namozlari ado etiladigan vaqtlarda osmon eshiklari ochiladi. Bu paytlarda duo qilishni g'animat biling”.
9. Juma tuni va kunduzi duo qilish. Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam juma kuni haqida bunday dedilar: “Unda bir soat borki, unga tik turib namoz o'qiyotgan musulmon banda Allohdan biron narsani tilab to'g'ri kelib qolsa, Alloh unga bu tilagini beradi”(Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
10. Safarda duo qilish. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Uchta duo, shubhasiz, ijobatdir: mazlumning duosi, musofirning duosi va otaning bolasiga qilgan duosi”, dedilar (Imom Termiziy, Imom Abu Dovud rivoyati).
MА`LUMOTNI IJTIMOIY TАRMOQLАRDА ULАSHING