Imom Abu Dovud Oysha onamiz raziyallohu anhodan rivoyat qiladilar: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Fotima bilan so'zlashda, husni xulqda, muomalada, siyratda va holatda bo'lganchalik kimsani ko'rmadim. Fotima raziyallohu anhu kirsalar, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam unga peshvoz chiqib o'rnidan turardilar, uning qo'lini ushlab (qo'lidan yoki peshonasidan) o'pardilar va o'z oldilariga o'tqazardilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ham uning oldiga kirsalar, Fotima raziyallohu anhu o'rnidan turib kutib olardi, ul zotning qo'llarini o'pardi va (munosib) o'rinlariga o'tqazardi”. (Abu Dovud, 4/5219).
Ushbu hadisi sharifdan oladigan muhim xulosamiz shuki, ota-onalarimizga chiroyli va go'zal muomalada bo'lmoq; qizlarimizga o'ta shafqat bilan muomalada bo'lish; birov oldimizga kirib kelganda o'rnimizdan turib kutib olib, uni munosib o'ringa o'tqazmoq; agar munosib odam tashrif buyursa, ko'rishganda qo'lidan o'pish mumkin ekanligidir!
Yukoridagi xadisi sharif bu savolimizga javob bo'la oladi. Biroq bizning yurtlarda azaldan ota bobolarimiz va bugungi kun musulmonlari orasida kadrli odamlarni (ota-onani) qo'llaridan o'pib hurmat izhor qilishgan.
Vallohu a'lam!
Abdulaziz Bobamirzayev
Savol: Men tush ko‘rdim va uyg‘onib Ibni Sirinning "Tushlar ta’biri" kitobini ko‘rsam yomonroq chiqdi va siqilib qoldim. Tush ta’biri masalalariga musulmon inson qanday qarashi kerak?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Avvalo shuni aytishimiz kerakki, Ibn Siriyn rahimahullohga nisbat berilgan “Tushlar ta’biri” kitobi u zotga tegishli emas. Shuning uchun bu kitobni u zotga nisbat berib bo‘lmaydi. Dinimizga ko‘ra tushlar uch xil bo‘ladi:
– Alloh taolo tomonidan bo‘lgan, tahorat bilan yotilganda, tongga yaqin ko‘riladigan, solih tushlar.
– Shaytondan bo‘lgan, aniq esda qolmaydigan, kayfiyatni tushiradigan, alahsirashga o‘xshash yomon tushlar.
– Kasbiga yoki qiziqqan narsasiga taalluqli tushlar.
Dinimizda tush ko‘rganda nima qilish kerakligi borasida aniq tavsiyalar kelgan. Agar rost tushlar shariatga mos kelsa, amal qilish mumkin, agar zid kelsa, qat’iy amal qilinmaydi. Yomon tush ko‘rgan kishi tushini birovga aytmasligi va tushning yomonligidan Alloh taolodan panoh so‘rashi kerak. Bu haqida Abdulloh ibn Qatoda roziyallohu anhu otasidan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Rost tush Allohdan, yomon tush shaytondan. Birortangiz qo‘rqinchli tush ko‘rsa, chap tomoniga tuflab qo‘ysin va tushning yomonligidan (Allohdan) panoh so‘rasin. Shunda yomon tush zarar qilmaydi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Ya’ni yomon tush ko‘rgan kishi chap tomonga yengilgina tuflab: “Robbim! Ko‘rgan tushimni yomonligidan panoh so‘rayman”, deb qo‘yadi.
Ba’zi ulamolar imkon bo‘lsa o‘rnidan turib, tahorat olib, ikki rakat nafl namoz o‘qigani hamda biroz sadaqa qilib qo‘ygani yana ham yaxshi, deyishgan.
Shuningdek, tush inson taqdirini belgilamaydi. Tushga ortiqcha baho berib, uni hayot mezoniga aylantirish to‘g‘ri emas. Biz dinimiz ko‘rsatmalariga og‘ishmay amal qilsak, ham moddiy, ham ruhiy tarafdan sog‘lom, irodamiz mustahkam bo‘ladi. Vallohu a’lam!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.