Yer kurrasidan 5,5 million kilometr naridan uchib o'tadigan meteorit ham bugun bizni tahlikaga sola oladi. Nega? Chunki jon shirin...
To'rt oy avval Tojikiston va Qirg'iziston chegarasida janjallar boshlanganida ko'pchilik yurak hovuchlab o'tirdi. Biz bu taloto'plarning ichidamidik? Yo'q! Ammo xavotir hissi fitratimizda bor...
Afg'on zaminida urush avj olgan damlarda poytaxtimizda otilgan salyut ovozini o'q tovushidan farqlolmay qolganlar qancha?! Go'yo avtomat tarillab otilganday yuragimiz taka-puka bo'ldiyu uyqumizni yo'qotdik. Nima uchun? Negaki, qo'rquv atalmish tuyg'u har zamon ichimizda...
Shundoqqina yon qo'shnimiz yoki yaqin qarindoshimiz koronavirusga chalinib, jon taslim qilganida bir zum bo'lsada, o'zimiz, jonu jigarlarimiz salomatligidan tashvish chekib qolmadikmi?..
Bo'ron turarkan, degan xabarni eshitib, mashinasi ustiga daraxt qulab tushishi yoxud uyining tomini shamol uchirib ketishidan hayiqib, damba-dam ko'chaga quloq tutadiganlar ahvoli sizga ham ma'lumdir?!
To'rt tomonimizni tahdid va xavf-xatarlar chulg'ab olgan hozirgi tahlikali zamonda er shari xuddi g'ovak daraxtning mo'rt shoxiga osilib turgan mevaga o'xshaydi. Bu mevaning sal kuchliroq shamol tufayli ham o'z bandidan chirs etib uzilib tushishi hech gap emas. Ustiga-ustak, uning ichini soniya sayin qurt kemirayotgan bo'lsa...
Bu misollarni keltirishdan muddao nima? Gap — shu kunlarda qadri yanayam oshib borayotgan bir bebaho ne'mat— TINChLIK haqida!
SYeNGA NIMA KYeRAK, EY JAFOKASh HALQ?
O'sha kunlarda ijtimoiy tarmoqlar «portladi». Har bir shumxabar, har bir fojiali lavha yuraklarni larzaga soldi.
...Qobul aeroporti arining inidek g'uvillaydi. Bir yoqda uchog'ini qo'riqlayotgan qurolli harbiylar avtomati bilan o'dag'aylagan. Boshqa tomonda xudkushlarning inson aqliga sig'mas xunrezliklari... Yana bir tarafda «qadam bossang, otaman», degan tahdidlar...
Lekin shundayam olamon bu manzilga oshiqaverdi. Jamodonu to'rvaxaltalarini elkalariga ilib olgan qariyalar, ayollaru bolalar minalashtirilgan maydondek xavfli bu zonaga «oqib» kelaveradi. Urho-ur bilan laynerga kirib olganlarni omadi chopganlar atadik. Qolganlar ichida hatto samolyot qanotiga, oyoqlariga osilib manzilga etmoqchi bo'lganlarni kuzatdik. Uchoq zamindan ko'tarilishi bilan erga qulab chilparchin bo'lgan bu sho'rliklar bila turib nega jonini xatarga qo'ydi? Ular o'sha olis Amerika diyoriga orzu-havas, molu davlat ilinjida ketayotganmidi? Aslo! Bu jafokash xalq farzandlarining izlagani ham, istagani ham bitta — tinchlik!
URUShNING BOShI — O'YIN, OHIRI — O'LIM!
Qarang, Afg'oniston tuprog'i qirq uch yildan buyon qonli urush ichida. Avval sovet qo'shinlari, keyinroq AQSh armiyasi mamlakatda tinchlik bayrog'ini tikish uchun uzoq yil kurash olib bordi. Ammo barcha urinishlar zoye ketdi. Bu o'lkada jangu jadallar boshlangan yillarda yo'rgakda yotgan hozir soqoli ko'ksiga tushgan 43 yashar kishi. Ammo uning bu hayotda ko'z ochib ko'rgani urush, notinchlik, xavfu xatar bo'ldi. Bu baxtiqaro odam qo'liga qalam tutib, ilm egallashni o'rganolmagandir ehtimol, ammo avtomatdan o'q otish, dushmanni o'ldirish, portlatish ilmini suv qilib ichib yubordi. Hozir ham u tunlari qurolini mahkam quchoqlab uxlashga mahkum. Chunki bolalarining ilmu ma'rifati, ta'lim-tarbiyasi, kasbu kamolidan ko'ra jigarbandlarining tirik qolishi haqida ko'proq qayg'urishga majbur...
Urushning boshi o'yin, oxiri o'lim, degan naql bor xalq orasida. Afg'oniston esa Sharq va G'arb manfaatlari kesishgan nuqtada joylashgan. Shunday ekan, ba'zi «o'yinchi» davlatlar bu yurtda tinchlik bo'lishidan manfaatdor emas. Sababi, hozir afg'on zaminida 200 million tonna neft' va 137 milliard kubometr gaz resurslari mavjud. Birgina Haji Gek konida 240 million tonna mis hamda 428 million tonna temir zaxirasi borligi aytiladi. O'z davrida sovet ittifoqi geologlari bu diyor tuprog'ida tabiatda kam uchraydigan ko'plab noyob metall turlarini aniqlaganlar. Keyinchalik ushbu ma'lumotlarni AQSh Geologiya qo'mitasi ham tasdiqlagan. Ayni paytda mamlakatdagi mavjud resurslar qiymati 3 trillion AQSh dollariga baholanmoqda. Qolaversa, bu yurtni narkobiznes, qurol savdosi o'chog'iga aylantirib, jaraq-jaraq pul ishlashni xohlovchi kuchlar qancha?..
Biz Afg'onistondagi bugungi vaziyat xususida qozilik qilish fikridan yiroqmiz. Qolaversa, davlatimiz bu boradagi siyosiy pozitsiyasini allaqachon e'lon qilgan. Chunki O'zbekiston birodar va jafokash afg'on xalqiga, birinchi navbatda, tinchlik, xotirjamlik tilaydi. Bu zaminda farovonlik va taraqqiyot bo'lishini istaydi.
Lekin bugun biz aytmoqchi bo'lgan gap boshqa: yuz minglab, ehtimol millionlab afg'on bolalari, yoshlari tinchlik uchun qo'liga qurol olgan bir paytda O'zbekistonda 650 ming nafarga yaqin o'g'il-qiz bu yil ilk bor maktab ostonasini hatlab, qo'liga qalam tutib, qariyb 650 mingta «Prezident sovg'asi»ni qabul qilib oldi. Ikki yuz mingga yaqin yigit-qiz oliy o'quv yurtlari talabalari safiga qo'shildi.
Minglab afg'on o'g'il-qizlari ota-onasidan, yaqinlaridan bevaqt ayrilib, baxtli hayot kechirishdan mosuvo bo'lib, ko'ksida alam o'tini yoqqanida, bizning umidli farzandlarimiz Tokioda bo'lib o'tgan Olimpiada va Paralimpiya o'yinlaridan bo'yniga shoda-shoda medallar taqib qaytdi. Yana yuzlab yigit-qizlarimiz Rossiyaning Qozon shahrida bo'lib o'tayotgan MDH o'yinlarida 100 ga yaqin g'oliblik medalini naqd qilib qo'ydi...
MOL TALASh, MAYDON TALASh...
Qayerlardadir mol talash, jon talash... Yana qayerlardadir bir burda nonni bo'lisholmay yoqavayron bo'layotganlar bor. Janubiy Kavkazda esa o'tgan yili maydon talash bo'ldi. Bu — Tog'li Qorabog'.
Urush — tomoshabingagina oson, deyishgani rost. Do'stu birodar davlatlar, qondoshu jondosh xalqlarni bir-biriga qayrayotganlar, o'rtasiga nifoq solayotganlar tomosha talablar emasmi?
Shu tufayli Tog'li Qorabog' qonli Qorabog'ga aylandi. Bir yonda Armaniston, bir tomonda Ozarbayjon! Ikki davlat harbiy kuchlari o'rtasidagi qarama-qarshilik borgan sari keskin tus oldi. Og'ir artilleriya, tanklar, raketa va dronlar ishga tushdi. Eng yomoni, qurbonlar ko'p bo'ldi. Har ikki tomondan jami 10 mingga yaqin askar halok bo'ldi.
Aslida bunday ziddiyatlar avvallari ham bo'lgan. Ammo bu galgisi juda xavfli tus oldi. 1990 yillardan buyon bu erga raketalar kelib tushmagandi. Navbatdagi janglarda esa tinch aholi uylari, ularga tegishli ob'ektlar ham nishonga olindi.
Tinchlik sulhigaku oxir-oqibat erishildi. Tomonlardan biri g'oliblikni, biri mag'lubiyatni tan oldi. Ammo o'rtada qurbon bo'lganlar, katta talafot va adovatlar qoldi.
Afsuski, joriy yilda bunday qonli to'qnashuvlarga yon qo'shnilarimiz — Qirg'iziston va Tojikiston o'rtasida ham guvoh bo'ldik. Ikki tomonning ham vajlari qanchalik o'rinli, sabablari naqadar asosli bo'lmasin, o'rtaga sovuqchilik oralab bo'ldi. Qanchadan-qancha qurbonlar berildi, 100 dan ziyod binolarga o't qo'yildi, maktablar, bog'chalar, do'konlar, mahkamalar alanga ichida qoldi. O'zbekiston ana shu so'nggi mojarolar yuzasidan birinchilardan bo'lib jiddiy xavotir bildirib chiqqan davlat bo'ldi. Vaziyatni tezroq o'nglash uchun qo'ldan kelgan barcha choralarni ko'rdi. Lekin, ming taassufki, o'lganlarni ortga qaytarib bo'lmaydi. So'nggi pushaymon esa o'zimizga dushman.
— Alloh taolo Qur'oni Karimning «Isro» surasi, 83-oyatida tinchlik-osoyishtalik xususida shunday marhamat qilgan, — deydi Qibray tumanidagi To'qaytepa masjidi imom-xatibi Saydullo Mamadaliyev. — «Qachon (Biz) insonga (tinchlik, salomatlik, farovonlikni) in'om etsak, u (shukr qilishdan) yuz o'girib, o'z holicha ketur. Qachon unga (xastalik, kambag'allik kabi) biror yomonlik etsa, noumid bo'lur». Muhaddis bobomiz Imom Buxoriy esa «Qaysi biringiz tongda uyqudan uyg'onganda oilasi tinch, tani sog' va uyida bir kunlik eguligi bo'lsa, bilsinki, unda dunyodagi barcha ne'matlar mujassam ekan», deya rivoyat qilganlar. Ushbu muqaddas bitiklardan kelib chiqadigan yakdil xulosa shunday: tinchlik va osoyishtalik — bashariyatga in'om etilgan ulug' ne'mat. Boshimizga musibat yo kulfat yog'ilmasidan avval uning qadriga etishni o'rganishimiz lozim. Shukronalikning asl mag'zi shu aslida. Dunyoda, yon-atrofimizda yuz berayotgan voqealarni qarang. Qayerdadir masjidu qadamjolar ustiga raketalar kelib tushmoqda. Bizda esa yangi-yangi masjidlar, madrasayu ilm maskanlari qurilyapti. Qaysidir o'lkada turarjoylar, imoratlar vayron qilinyapti. Bizda esa keyingi besh yilning ichida 140 mingdan ziyod arzon va sifatli uy-joylar qurilibdi. Shundan aksariyati turmush sharoiti og'ir oilalarga boshlang'ich badali davlat tomonidan to'lanib, imtiyozli shartlar asosida taqdim etilibdi. Joriy yilning o'zida yana 50 mingga yaqin oila shunday imkoniyatga ega bo'larkan. Endi o'zingiz xolis ayting, tinchlik-osoyishtalik hukm surmagan, inson qadr-qimmati ustuvor bo'lmagan yurtda shunday o'zgarish va yangilanishlarni amalga oshirish mumkinmi?!
HAQ GAP...
Bir kun janjal bo'lgan joydan qirq kun baraka qochadi, deydi xalqimiz. Haq gap. Bu hikmatning isbotini kunda-kunora oynai jahon, internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlar orqali ko'rib, bilib turibmiz. Ayrim davlatlardagi beqarorlik, qurolli to'qnashuvlar oqibatida ming-minglab begunoh odamlar qoni to'kilayotgani, yostig'i quriyotganidan xabardormiz. Ular orasida ayollar, bolalar, keksalar eng ko'p jabr chekayotganiga nima deysiz?! Mana, shu yilning may oyida birgina Isroil-G'azo urushida kamida 65 nafar bola nobud bo'ldi.
...Yakshanba tongi. G'azo shahri markazidagi al-Vihda ko'chasiga Isroil zarba berdi. Raketa hujumidan Al-Kavalik oilasining 13 nafar a'zosi vafot etdi. Qurbonlarning aksariyati bolalar, hatto biri olti oylik chaqaloq...
... Muborak juma. Hayit bayrami arafasi. Muhammad al-Hadidiyning to'rt farzandi — 13 yoshli Suhayb, 11 yashar Yahyo, 8 yoshli Abdurahmon va endigina 6 bahorni qarshi olgan Yashar G'azo shahri tashqarisida yashovchi amakivachchalari uyiga mehmonga borishdi. Biroq ertasi kuni ular turgan bino hujumga uchradi. Honadon ichida bo'lganlardan faqat besh oylik chaqaloq — Umargina omon qoldi. Uni bino ostidan, onasining jasadi yonidan chiqarib olishdi. Shuningdek, uy vayronalari ostidan bolalar o'yinchoqlari, «Monopoliya» taxta o'yini, oshxona stolidagi likopchalarda qolgan, bayram kuni oxirigacha eyilmagan taomlar topildi...
Huddi shunday ayanchli kunlarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev bu ziddiyatlar haqida o'z xulosasini bayon qildi:
«Falastin va Isroildagi voqealar, Al-aqso masjidi atrofidagi harakatlar haqida gapirar ekanmiz, biz faqat tinchlik bo'lishi tarafdorimiz. Albatta, har qanday masala bir stol atrofida o'tirib, murosa qilinsagina hal bo'ladi».
— Urush va notinchlik hukm surayotgan mamlakatlarda odamlarning kelajakka bo'lgan ishonchi so'nib bormoqda, — deydi poytaxtimizdagi «Yangiobod» MFY raisi, «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni sohibasi Manzura Valiyeva — Chunki qonli to'qnashuvlar yuz berayotgan davlatlar iqtisodiy-ijtimoiy jihatdan ellik yil, balki undan ham ko'proq orqaga ketishi bor gap. Shularni yanada teranroq anglatish maqsadida tunov kuni nabiralarimni «Yangi O'zbekiston» bog'iga olib bordim. Mustaqillik monumentini ko'rsatdim. Majmuada buyuk sarkarda va jahongirlar, alloma va mutafakkirlar, jadid bobolarimizning o'lmas siymolari aks ettirilibdi. Mustabid tuzum davridagi og'ir va mashaqqatli hayot, qatag'on siyosati, Ikkinchi jahon urushida xalqimiz ko'rsatgan jasorat va matonat ta'sirchan lavhalarda jamlanibdi. Bularning barchasi xalqimiz, ayniqsa yoshlarimizni tinch va farovon hayotimizni yanada qadrlab yashashga da'vat etishi kerak.
Osoyishta yurtga bayramlar yarashadi, deymiz. Bu — balandparvoz gapga o'xshar ehtimol. Ammo bugun yurtimizda 2017 yilga nisbatan jinoyatlar soni 12 mingtaga kamaygani, joriy yilning olti oyi yakuniga ko'ra, mavjud 9 ming 251 ta mahallaning 50 foizida bironta ham jinoyatga yo'l qo'yilmagani juda quvonchli natija emasmi?! Buning qadrini daydi o'q kelib manglayini teshishidan, xonadoni bombalar ostida qolib ketishidan xavotirlanib va murg'akkina go'dagining yig'isini yana bir bor eshitish umidi bilan yashayotganlar yanada teranroq anglasa ne ajab?!
O'T VA SUV BALOSIDAN ASRASIN!
Bu yilgi yoz har qachongidan issiq keldi. Shunday pallada Eronda ham kuchli qurg'oqchilik kuzatildi. Kunduzlari ko'chaga chiqish imkonsiz. Suv taqchil, chiroq ham tez-tez o'chmoqda. Mamlakat ahli esa ketma-ket oltinchi tunki, ko'chalarga chiqib, hukumatdan suv talab qilayotir.
Shu tariqa norozilik namoyishlari avj oldi. Politsiya yig'inga chiqqanlarni ko'zdan yosh sizdiruvchi gaz bilan haydadi. Huziston, Izeh va Shodigonda to'rt yigit o'qotar quroldan yaralanib, vafot etdi. Huziston so'nggi ommaviy namoyishlar markaziga aylandi. Habarlarga ko'ra, o'sha kunlari bu erda 700 dan ortiq turarjoy mavzesi suv ta'minotidan uzilib qolgan.
Bu kabi ko'ngilsizliklarni yil davomida boshqa mamlakatlarda ham kuzatdik. Gaitida yuz bergan 7,2 balga teng zilzila 2 ming odamning umriga zomin bo'ldi, 10 ming odam jarohatlandi, 100 mingdan ziyod bino vayron bo'ldi.
Germaniya g'arbida yuz bergan suv toshqinlari esa o'sha kunlarda 200 nafarga yaqin kishini hayotdan olib ketdi. Mingdan ziyod odam bedarak yo'qoldi. 40 mingga yaqin avtomobil' shikastlandi, 10 mingta turarjoyga zarar etdi. Mamlakat birgina sanoat sohasida 6,5 milliard AQSh dollari miqdorida ziyon ko'rdi.
Huddi shunday tabiiy ofat turi Rossiya, Ispaniya va boshqa mamlakatlarda ham kuzatildi. Hatto O'zbekiston ham bu yil kuchli yog'ingarchiliklar tufayli kelib chiqqan sel toshqinlaridan jiddiy talafot ko'rdi.
Turkiyada avvalroq yuz bergan suv toshqinlari yuzga yaqin odamning hayotiga nuqta qo'ygan bo'lsa, qariyb 100 ming gektar maydondagi o'rmon yong'inlari o'nga yaqin inson umriga zomin bo'ldi.
— Keksalarimiz suv va o't balosidan asrasin, deb duo qilishi bejiz emas, — deydi Kattaqo'rg'on tumanining «Mo'minxo'ja» mahallasida yashovchi 83 yoshli otaxon Mamatkarim Aslonov. — Hozir dunyoda bo'layotgan tabiiy ofatlar haqida eshitib, yuragim ezilib ketadi. Biz qiyin davrlarda yashaganmiz. Og'zimiz oshga etganidan xursand edik. Maktabga akamiz yo opamizning yirtiq kalishini sudrab borsak ham, hayotimizdan nolimaganmiz. Hozir esa yoshlar uchun hamma narsa muhayyo. Mana, nabiralarimdan biri Amerikada o'qiyapti. Yana biri kecha qaysidir xalqaro universitetga kirdim, deb suyunchilab keldi. O'g'illarimning hammasi uyli-joyli, mashinali. Kasb-koriga baraka bersin! Lekin, kuzatsam, hozirgi avlod juda sabrsiz bo'lib borayotganday. Uch-to'rt soat chiroq o'chsa bormi, dunyo ko'ziga qorong'i bo'lib ketadi. Aqli etsa-etmasa, siyosatga ham bir tosh otib o'tadi. Ey nodon, deyman, shundaylarga ro'para kelsam, to'rt-besh yil oldin daming ichingda edi, kunlab chiroq bo'lmasayam, oyliging oylab kechiksayam, g'ing deya olmasding, mana, endi topganingga baraka kirdi, eganing oldingda, nimadan noliysan, deb so'rasam, elka qisadi. Ba'zan juda noshukr bo'lib ketayotgandaymizda, bolam. Hudoning qahri kelmasa, bo'ldi...
«FITNA NAZARIYaSI» QURBONLARI...
Ikkinchi jahon urushida sayyoramizdagi mavjud 73 davlatdan 61 tasi ishtirok etgan. 110 milliondan ziyod askar jalb qilingan jangu jadallarda 25 millionga yaqin harbiy halok bo'lgan. Bu — insoniyat tarixidagi eng mudhish urush oqibatlariga doir muxtasargina ma'lumot.
Ammo ikki yil avval bashariyat ro'baro' kelgan «SOVID-19» atalmish ofat ko'lami bundan ziyod bo'lsa borki, aslo kam emas. Qarang, Ikkinchi jahon urushida jami 73 davlatdan 110 million askar qatnashgan bo'lsa, koronavirus er yuzining barcha hududlarini to'liq qamrab oldi. 225 million kishi shu xastalikka chalindi. Kasallikdan vafot etganlar soni esa qariyb 4 million 700 ming nafarga etdi. Eng yomoni, bu ofat millat ham, mamlakat ham, naslu nasab ham tanlab o'tirgani yo'q, uchraganning bo'g'ziga yopishyapti. Pandemiya qayerdadir bir muddat susayganday bo'ldiyu, qayerdadir avj olaverdi.
Mana, bir necha oy oldin internetda tarqalgan xabardan iqtibos keltiramiz:
“...Indoneziyada ahvol og'ir. «COVID»dan o'lganlarni tuproqqa qo'yish uchun odam ham, qabriston ham etishmayapti. Bir kun oldin 2000 mingdan ortiq o'lim holati kuzatildi va kunlik rekord qayd qilindi. Kasallik yuqtirish ko'rsatkichlari ham oshdi.
O't o'chiruvchilar va politsiya xodimlari uyda o'layotganlarning jasadlarini dafn qilishga jalb qilindi. Ularning ko'pchiligi allaqachon to'lib qolgan shifoxonalardan ortga qaytarilgan. Hukumat Jakartaning o'zida «SOVID-19» qurbonlari uchun kamida 7 ta qabriston tayyorladi.
«Mening ortimdagi ekskavator yangi qabrlar qazimoqda, ikkinchi ekskavator esa jasadlarni ko'mmoqda. Ikkalasi ham bir vaqtda ishlayapti. Jasadlarni tashiyotgan «Tez yordam» mashinalari ketma-ket kelayotir. Bu erdagi ishchilar kuniga 200 dan ortiq jasadni ko'mishi mumkin...&
Shukrki, O'zbekiston pandemiya bilan bog'liq sinovlarni mardonavor engib o'tmoqda. Asta-sekin kasallanish ko'rsatkichlari ham pasaymoqda. Davlatimiz buning uchun mavjud kuch va imkoniyatlarini to'liq safarbar etdi. Trillionlab mablag'lar pandemiya sharoitida yurtdoshlarimizni moddiy va ma'naviy qo'llab-quvvatlashga yo'naltirildi.
Muhimi, bugun koronavirusga qarshi ta'sirchan vositalar bor. Vaktsina zaxiralari etarlicha g'amlab qo'yilayotir. Lekin shunga qaramay, oramizda “COVID-19» bir chetda qolib, «fitna nazariyasi» qurboniga aylanayotgan ko'payib borayotgani achinarli. «Emlansangiz, o'lasiz», «Vaktsina tarkibida chip bor ekan» qabilidagi yolg'on-yashiq xabarlar, uydirmalar hatto ba'zi aqlu hushi joyida insonlarimiz ongini ham zaharlab ulgurgani barchamizni tashvishga solmay qo'ymaydi.
«Fitna nazariyasida «qudratli shaxslarning yashirin guruhi tomonidan ishlab chiqilgan yovuz reja» yuqori ta'sir kuchiga ega bo'ladi, — deydi Londondagi Open universiteti olimi Jovan Biford. Yana uning qayd etishicha, bu nazariya «ommani avrash» yoki «manipulyatsiya» qilish, ilm-fan, hukumat yoki media tashkilotlar orqali amalga oshirilishi mumkin.
Shu o'rinda keksa hind donishmandining nabirasiga bergan o'giti yodga tushadi:
— Har bir odam vujudida ikki bo'rining kurashiga o'xshash jang ketadi. Bitta bo'ri yovuzlikni anglatsa, boshqa bo'ri yaxshilikni ifodalaydi.
Bobosining so'zlaridan ajablangan nabira so'raydi:
— Oxirida qaysi bo'ri g'olib chiqadi?
Keksa hind tabassum bilan javob qiladi:
Sen boqqan bo'ri doim g'alaba qozonadi, bolam.
Qissadan hissa shuki, bugun O'zbekiston yangilanish davriga qadam qo'ygan. Davlatimiz ochiq, pragmatik va amaliy tashqi siyosat yuritib kelayotir. O'tgan qisqa davrda erishganlarimiz ko'p. Kelgusida hal etiladigan muammolarimiz ham talaygina. Buni davlatimiz rahbarining o'zi tan olib aytmoqda. Ammo hamjihat bo'lmas ekanmiz, oldinga siljishimiz juda qiyin kechadi. Tirnoq ichidan kir qidirish oson. Ammo shu yurt ravnaqi uchun bir ish qilishga qodir bo'lmasak, bora-bora tarqoq elga aylanamiz. Dushman maxf etish uchun izlaydigan nozik nuqtalardan biri — aynan shu! Jilla qursa, Vatanimizdagi tinchlik-osoyishtalikning qadriga etishimiz shart! Zotan, ichimizdagi yovuz bo'rini o'ldirish fursati keldi. Bu bo'rining otini Shayton deymiz!
Farrux BO'TAYeV,
jurnalist
UzA
Mana, bu yilgi Haj safarini ado qilish uchun yurtimizdan otlangan barcha ziyoratchilar muqaddas amallarni bajarib, eson-omon vatanga qaytdilar. Bu ulug‘ safar nihoya topgan bo‘lsada, uning xotirasi doimo yodda qoladi.
Yurtimizdan 15 000 dan ziyod, Farg‘ona viloyatidan esa 1600 dan ortiq mo‘min-musulmonlar Haj amallarini ado etdilar. Ziyoratda bo‘lgan hojilarning ayrimlari taassurotlarini bo‘lishdi.
Ibrohimjon Rustamov:
– Hojilarning ulug‘ safarga yo‘l olishida hujjat ishlaridan tortib, shifokor ko‘rigidan o‘tishgacha barcha jarayonlar tizimli va xavfsiz tashkil etildi. Madinai munavvaraga kelib, amallarni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ravzalariga kirish bilan boshlash biz uchun juda xursandlik bag‘ishladi. O‘zimizning va yuborilgan salomlarni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hamda hazrati Abu Bakr va Umar roziyallohu anhularga yetkazdik. Duolarda yurtimiz tinchligi, el farovonligi, yaqinlarimiz va barcha yurtdoshlarimizning xayrli holati uchun iltijo qildik.
Ziyoratlar chog‘ida Uhud va Qubo masjidi, ikki qiblali masjid va boshqa muqaddas joylar sayohat qilindi. Ilmiy suhbatlar va tarixiy voqealar qalbimizga chuqur ta’sir qildi. Madinadagi vaqtimiz ibodat bilan o‘tdi.
Makkai mukarramaga avtobuslarda “Labbayka” sadolari ostida yo‘l oldik va shu kuniyoq guruhimiz bilan to‘liq Umra ibodatini ado etdik. Mino, Arofot, Muzdalifa va Ka’ba atrofidagi ibodatlar davomida jamoaviy duo va zikrlar bilan tavof qilish, guruhimiz tartibi hamda birdamligi boshqalar uchun ham ibrat bo‘ldi.
Shu ulug‘ safarda o‘zimni musulmon va o‘zbekistonlik sifatida baxtli his etdim. Hotirjam ibodat qilishimga yaratilgan imkoniyatlar uchun yuragimdan shukronalar aytdim. Guruhimizdagi har bir ziyoratchi yurt tinchligi, oilalar barakati, farzandlar saodati uchun chin dildan duo qildi.
Bu safar biz uchun buyuk imkoniyat bo‘ldi. Barcha tashkilotchilar, yo‘lboshchilar, xizmatchilar va, albatta, davlatimiz rahbariyatiga chuqur minnatdorlik izhor etamiz. Kelgusida manaviyat targ‘ibotchisi sifatida vatanimga va xalqimga sidqidildan xizmat qilishda davom etaman, insha Alloh.
Qurbonali Aripov:
— Haj safari juda chiroyli o‘tdi. Juda ham hursandmiz. Prezidentimizga shunday sharoitlarni yaratib berganliklari uchun minnatdorchilik bildiramiz. Yurtimiz uchun duolar qildik, muqaddas ziyoratni ado etishga imkon bo‘lgan kunlarga shukronalar aytamiz. Endilikda mahallamizda yoshlarga ta’lim-tarbiya berishda, ma’naviyat targ‘ibotida faol ishtirok etamiz. Ezgu ishlarga bosh-qosh bo‘lishga harakat qilamiz.
Hojilarning ulug‘ safarga kelishida hujjat tayyorlashdan tortib shifokor ko‘rigidan o‘tishda tizimli ish tashkil etib, namunali holda xavfsizligimizni ta’minlab, bizni safarga kuzatishdi.
Tolibjon O‘rmonov:
— Men avval ziyoratga borganlardan eshitgan-bilganlarimga taqqoslasam, buyilgi ziyorat umuman o‘zgacha bo‘ldi. Ishchi guruh, elikboshilar xizmatini alohida qayd etish kerak. Davlat rahbarining hojilarga bergan e’tibori hammani xursand qildi.
Muborakxon Inomova:
— Taassurotlarimni til bilan ifodalay olmayman, Madinai munavvara, Makkai mukarrama kabi ulug‘ dargohlarga avvalo qadamim yetgani men uchun katta baxt. Ayniqsa, yurtboshimizni bizni ortimizda turib hol-ahvol so‘ragani, bizga tabrik yo‘llaganlaridan ko‘zimga yosh oldim. Juda ham quvondim, shunday prezidentim borligidan.
Qaysi bir hoji bilan suhbatlashmang yuzida xursandchilik va shukronalik ifodasini ko‘rasiz. Alloh barchalarini ibodatu duolarini qabul qilsin!
Rahmatulloh Jalilov
tayyorladi