Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Iyun, 2025   |   24 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:50
Peshin
12:30
Asr
17:40
Shom
20:03
Xufton
21:41
Bismillah
20 Iyun, 2025, 24 Zulhijja, 1446

«Yasin» surasining fazilati

16.09.2021   9356   6 min.
«Yasin» surasining fazilati

Bismillahir rohmanir rohim

Ma'qal ibn Yasor roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: “«Yasin» Qur'onning qalbidir. Kim uni Alloh (roziligi) va oxirat kuni (najot topish)ni istab tilovat qilsa, uning gunohlari mag'firat qilinadi. Uni o'liklaringizga o'qinglar” (Nasoiy, Ahmad, Hokim, Bayhaqiy va Tabaroniy rivoyati).

Mazkur rivoyatdan, «Yasin» surasini ixlos bilan o'qigan kishining gunohlari kechiriladi. Boshqa rivoyatda esa, «Yasin» surasini tunda o'qish bilan bandaning gunohlari mag'firat qilinishi aytilgan.

«Yasin» surasini o'liklarga o'qishni ulamolar ikki xil izohlashgan:

  1. O'lim to'shagida yotganlarga o'qish;
  2. Vafot etgan mayyitlarni uning savobidan bahramand bo'lishlari uchun o'qish.

Aksariyat ulamolar birinchi izohni ma'qullashgan. «Yasin» surasini o'lim to'shagida yotgan kishilarga o'qinglar, deb amr qilinishining sababini ulamolar quyidagicha tushuntirishgan: “Ushbu suraning fazilatlaridan biri shuki, agar u qiyin va og'ir damlarda o'qilsa, Alloh taolo bandaning ahvolini engillashtiradi. Hususan, jon chiqish paytda o'qish rahmat va barakaning tushishi va jon chiqishining oson kechishiga sabab bo'ladi”. «Yasin» surasida Allohning zikri, qayta tirilish holati, qiyomat, jannat, shayton fitnasidan ehtiyot bo'lib yurish kabilar zikr qilingani uchun o'lim to'shagida yotganlar mazkur sura o'qilganda o'zlarida engillik his qiladilar.

“Musnadul-Firdavs” kitobida: “Agar qaysi mayyitning huzurida «Yasin» surasi o'qilsa, albatta unga engillik beriladi”, deb aytilgan. Shayx Soviyning “Tafsir”ida esa: “Qur'onda bir sura borki, u o'sha surani o'quvchilarni shafoat qiladi, unga quloq tutuvchilarning haqqiga istig'for aytadi. U «Yasin»  surasidir. Ushbu sura Tavrotda Mu'imma (ya'ni, umumlashtiruvchi) deb nomlangan. Sababi u sohibini dunyo yaxshiliklariga noil qilib, oxirat qo'rqinchi va azobidan himoya qiladi”, deyilgan.

Anas ibn Molik roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Har bir narsaning qalbi bor. Qur'onning qalbi «Yasin» (surasi)dir. Kim uni (ixlos bilan) o'qisa, Alloh o'sha bandaga Qur'onni o'n marta o'qiganlik savobini beradi”, deganlar” (Termiziy, Dorimiy, Bayhaqiy “Shuabul-iymon”da rivoyat qilgan).

«Yasin» surasining “Qur'on qalbi” deyilishiga sabab – bu surada qalb bilan bog'liq masalalar, jumladan, Allohning vahdoniyati, risolat, qayta tirilish va shu kabilar bayon qilingan. Bu rivoyatga ko'ra, banda «Yasin» surasini ixlos bilan bir marta o'qish orqali kichik gunohlardan forig' bo'ladi va Qur'oni karimni o'n marta o'qiganlik savobiga erishadi. Abu Hurayra roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Alloh taboraka va taolo osmonlar va Yerni yaratishidan ming yil avval «Toha» va «Yasin» suralarini o'qidi. Farishtalar Qur'onni eshitib, “bu narsa tushgan ummatga Tubo bo'lsin! Buni ko'tarib yuradigan qalblarga Tubo bo'lsin! Buni gapiradigan tillarga Tubo bo'lsin!” dedilar” (Dorimiy, Bayhaqiy va Tabaroniy rivoyati). “Tubo” so'zi “jannat”, “jannatdagi daraxt”, “baxt-saodat” kabi ma'nolarni anglatadi. Ushbu rivoyatda Qur'oni karim, xususan Toha va «Yasin» suralari qanchalik fazilatli ekani, ularni o'qish, yod olish bilan banda baxt-saodatga erishishi aytilmoqda.

Abu Hurayra roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Kim «Yasin» surasini kechasi o'qisa, uning gunohlari o'sha kechada mag'firat qilinadi” (Dorimiy, Ibn Hibbon va Bayhaqiy rivoyati). Bundan kelib chiqadiki, kechasi uyqudan avval «Yasin»  surasini o'qish kishining kichik gunohlariga kafforat bo'ladi.

Jundub ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kim kechasi Alloh azza va jallaning roziligi uchun «Yasin» surasini o'qisa, (Alloh) u bandani mag'firat qiladi”, deganlar” (Ibn Hibbon “Sahih”da rivoyat qilgan).

Ato ibn Abu Rabohdan rivoyat qilinadi: “Menga Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kim «Yasin»ni kunning avvalida o'qisa, hojatlari ravo qilinadi”, deb aytganlari xabar qilingan” (Dorimiy rivoyati). Kim bomdod namozidan keyin «Yasin»  surasini o'qisa, uning gunohlari mag'firat qilinadi, bunday banda Qur'onni o'n yoki o'n ikki marta xatm qilganlik savobiga erishadi va hojatlari ravo qilinadi. Shunday ekan, boshiga biron kulfat tushganlar, mushkul ahvolda qolganlar «Yasin»  surasini ixlos bilan o'qisalar, murodlariga etadilar.

Shahr ibn Havshab Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: “Kim «Yasin»ni tong otganda o'qisa, kechgacha kuni engil o'tadi. Kim uni tunning avvalida o'qisa, tonggacha tuni engil o'tadi” (Dorimiy rivoyati). Bu rivoyatda yuqoridagi hadis izohlanmoqda. Demak, ishim engil bo'lsin, deganlar, najot va muvaffaqqiyatga erishmoqchi bo'lganlar bu tavsiyaga amal qilsalar, maqsadga muvofiq bo'ladi. Dinimiz Islomda bandalarga faqat oxirat saodati yo'llari emas, balki dunyoda ham yutuqlarga erishish usullari o'rgatilgan, banda ikki dunyo saodatiga erishishga targ'ib qilingan.

Hasandan rivoyat qilinadi: “Kim kechasi Alloh roziligi uchun «Yasin»ni o'qisa, uning gunohlari mag'firat qilinadi. Menga xabar qilinishicha, u (sura) to'liq Qur'onga tengdir” (Dorimiy rivoyati).

Yuqoridagi rivoyatlardan «Yasin» surasining quyidagi fazilatlari ma'lum bo'ladi:

  1. «Yasin» Qur'onning qalbi;
  2. O'lim to'shagida yotganlar «Yasin» surasi tilovatidan manfaat oladilar;
  3. «Yasin» Qur'onning hammasiga teng;
  4. «Yasin»ni o'qigan banda Qur'onni o'n marta xatm qilish savobiga erishadi;
  5. «Yasin»ni ixlos bilan o'qigan bandaning gunohlari kechiriladi;
  6. Tongda yoki kech kirganda «Yasin» surasini tilovat qilgan bandaning ishlari engil bo'ladi va o'zi najotga erishadi, inshaalloh. 

                                                     O'zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

Boshqa maqolalar

Ismingiz ketadi, sifatingiz qoladi

18.06.2025   3362   2 min.
Ismingiz ketadi, sifatingiz qoladi

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.


Nabiy sollallohu alayhi vasallam Uhud g‘azoti shahidlarini dafn qilayotib: «Abdulloh ibn Harom bilan Amr ibn Jamuhni bitta qabrga qo‘yinglar. Ular bir-birini yaxshi ko‘rar edi!» dedilar.

Aslida, o‘lim firoq emas. Hammamiz kuni kelib vafot etamiz. Haqiqiy firoq birimiz jannatda yana birimiz do‘zaxda bo‘lishimizdir.

Ajoyib narsa o‘qigan edim. Bir kishi buvisining bir odati haqida shunday yozgan edi: «Buvim bizni bomdod namoziga uyg‘otib: «Turinglar! Jannatda sonimiz kamayib qolishini istamayman», der edilar».

Kim sizni haqiqiy yaxshi ko‘rsa, u do‘zaxga tushishingizni istamaydi. Ibrohim alayhissalom otalari Ozarni yaxshi ko‘rishlariga qarang. U kishi bunday degan edilar: «Ey ota! Men sizni Rahmonning azobi ushlashidan va shaytonga do‘st bo‘lib qolishingizdan qo‘rqaman» (Maryam surasi, 45-oyat).


Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning gaplarini go‘zalligiga boqing: «Ular bir-birini yaxshi ko‘rar edi!».

Insonning o‘zgalar oldida muhabbat, shijoat, saxovat va oliyjanoblik kabi chiroyli sifatlar bilan tanilishi naqadar go‘zal! Uning nomi zikr qilinganida tinglovchining yuzida uning surati xuddi qip-qizil yurak singari porlasa. Shuningdek, uning surati biz qo‘yayotgan go‘zal iboralar ortida ham porlab tursa!

Imom Zahabiy rohimahulloh «Siyaru a’lomin nubalo» kitobida Muhammad ibn Maymun haqida bunday yozadi: «Abu Hamza Sukariy Muhammad ibn Maymun al-Marvaziy. U shakar sotgani uchun «sukariy» deyilmagan. Uning so‘zlari shirinligi uchun shu nom bilan tanilgan!».


Bizni taniydiganlar ham ismlarimizni ularga qiladigan muomalamiz tufayli sifatlarimizga alishtirib olishganida nima bo‘lar edi?!

Ota-onamiz bizga «Ota-onani rozi qiladigan, muborak va yaxshilik qiladigan o‘g‘il», deb nom qo‘yarmidi yoki «surbet, qo‘pol va oqpadar o‘g‘il» debmi?!

Xotinimiz bizga «Mehribon, saxiy va bag‘rikeng er», deb nom qo‘yarmidi yoki «qaysar va qattiqqo‘l er» dermidi?!

Erlar ayoliga «mehribon, suyukli, oliyjanob va sabrli xotin», deb nom qo‘yarmidi yoki «bag‘ritosh, tili zahar va qo‘pol so‘zli xotin» debmi?!

Qo‘shningiz sizni «saxiy va marhamatli» dermidi yoki «xiyonatkor, ochko‘z va badxulq qo‘shni» deb atarmidi?!

Hamkasbingiz sizni «sir saqlaydigan, ishonchli, tarbiyali va odobli hamkasb» dermidi yoki «chaqimchi va sharmanda» deb nom qo‘yarmidi?!

Ismlarimiz bizniki. Sifatlarimiz esa odamlarniki. Ular bizga muomalamizga qarab sifat berishadi. Kuni kelib ismlar ketadi, sifatlar qoladi. Ortimizda bizga Allohdan rahm qilishini so‘rab turadiganlar qolsin!


«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi