Bismillahir rohmanir rohim
Ma'qal ibn Yasor roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: “«Yasin» Qur'onning qalbidir. Kim uni Alloh (roziligi) va oxirat kuni (najot topish)ni istab tilovat qilsa, uning gunohlari mag'firat qilinadi. Uni o'liklaringizga o'qinglar” (Nasoiy, Ahmad, Hokim, Bayhaqiy va Tabaroniy rivoyati).
Mazkur rivoyatdan, «Yasin» surasini ixlos bilan o'qigan kishining gunohlari kechiriladi. Boshqa rivoyatda esa, «Yasin» surasini tunda o'qish bilan bandaning gunohlari mag'firat qilinishi aytilgan.
«Yasin» surasini o'liklarga o'qishni ulamolar ikki xil izohlashgan:
Aksariyat ulamolar birinchi izohni ma'qullashgan. «Yasin» surasini o'lim to'shagida yotgan kishilarga o'qinglar, deb amr qilinishining sababini ulamolar quyidagicha tushuntirishgan: “Ushbu suraning fazilatlaridan biri shuki, agar u qiyin va og'ir damlarda o'qilsa, Alloh taolo bandaning ahvolini engillashtiradi. Hususan, jon chiqish paytda o'qish rahmat va barakaning tushishi va jon chiqishining oson kechishiga sabab bo'ladi”. «Yasin» surasida Allohning zikri, qayta tirilish holati, qiyomat, jannat, shayton fitnasidan ehtiyot bo'lib yurish kabilar zikr qilingani uchun o'lim to'shagida yotganlar mazkur sura o'qilganda o'zlarida engillik his qiladilar.
“Musnadul-Firdavs” kitobida: “Agar qaysi mayyitning huzurida «Yasin» surasi o'qilsa, albatta unga engillik beriladi”, deb aytilgan. Shayx Soviyning “Tafsir”ida esa: “Qur'onda bir sura borki, u o'sha surani o'quvchilarni shafoat qiladi, unga quloq tutuvchilarning haqqiga istig'for aytadi. U «Yasin» surasidir. Ushbu sura Tavrotda Mu'imma (ya'ni, umumlashtiruvchi) deb nomlangan. Sababi u sohibini dunyo yaxshiliklariga noil qilib, oxirat qo'rqinchi va azobidan himoya qiladi”, deyilgan.
Anas ibn Molik roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Har bir narsaning qalbi bor. Qur'onning qalbi «Yasin» (surasi)dir. Kim uni (ixlos bilan) o'qisa, Alloh o'sha bandaga Qur'onni o'n marta o'qiganlik savobini beradi”, deganlar” (Termiziy, Dorimiy, Bayhaqiy “Shuabul-iymon”da rivoyat qilgan).
«Yasin» surasining “Qur'on qalbi” deyilishiga sabab – bu surada qalb bilan bog'liq masalalar, jumladan, Allohning vahdoniyati, risolat, qayta tirilish va shu kabilar bayon qilingan. Bu rivoyatga ko'ra, banda «Yasin» surasini ixlos bilan bir marta o'qish orqali kichik gunohlardan forig' bo'ladi va Qur'oni karimni o'n marta o'qiganlik savobiga erishadi. Abu Hurayra roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Alloh taboraka va taolo osmonlar va Yerni yaratishidan ming yil avval «Toha» va «Yasin» suralarini o'qidi. Farishtalar Qur'onni eshitib, “bu narsa tushgan ummatga Tubo bo'lsin! Buni ko'tarib yuradigan qalblarga Tubo bo'lsin! Buni gapiradigan tillarga Tubo bo'lsin!” dedilar” (Dorimiy, Bayhaqiy va Tabaroniy rivoyati). “Tubo” so'zi “jannat”, “jannatdagi daraxt”, “baxt-saodat” kabi ma'nolarni anglatadi. Ushbu rivoyatda Qur'oni karim, xususan Toha va «Yasin» suralari qanchalik fazilatli ekani, ularni o'qish, yod olish bilan banda baxt-saodatga erishishi aytilmoqda.
Abu Hurayra roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Kim «Yasin» surasini kechasi o'qisa, uning gunohlari o'sha kechada mag'firat qilinadi” (Dorimiy, Ibn Hibbon va Bayhaqiy rivoyati). Bundan kelib chiqadiki, kechasi uyqudan avval «Yasin» surasini o'qish kishining kichik gunohlariga kafforat bo'ladi.
Jundub ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kim kechasi Alloh azza va jallaning roziligi uchun «Yasin» surasini o'qisa, (Alloh) u bandani mag'firat qiladi”, deganlar” (Ibn Hibbon “Sahih”da rivoyat qilgan).
Ato ibn Abu Rabohdan rivoyat qilinadi: “Menga Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kim «Yasin»ni kunning avvalida o'qisa, hojatlari ravo qilinadi”, deb aytganlari xabar qilingan” (Dorimiy rivoyati). Kim bomdod namozidan keyin «Yasin» surasini o'qisa, uning gunohlari mag'firat qilinadi, bunday banda Qur'onni o'n yoki o'n ikki marta xatm qilganlik savobiga erishadi va hojatlari ravo qilinadi. Shunday ekan, boshiga biron kulfat tushganlar, mushkul ahvolda qolganlar «Yasin» surasini ixlos bilan o'qisalar, murodlariga etadilar.
Shahr ibn Havshab Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: “Kim «Yasin»ni tong otganda o'qisa, kechgacha kuni engil o'tadi. Kim uni tunning avvalida o'qisa, tonggacha tuni engil o'tadi” (Dorimiy rivoyati). Bu rivoyatda yuqoridagi hadis izohlanmoqda. Demak, ishim engil bo'lsin, deganlar, najot va muvaffaqqiyatga erishmoqchi bo'lganlar bu tavsiyaga amal qilsalar, maqsadga muvofiq bo'ladi. Dinimiz Islomda bandalarga faqat oxirat saodati yo'llari emas, balki dunyoda ham yutuqlarga erishish usullari o'rgatilgan, banda ikki dunyo saodatiga erishishga targ'ib qilingan.
Hasandan rivoyat qilinadi: “Kim kechasi Alloh roziligi uchun «Yasin»ni o'qisa, uning gunohlari mag'firat qilinadi. Menga xabar qilinishicha, u (sura) to'liq Qur'onga tengdir” (Dorimiy rivoyati).
Yuqoridagi rivoyatlardan «Yasin» surasining quyidagi fazilatlari ma'lum bo'ladi:
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Alloh taolo odamzodga aql, es-hushga qo‘shib did, farosat degan ulug‘ ne’matlarni berganki, ularni ishlatgan, ishlata olgan kishi har doim hamma joyda e’zoz va qadr topgan. Illo, ishlata olmagan kishining o‘zidan boshqalarni ayblashi ayni ahmoqlik, johillik va nodonlikdir.
Qur’oni karimni oyoqlari ostiga olib tepkilayotganini tasvirga tushirib, ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatgan kimsaning xatti-harakatlari yurtimiz mo‘min-musulmonlarining nafratini uyg‘otdi, g‘azabini keltirdi. Rost-da, aqlli, sog‘lom kishi shunday ishni qilishi u yoqda tursin, hatto xayoliga ham keltirishining o‘zi dahshatli-ku.
Islom shiorlari ulug‘lanadi, diniy masalalarga nafaqat har bir musulmon, ayni paytda barcha kishilar hurmat bilan munosabatda bo‘lishi ham odamiylik nuqtayi nazaridan, ham huquqiy jihatdan zarurdir.
Alloh taoloning shiorlarini oyoqosti qilish, ulardan birortasini masxaralash, kamsitish, behurmat qilish, xo‘rlash, mensimaslik, xor qilish mo‘min kishining dindan chiqishiga sabab bo‘ladi (Alloh asrasin!).
Islom ta’limotiga ko‘ra, “shior” so‘zi “nishon”, “belgi”, “alomat” ma’nolarini bildiradi. Alloh taoloning dinining ko‘zga ko‘ringan va shon-shavkati alomati bo‘lgan narsalar shior hisoblanadi. Mus'hafi sharif, oyati karimalar ko‘chirilgan varaqlar shularning eng old safida turadi.
Alloh taolo Islom shiorlarini qadrlashga targ‘ib etgan va ularni toptash, masxaralashdan qattiq qaytargan. Jumladan, Haq taolo Qur’oni karimda: “(Gap) shudir. Yana kimki Allohning shiorlari (qurbonliklar)ni ulug‘ deb bilsa, bas, albatta, (bu) dillarning taqvosidandir” (Haj surasi, 32 oyat), – deb xitob qilgan.
Savbon roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shariatning shiorini past sanaganlarni qattiq qoralab bunday deganlar: «“Aniq bilamanki, ummatim ichidagi ba’zi kimsalar Qiyomat kunida Tihoma tog‘i kabi ulkan hasanotlar bilan oppoq bo‘lib kelishadi, lekin Alloh taolo ularning amallarini to‘zigan chang kabi qilib qo‘yadi”. Shunda Cavbon roziyallohu anhu: “Yo Racululloh, bizga ularni cifatlab, ochiq bayon qilib bersangiz, bilmasdan o‘shalardan bo‘lib qolmaylik!” dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ular cizlarning birodarlaringiz, cizlarga o‘xshagan odamlardir. Ular ham ciz kabi tunlari ibodat qiladi. Lekin ular shunday odamlarki, yolg‘iz qolgan vaqtlarida shariatning shiorlarini toptaydilar”, – dedilar (Imom Ibn Moja rivoyati).
Qur’oni karimning darajasi shu qadar ulug‘ki, hatto Mus'hafni tahoratsiz ushlab bo‘lmaydi. Qur’onni ushlamoqchi bo‘lgan odam tahoratli bo‘lishi vojibdir. Alloh taolo: «Uni faqat poklanganlargina ushlaydir», degan (Voqea surasi, 79-oyat).
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qur’onni pok odamgina ushlaydi”, dedilar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Shuningdek, Alloh taoloning Kitobini uning mavqeiga munosib, chiroyli g‘ilofda saqlash vojibligi, tozaligiga etibor qaratish, munosib joyga qo‘yish ham vojibdir.
Ulamolar: “Qur’oni karimni axlatga tashlagan odam kofir bo‘ladi”, deyishgan. Kalomullohning hurmatini joyiga qo‘ymaydigan odamga Mus'hafni sotish harom.
“Sahihi Buxoriy” va “Sahihi Muslim”da Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Mus'haf dushmanning qo‘liga tushib qolish xavfi bo‘lsa, Mus'haf bilan dushman yerlariga safar qilishdan qaytarganlari keltirilgan.
Ulamolarning fatvolarida bunday deyiladi: “Kim azonni masxara qilsa yoki Qur’oni karimni yengil sanab oyoqosti qilsa, shar’iy ilmlarni yoxud ulamolarni masxara qilsa, ibodatlarni yengil sanab bajarmasa, masjidni masxara qilsa, kofir bo‘ladi” (“G‘amzu uyunil basoir sharh ashboh van-nazoir” kitobi).
Biz Qur’oni karimni ulug‘lashni solih salaflardan o‘rganishimiz kerak. Imom Qatoda rahimahulloh: “Qur’oni karim o‘qiganimdan buyon piyoz yemadim”, degan bo‘lsa, Imom Mujohid rahimahulloh: “Qur’on o‘qiyotib sizni esnoq tutib qolsa, esnog‘ingiz ketgunicha o‘qimay turing”, degan.
Allohninrg oyatlarini oyoqosti qilayotgan kimsalar nahotki Imom Navaviy rahimahullohning: “Kimdir sizga Mus'haf bersa, uni tik turgan holda oling. Chunki ulamo va aziz kishilar kelganda turish mustahab sanaladi. Mus'haf (uchun turish) avloroqdir”, deganini anglamasa...
Qur’oni karimni xorlash, masxaralash, qadrini yerga urish kofir va munofiq kimsalarning ishidir. Bu haqda oyati karimada bunday deyiladi: “Kofir bo‘lganlarga bu dunyo ziynatli qilib qo‘yilgan. Ular imon keltirganlar ustidan kuladilar. Holbuki, qiyomat kuni taqvoli bo‘lganlar ulardan balanddirlar” (Baqara surasi, 212-oyat).
Islom shiorlarini, xususan, Qur’oni karimni masxara qilish mo‘minga ham, sog‘lom aql egasiga ham mutlaqo yarashmaydi. Ayniqsa, mamlakatimiz aholisining asosiy qismi Islom diniga e’tiqod qilar ekan, xalqimizning milliy va diniy qadriyatlarini hurmat qilish har bir O‘zbekiston fuqarosining burchidir.
Tolibjon NIZOM